Maktab yoshidagi bolalarni ta’limga qamrab olish tuman (shahar) hokimlarining qarori bilan maktablarga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida maktab pedagog xodimlari tomonidan bolalarni birma-bir (uyma-uy) ro‘yxatga olish orqali amalga oshiriladi.
- Maktab rahbariyati mazkur muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni o‘z vaqtida umumta’lim muassasasiga o‘qishga jalb qilish uchun mas’ul hisoblanadi.
- Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar ular etti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi.
1-sinfga qabul jarayonlari 2 bosqichda amalga oshiriladi:
- 1-bosqich: 20 iyundan 31-iyulgacha mikrozonada,
- 2-bosqich: 1-avgustdan 15-avgustgacha mikrozonadan tashqarida.
1-sinfga qabul jarayonlari davlat xizmatlari orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
20 iyundan boshlab ota-onalar my.maktab.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishlari va ariza topshirishlari shart. Davlat xizmatlari ko‘rsatilmaydigan hududlarda 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilar vazirlikning elektron tizimiga (adm.maktab.uz) kiritiladi.
Bolalarni maktablarning 1 sinfiga qabul qilish uchun ularning ota-onalari tomonidan maktabga quyidagi hujjatlar topshiriladi:
- ota-onalar tomonidan maktab direktori nomiga ariza;
- bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma;
- bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati.
- Ota-onaning boshqa hududda yashashi (propiskaning yo‘qligi) bolani maktabga qabul qilishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi.
- Bolalar umumiy maktablarning 1 sinfiga tayyorgarlik darajasidan qat’i nazar, tanlovsiz qabul qilinadi.
Oʻquv yili umumtaʼlim muassasalarida 2-sentyabrdan kelgusi yilning 25-mayiga qadar davom etadi va toʻrtta chorakka boʻlinadi.
Oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etishda quyidagi muddatlarga amal qilinadi:
► oʻquv yilining davomiyligi — 34 hafta (I sinflar uchun 33 hafta);
► oʻquv haftasining davomiyligi — 6 kun (pedagogik kengashning qaroriga koʻra I sinflar uchun 5 kun);
► dars mashgʻulotining davomiyligi — 45 daqiqa;
► dars mashgʻulotlari oraligʻidagi tanaffusning davomiyligi — 5 — 10 daqiqa (oʻquv kuni oʻrtasidagi tanaffusning davomiyligi — 15 — 30 daqiqa).
Mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida bayram (ishlanmaydigan) kuni deb belgilangan kunlarda dars mashgʻulotlari oʻtkazilmaydi.
Bayram (ishlanmaydigan) kunlariga toʻgʻri kelib qolgan dars mashgʻulotlarining mavzulari oʻquv dasturlarini ixchamlashtirgan holda keyingi dars mashgʻulotlarida oʻtkaziladi.
Maktabda sinflardagi bolalar soni 35 nafardan ortib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kam komplektli umumtaʼlim muassasalarida (filiallarda) boshlangʻich sinf oʻquvchilari quyidagi hollarda bitta sinfga birlashtirilishi mumkin:
► oʻquvchilar soni 8 nafargacha boʻlgan I — IV sinflar;
► oʻquvchilar soni 12 nafargacha boʻlgan uchta boshlangʻich sinf;
► oʻquvchilar soni 24 nafargacha boʻlgan ikkita boshlangʻich sinf (I va III, II va IV sinflar).
Oʻquv yili davomidagi taʼtillarning muddatlari quyidagicha belgilanadi:
► kuzgi taʼtil — 4 noyabrdan boshlab 6 kalendar kun;
► qishki taʼtil — 28 dekabrdan boshlab 14 kalendar kun;
► bahorgi taʼtil — 21 martdan boshlab 7 kalendar kun;
► yozgi taʼtil — oxirgi bosqichli nazorat sinovi oʻtkazilgan kundan (bosqichli nazorat oʻtkazilmaydigan sinflar uchun oʻquv yili tugagan kundan keyingi kundan) boshlab 1-sentyabrgacha.
Taʼtilning oxirgi kuni bayram (ishlanmaydigan) kunga toʻgʻri kelib qolgan taqdirda, dars mashgʻulotlari keyingi ish kunidan boshlab davom ettiriladi.
I sinf oʻquvchilari uchun fevral oyi davomida qoʻshimcha bir haftalik taʼtil belgilanadi.
Oʻquvchilarga tibbiy xizmat koʻrsatish maktablarga tibbiyot muassasalari tomonidan biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiyot xodimlari maktab rahbariyati va pedagog xodimlar bilan bir qatorda davolash-profilaktika tadbirlarini tashkil etish, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya qilish, ovqatlanish rejimi va sifatiga, oʻquvchilarni tibbiy koʻrikni oʻtkazish va sogʻlomlashtirish uchun masʼuldirlar.
Maktab rahbariyati tomonidan tibbiyot xodimlarining faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar (maxsus joy, mebel va tibbiy jihozlar, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur boʻlgan dori-darmonlar) yaratib beriladi.
Ota-onalar oʻquv yili davomida yoki u tugaganidan soʻng farzandini bir maktabdan boshqasiga oʻtkazish huquqiga ega.
Buning uchun quyidagi harakatlarni amalga oshirish lozim:
1. Farzand ta’lim olayotgan maktab direktori nomiga ariza beriladi. Arizada farzandini boshqa maktabga o‘tkazish sabablari ko‘rsatiladi.
- Mazkur ariza 1 ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, o‘qish ko‘chirilayotgan maktabga taqdim etish uchun tegishli shaklda maktabdan ketish taloni beriladi.
2. O‘qish ko‘chirilayotgan maktab direktoriga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi.
- Arizaga maktabdan ketish taloni va yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan ma’lumotnoma ilova qilinadi.
- O‘qish ko‘chirilayotgan maktab direktori ariza va maktabdan ketish talonini qabul qilib olingan kunning o‘zida ota-onalarga o‘quvchi ta’lim olayotgan maktabga taqdim etish uchun maktabga kelish talonini berishi lozim.
3. Farzand o‘qiyotgan maktab direktoriga maktabga kelish talonini berish lozim.
- Bunda shu kunning o‘zida o‘quvchini maktab o‘quvchilari safidan chiqarish to‘g‘risida buyruq qabul qilinadi.
4. Hujjatlarni o‘qish ko‘chirilayotgan maktab direktoriga topshirish lozim. Bunda shu kunning o‘zida o‘quvchini maktab o‘quvchilari safiga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqariladi.
- Ota-onalar farzandini sinfdan sinfga o‘tkazish uchun uning sabablarini ko‘rsatgan holda maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat qiladi. Ariza bir ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va o‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq qabul qiladi.
- Sinfdagi o‘quvchilar soni belgilangan me’yordan ortiq bo‘lgan taqdirda, maktab direktori o‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazishni rad qilinishi mumkin.
O‘quvchilarni ma’lum fanga bo‘lgan iqtidor va iste’dodini rivojlantirish maqsadida ixtisoslashtirilgan sinflar, maktablar (maktab-internat) tashkil etildi.
Tanlov tashkil etish
Tanlovda ishtirok etish uchun o‘quvchilardan ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi (ixtisoslashtirilgan sinfi mavjud umumta’lim maktabi) direktori nomiga ariza qabul qilinadi.
O‘quvchilarni 5 va 7-sinfga qabul qilish uchun Davlat test markazi tomonidan quyidagi fanlarning tegishliligi bo‘yicha bittasidan test sinovlari o‘tkaziladi.
Ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga tanlovlarda to‘plagan balining 10 foizi miqdorida imtiyoz sifatida qo‘shib beriladi.
Prezident maktablarini tashkil etishning maqsadi iqtidorli bolalarni aniqlash, ta’lim jarayonida ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda ularni o‘qitish va tarbiyalash bo‘yicha yaxlit tizim yaratish, iste’dodli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ma’nan etuk va intellektual jihatdan barkamol avlodni shakllantirishdan iborat.
- Prezident maktablariga belgilangan yillik qabul kvotasi doirasida (ikkita sinfga bir xil — 12 nafardan o‘quvchi taqsimlangan, 24 nafar o‘quvchidan iborat) o‘quvchilar qabul qilinadi.
- Prezident maktablarida umumiy o‘rta ta’lim olish bepul amalga oshiriladi.
Prezident maktablarida ta’lim jarayoni umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari hisobga olingan holda, umumiy o‘rta ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashtirilgan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladigan hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Prezident maktablarining 11-sinf bitiruvchilari tanlangan fanlar asosida xalqaro malaka imtihonlarini (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels) topshirish huquqiga ega bo‘ladilar va ulardan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda, etakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatini taqdim etuvchi xalqaro diplom oladilar.
O‘quvchining bir yoki bir nechta fanlardan reyting natijasi pasaygan taqdirda, u bilan individual ish olib boriladi.
- Prezident maktablariga respublika umumta’lim muassasalarining to‘rtinchi (birinchi o‘quv yilida — to‘rtinchi — to‘qqiz) sinf bitiruvchilari orasidan qobiliyatli va iqtidorli (baholar tabeli asosida tegishli STEAM fanlari (matematika, biologiya (tabiatshunoslik), informatika va axborot texnologiyalari, fizika, algebra, geometriya, kimyo) bo‘yicha a’lo bahoga tugatgan) bolalar tanlov asosida qabul qiladi.
- Prezident maktablariga qabul jarayonida o‘quvchilardan a’lo baho talab etiladigan STEAM fanlarining (sinflar kesimida) tegishli ro‘yxati vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.
- Hujjatlarni qabul qilish boshlanishidan kamida 10 kalendarь kun oldin ishchi organ tomonidan ommaviy axborot vositalarida Prezident maktablariga qabul qilish tartibi, hujjatlarni topshirish muddatlari va kvotalari to‘g‘risida ma’lumot e’lon qilinadi.
- Chet el fuqarolari Prezident maktabiga hujjatlarni topshirish huquqiga ega emas.
O‘quvchining ota-onasi (qonuniy vakillari) Qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- maxsus shakldagi ma’lumotnoma (ma’lumotnoma namunasini mana bu erdan olish mumkin;
- talabgorning tug‘ilganlik haqida guvohnoma nusxasi;
- o‘quv yili natijasiga ko‘ra, talabgorning baholar tabelining maktab direktori tomonidan tasdiqlangan nusxasi.
Prezident maktablariga kirish imtihonlari ikki bosqichda o‘tkaziladi:
1-bosqich — matematika fanidan 30 ta topshiriqdan iborat test shaklida o‘tkaziladi. Belgilangan vazifani bajarish uchun 90 daqiqa vaqt ajratiladi;
- birinchi bosqich natijasiga ko‘ra qabul kvotasida belgilangan har bir o‘ringa 20 kishi hisobidan maksimal talabgorlar 2-bosqichda ishtirok etishga ruxsat etiladi;
2-bosqich — axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash bo‘yicha — 16 ta masala;
- mantiq elementlari bo‘lgan matematika fanidan — 24 ta masala;
- ingliz tilidan — 55 ta test.
2-bosqich kirish imtihonlari uchun jami 150 daqiqa vaqt ajratiladi.
Prezident maktablariga arizalar qabuli 1-iyundan 20 iyungacha bo‘lib o‘tadi.
- Maktabga qabul qilish uchun arizalarni elektron yuborish.
1. Bolalarni 1-sinfga qabul qilish faqat onlayn amalga oshiriladimi?
Yo‘q, bolalarni davlat maktablariga 1-sinfga qabul qilish 2 xil usulda:
– maktablar tomonidan ro‘yxatga olish;
– onlayn ariza berish orqali amalga oshiriladi.
Har ikkala holatda ham qabul bepul amalga oshiriladi.
1-sinfga onlayn hujjat qabul qilinadigan hududlar ro‘yxati bilan bu erda tanishish mumkin.
Boshqa hududlarda esa bolalarni maktablar tomonidan ro‘yxatga olish asosida 1-sinfga qabul amalga oshiriladi.
2. Bola necha yoshdan 1-sinfga qabul qilinadi?
1-sinfga bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi. Bu yil
1-sinfga 2018-yilning 31 dekabrigacha tug‘ilgan bolalar qabul qilinadi.
3. Onlayn hujjat topshirish tartibi qanday?
Hujjatlar 20 iyundan 31-iyulgacha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining – https://my.maktab.uz/ hamda my.gov.uz portallari orqali qabul qilinadi.
Ariza berilayotganda bola o‘qiydigan ta’lim tili tanlanadi. Agar tanlangan maktabda bola o‘qishni istagan til bo‘yicha sinf bo‘lmasa, bola yaqinroq hududda joylashgan boshqa maktabga biriktiriladi.
4. Ariza qanday holatlarda rad qilinadi?
Ariza 3 kunda ko‘rib chiqiladi. Arizaga noto‘g‘ri ma’lumotlar kiritilgan bo‘lsa (masalan, yashash joyi, bolaning yoshi), ariza rad qilinadi. Arizani rad qilishda undagi kamchiliklar ko‘rsatilib, ariza beruvchiga xabar qilinadi. Ariza beruvchi mazkur kamchiliklarni bartaraf qilib qayta ariza yuboradi.
5. Ariza qabul qilingandan keyin nima qilish kerak?
Onlayn ariza qabul qilingach, elektron portal orqali bolani maktabga olib borish bo‘yicha elektron navbat beriladi.
Ota-onalar yoki boshqa ma’sul shaxslar elekton navbatda ko‘rsatilgan muddatda bola bilan maktabga boradi, bunda bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma ham olib borish kerak.
Maktabda 1-sinfga qabul qilish bo‘yicha 5 kishidan iborat qabul komissiyasi tuziladi va ular bolani 1-sinfga qabul qilish bilan bog‘liq ishlarni rasmiylashtiradi.
6. Onlayn ariza bermaydigan hududlarda qabul qanday bo‘ladi?
Onlayn hujjat topshirmaydigan hududlarda har bir bola maktab tomonidan ro‘yxatga olinadi.
Ularning hujjatlari ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan maktabga borib topshiriladi.
Bunda quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
direktor nomiga ariza;
bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma;
bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati.
7. Bolalar imtihon topshiradimi?
Umumiy qoidaga ko‘ra, bolalar 1-sinfga tayyorgarlik darajasidan qat’i nazar, tanlovsiz qabul qilinadi.
Ayrim istisnolar mavjud, masalan, musiqa va san’atga ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilishda bolaning qobiliyati sinovdan o‘tkaziladi.
8. O‘qish boshqa tilda olib boriladigan tillar bo‘yicha suhbat o‘tkaziladimi?
Ha, o‘qish boshqa tilda (rus, ingliz) bo‘ladigan maktablarda bola bilan suhbat jarayonida bolaning tanlagan tilda boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega ekanligini o‘rganiladi.
Bola tanlagan tilda boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega bo‘lmasa, qabul komissiyasi bolani so‘zlashuv ko‘nikmasiga mos sinfga yoki boshqa maktabga joylashtirish chorasini ko‘radi.
Bolaning boshqa tildagi ko‘nikmasini o‘rganish bo‘yicha savolnoma Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi va har yili 20 iyungacha maktab binosiga osib qo‘yilishi shart.
9. Bolani maktabga qabul qilish rad etilishi mumkinmi?
Ha, mumkin, qabul komissiyasi quyidagi holatlarda bolalarni maktabga qabul qilishni rad etishi mumkin:
tibbiy ma’lumotnomada maktabda o‘qish tavsiya etilmagan bo‘lsa;
tanlagan tilda bola boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega bo‘lmasa;
berilgan ma’lumotlar noto‘g‘riligi aniqlansa.
Boshqa holatlarda bolalarni maktabga qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kamchiliklar bartaraf qilinganib qayta hujjat topshirish mumkin.
10. Bolani biriktirilgan maktabdan boshqa maktabga joylashtirish mumkinmi?
Ha, mumkin. Maktablarning imkoniyatidan kelib chiqib mikrohududdan tashqaridan qo‘shimcha bolalar qabul qilinishi mumkin.
O‘quvchi o‘rniga nisbatan ta’lim olayotgan o‘quvchilar soni ko‘p bo‘lgan maktablarda mikrohududdan tashqaridan qo‘shimcha bolalar qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mikrohududdan tashqaridan bolalar 1-sinfga har yili 1 – 15-avgust kunlari qabul qilinadi.
Ota-onalar yoki boshqa mas’ullar yuqoridagi muddatda bo‘sh joy bo‘lgan maktablarni my.gov.uz yoki my.maktab.uz portallari orqali tanlab ariza yuboradi.
Ariza 1 kunda ko‘rib chiqilib bola maktabga qabul qilish yoki rad etish haqida qaror qabul qilinadi.
Bola maktabga qabul qilinsa, ota-onalar yoki boshqa mas’ullar bolaning sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotnomani avvalgi maktabdan olib yangi maktabga topshiradi.
Bolani maktabga qabul qilish rad qilinsa, o‘zi biriktirilgan hududdagi maktabga yo‘naltiriladi.
Onlayn hujjat topshirmaydigan hududlarda, boshqa mikrohududdagi maktabga hujjat topshirish ota-onalar yoki boshqa mas’ullarning maktabga shaxsan borishlari orqali amalga oshiriladi.
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari taʼlim-tarbiya berish, korreksiyalash va davolash-sogʻlomlashtirish muassasalari hisoblanadi hamda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarning umumiy oʻrta taʼlim olishda va ularni bilish imkoniyatlariga muvofiq tarbiyalashda, ularning jamiyatga moslashuvi va integratsiyalashuvida koʻmaklashish, shuningdek, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga farzandlarini tarbiyalash va ularga taʼlim berishda yordam koʻrsatish maqsadida tashkil etiladi.
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari, ularning ixtisoslashuviga muvofiq quyidagi (I — VIII) turlarga boʻlinadi:
I — kar (eshitmaydigan) bolalar uchun maktab-internatlar;
II — zaif eshitadigan va keyinchalik kar boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlar (1, 2-boʻlim);
III — koʻzi ojiz (koʻr) bolalar uchun “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar;
IV — zaif koʻradigan va keyinchalik koʻr boʻlgan bolalar uchun “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar;
V — nutqida ogʻir nuqsonlar boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlar;
VI — tayanch-harakat apparatida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlar;
VII — psixik rivojlanishi sust boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlar;
VIII — aqli zaif bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlar.
Oʻquvchilarni sinfdan sinfga, bir maktab-internatdan boshqa maktab-internatga va maktab-internatdan maktabga oʻtkazish masalalari umumiy oʻrta taʼlimning majburiyligi hamda Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi shaxslarning taʼlim olish tilini erkin tanlash huquqini inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
Oʻquvchilarni sinfdan sinfga, bir maktab-internatdan boshqa maktab-internatga va maktab-internatdan maktabga oʻtkazish bepul amalga oshiriladi.
Sinfdan sinfga oʻtkazish
Oʻquvchining ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻz xohishiga koʻra oʻquv yili davomida yoki u tugaganidan soʻng farzandini sinfdan sinfga oʻtkazish huquqiga ega.
Ota-onalar farzandini sinfdan sinfga oʻtkazish uchun uning sabablarini koʻrsatgan holda maktab-internat direktori nomiga ariza bilan murojaat qiladi.
Maktab-internat direktori arizani qabul qilib olgan kundan boshlab bir ish kuni ichida koʻrib chiqadi va oʻquvchini sinfdan sinfga oʻtkazish toʻgʻrisida buyruq qabul qiladi.
Bir xil turdagi boshqa maktab-internatga oʻtkazish
Ota-onalar oʻz xohishiga koʻra oʻquv yili davomida yoki u tugaganidan soʻng farzandini bir maktab-internatdan bir xil turdagi boshqa maktab-internatga oʻtkazish huquqiga ega.
Ota-onalar farzandini bir maktab-internatdan bir xil turdagi boshqa maktab-internatga oʻtkazish uchun uning sabablarini koʻrsatgan holda oʻquvchi taʼlim olayotgan maktab-internat direktori nomiga ariza bilan murojaat qiladi.
Ariza maktab-internat direktori tomonidan bir ish kuni ichida koʻrib chiqiladi va oʻqishni davom ettirish uchun tanlangan maktab-internatga taqdim etish uchun maktab-internatdan belgilangan shakldagi ketish taloni beriladi.
Maktab-internat direktori oʻquvchini maktab-internat oʻquvchilari safidan chiqarish toʻgʻrisidagi buyruq bilan ota-onalarni tanishtirganligi toʻgʻrisida imzo qoʻydirib, ularga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi va hujjatlar berilganligi toʻgʻrisida tilxat oladi:
oʻquvchining maktab-internat oʻquvchilari safidan chiqarilganligi toʻgʻrisidagi buyruqdan koʻchirma;
oʻquvchining baholar (oʻzlashtirish) tabeli;
oʻquvchining tibbiy kartasi;
Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy boshqarmalari huzurida tashkil etilgan psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaning oʻquvchini maktab-internatga yuborish uchun asos boʻlgan xulosasi;
xalq taʼlimi boshqarmasining oʻquvchini maktab-internatga yuborish toʻgʻrisidagi yoʻllanmasi.
Sanatoriy turidagi maktab-internatlar oxirgi 5 yilda 3 yoshdan 16 yoshgacha bolalar oʻrtasida tegishli kasalliklarning koʻpayganligini koʻrsatadigan rasmiy statistika maʼlumotlariga asosan xalq taʼlimi va sogʻliqni saqlash boshqarmalari taqdimnomasiga moliya boshqarmalarining ijobiy xulosasi berilgan taqdirda viloyatlar va Toshkent shahar hokimi tomonidan tashkil etiladi.
Sanatoriy turidagi maktab-internatlarda oʻquvchilar bepul umumiy oʻrta taʼlim, bepul tibbiy xizmat hamda bepul oziq-ovqat bilan taʼminlanadi.
Sanatoriy turidagi maktab-internatga bolalar 7 yoshdan boshlab qabul qilinadi.
Sanatoriy turidagi maktab-internatlari quyidagi turlarga bo‘linadi:
- skolioz bilan kasallangan bolalar uchun sanatoriy turidagi maktab-internatlar;
- sil va nafas olish organlarining surunkali kasalliklari xavfi bo‘lgan guruh bolalari uchun sanatoriy turidagi maktab-internatlar.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga ularning turiga muvofiq holda:
- I—IV daraja skolioz bilan kasallangan;
- sil va nafas olish organlarining surunkali kasalliklariga chalingan, alohida shart-sharoitlarda davolash va sog‘lomlashtirishga muhtoj bo‘lgan maktab yoshidagi bolalar qabul qilinadi.
Sanatoriy turidagi maktab-internatlarga quyidagilar qabul qilinmaydi:
- aqli zaif bolalar;
- xulq-atvorida og‘ir buzilishlar, hissiy-irodaviy sohasida (organik) nuqsonlari bo‘lgan bolalar;
- yurak-qon tomiri kasalliklari bor bolalar;
- tayanch-harakat apparatida nuqsoni bo‘lgan, mustaqil ravishda harakatlana olmaydigan va o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsata olmaydigan bolalar;
- ko‘r-kar-soqov bolalar;
- tez-tez takrorlanadigan epileptik tutqanoqdan aziyat chekadigan (epileptik dementsiya, kunduzgi va tungi vaqtlarda tutqanog‘i tez-tez takrorlanadigan) bolalar;
- markaziy asab tizimiga shikast etganligi tufayli siydik va najasini ushlab turolmaydigan bolalar.
Mazkur toifadagi bolalar imkoniyati cheklangan bolalarga mo‘ljallangan maktablarda yoki uyda ta’lim oladi.
Bolalarni sanatoriy turidagi maktab-internatlar yuborish xalq ta’limi boshqarmalari tomonidan, boshqarmalar huzurida tashkil etilgan psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasiga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar roziligi bilan amalga oshiriladi.
Sanatoriy turidagi maktab-internatlarga yo‘llangan har bir bolaga ota-onalari (chin etim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun — vasiylik va homiylik organlari) tomonidan shaxsiy hujjatlar yig‘majildi rasmiylashtiriladi va taqdim etiladi.
Bolaning shaxsiy hujjatlar yig‘majildida quyidagi hujjatlar bo‘ladi:
- ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning arizasi;
- psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosalarining ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasiga yo‘llangan bola bilan olib boriladigan ta’lim-tarbiyaviy va davolash-tuzatish bo‘yicha tavsiyalari aks etgan bayoni;
- tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;
- ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatlar;
- o‘qish joyidan ta’limning muddati, o‘quv fanlarini o‘zlashtirishi va xulq-atvori, bolaga yakka tartibda ko‘mak berish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarning batafsil tahlili aks ettirilgan ma’lumotnoma va tavsifnoma;
- bolaning yashash joyidagi shifoxona bosh vrachi tomonidan imzolangan, uning rivojlanishi tarixidan mufassal ko‘chirma:
- pediatrning bolaning umumiy rivojlanishi holati to‘g‘risidagi xulosasi;
- psixonevrologning tibbiy tashxis bilan asoslangan va bolaning aqliy rivojlanishiga tavsifi bilan xulosasi;
- otorinolaringologning quloq, tomoq, burun va talaffuz artikulyatsiyasida ishtirok etuvchi organlarning holatiga tavsifi bilan xulosasi;
- oftalьmologning ko‘rish organiga tavsifi bilan xulosasi;
- ortoped vrachning xulosasi (tayanch-harakatlanish apparatida nuqsoni bo‘lgan, skoliozga chalingan bolalar uchun);
- vrach-ftiziatrning xulosasi (tuberkulez va nafas olish organlarining surunkali kasallanishi xavfi ostidagi bolalar guruhlari uchun).
Sanatoriy tipidagi maktab-internatlarda o‘qitish umumiy o‘rta ta’lim o‘quv rejalari va ta’lim dasturlari asosida olib boriladi.
Sanatoriy tipidagi maktab-internatlarda bolalar 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddat bo‘lishi mumkin.
Sanatoriy tipidagi maktab-internatlarda sil va nafas olish organlarining surunkali kasalliklari rivojlanishi xavfi mavjud guruhdagi bolalar uchun sinflar va tarbiyalanuvchilar guruhi to‘ldirilishi kamida 25 nafarni, skolioz bilan kasallangan bolalar uchun sinflar va tarbiyalanuvchilar guruhi to‘ldirilishi esa — kamida 20 nafarni tashkil qiladi.
Birinchi yarim yillikda I sinfda darsning davomiyligi — 35 daqiqa, ikkinchi yarim yillikda I sinfda va boshlang‘ich ta’lim (maktab)ning II — IV sinflarida-40 daqiqa, V va keyingi sinflarda — 45 daqiqa bo‘ladi.
Sanatoriy tipidagi maktab-internatlarda o‘quvchilar uchun turli to‘garaklar, qiziqishlariga ko‘ra klublar, sektsiyalar (jumladan, shifokorlar tavsiyalariga ko‘ra sport sektsiyalari) va bolalarning intellektual hamda ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga mo‘ljallangan studiyalar tashkil etiladi.
Sanatoriy tipidagi maktab-internatlarda ta’lim jarayonining psixologik ta’minotini muassasa shtatidagi psixolog amalga oshiradi.
Bolalarni sog‘lomlashtirishga yo‘naltirilgan davolash-sog‘lomlashtirish, reabilitatsiya, sanitariya-gigiena va profilaktika chora-tadbirlari maktab-internatlarning shtatdagi tibbiy va pedagog xodimlari hamda ta’lim muassasasiga biriktirilgan sog‘liqni saqlash muassasasining tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
1-sinfga qabul qilingan oʻquvchilariga quyidagi oʻquv qurollari toʻplamiga tekin beriladi:
► Oddiy va rangli qalamlar
► Portfel
► 12 ta daftar
► Plastilin
► Qalamdon
► Ruchkalar
► Oʻchirgʻichlar
► Yelim
► Rangli qogʻozlar toʻplami
► Rasm chiziladigan albom
► Boʻyoqlar
Kam taʼminlangan oilalardan boʻlgan oʻquvchilar bepul qishki kiyim bosh toʻplami bilan taʼminlanishi shart.
Qishki kiyim-bosh toʻplamiga quyidagilar kiradi:
► Palto yoki kurtka;
► Etik;
► Telpak;
► Qoʻlqop.
Kam taʼminlangan oilalardan boʻlgan oʻquvchilarni aniqlash maktab rahbarlari va ota-onalar qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻquvchilarga kiyim-bosh va poyabzallar berish sentyabr oyida amalga oshirilishi kerak.
Ota-onalar qoʻmitasi va maktab pedagogika kengashi majlisi bayonnomasidan koʻchirma kiyim-bosh berish huquqiga asos hisoblanadi, unga muvofiq son va soʻm ifodasida buyumlar roʻyxati koʻrsatilgan holda oʻquvchilarning familiyalari keltirilgan vedomost tuziladi.
Bolalarning familiyalari qarshisiga ota-onalar yoki yaqin qarindoshlar imzo chekadilar.
Quyidagi toifadagi oʻquvchilar darsliklar bilan bepul taʼminlanadi:
- birinchi sinf oʻquvchilari;
- “Mehribonlik” uylari, maxsus maktab va maktab-internatlarning tarbiyalanuvchilari boʻlgan oʻquvchilar;
- ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlgan oilalardagi oʻquvchilar.
Bunda darsliklar toʻplami bilan bepul taʼminlanadigan ijtimoiy yordamga muhtoj oilalardagi oʻquvchilarning roʻyxati 1 sentyabrgacha fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari iltimosnomasiga va ota-onalar qoʻmitasining xulosasiga asosan umumtaʼlim maktabining pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Bepul foydalanish uchun berilgan darsliklar oʻquv yili yakunida toʻliq hajmda maktabga qaytariladi, birinchi sinf oʻquvchilariga berilgan ish daftarlari bundan mustasno.
Oʻquvchini boshqa maktabga oʻtkazish toʻgʻrisida buyruq chiqarilgan taqdirda, unga bepul foydalanish uchun berilgan darsliklar uch kun ichida maktabga qaytarilishi lozim.
Bunda maktab maʼmuriyati tomonidan oʻquvchi joriy oʻquv yilida darsliklar toʻplami bilan bepul taʼminlanishi lozimligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma beriladi.
Oʻquvchi uni qabul qilgan maktab tomonidan mazkur maʼlumotnoma asosida darsliklar toʻplami bilan bepul taʼminlanadi.
Darsliklar toʻplami umumtaʼlim maktablarining kutubxona jamgʻarmalaridan ixtiyoriylik asosida ijaraga beriladi. Ijaraga beriladigan darsliklar roʻyxati bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Ota-onalar oʻz hohishiga koʻra tegishli oʻquv yilidagi darsliklar toʻplamlarini doʻkonlardan sotib olishi ham mumkin.
Oʻquvchilarni chet tillari boʻyicha darsliklar bilan taʼminlash bepul amalga oshiriladi.
Ijara tizimidagi darsliklar toʻplami oʻquvchilarga maktab va oʻquvchining ota-onasi oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida beriladi.
Darsliklarni ijarag olinganda toʻliq toʻplamda ijaraga olinadi, toʻliqsiz toʻplamda (faqat ayrim darsliklarni) ijaraga berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Darsliklar toʻplami uchun ijara toʻlovi miqdori respublika boʻyicha yagona boʻlib, u 25 avgustgacha Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan barcha maktablariga yetkaziladi, shuningdek ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilinadi.
2018/2019 yil uchun ijara toʻlovi miqdori:
- umumtaʼlim maktablarining birinchi sinf oʻquvchilari uchun – bepul;
- 2-sinflar uchun 12 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 26 900 soʻm;
- 3-sinflar uchun 11 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 13 200 soʻm;
- 4-sinflar uchun 11 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 15 300 soʻm;
- 5-sinflar uchun 13 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 7 400 soʻm;
- 6-sinflar uchun 15 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 14 600 soʻm;
- 7-sinflar uchun 16 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 13 700 soʻm;
- 8-sinflar uchun 17 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 8 900 soʻm;
- 9-sinflar uchun 17 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 9 400 soʻm;
- 10-sinflar uchun 17 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 22 800 soʻm;
- 11-sinflar uchun 19 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 41 800 soʻm.
Darsliklar toʻplami uchun ijara toʻlovi shartnomaga asosan 30-sentyabrgacha toʻliq hajmda toʻlanadi.
Oʻquvchilarning ota-onalari pul mablagʻlari vaqtinchalik yoʻqligi sababli, ijara toʻlovi muddatini uzaytirish toʻgʻrisida maktabga murojaat qilishi mumkin.
Bunda ijara toʻlovi muddati direktor buyrugʻi bilan uzaytirilishi kerak.
Ijara toʻlovi muddati uzaytirilgan taqdirda, mazkur toʻlovning 50 foizi 30 sentyabrgacha, qolgan qismi esa 30 noyabrgacha toʻlanishi lozim.
Darsliklar toʻplami uchun ijara toʻlovlari umumtaʼlim maktabining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga naqd pul yoki naqd pulsiz shaklda toʻlanadi.
Darsliklar ijara asosida foydalanadigan oʻquvchilarga ijara toʻlovi toʻlangandan, ijara toʻlovini toʻlash muddati uzaytirilgan hollarda, uning yarmi toʻlangandan keyin taqdim etiladi.
Bunda ijara toʻlovi toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov hujjati nusxasining maktab kutubxonachisiga taqdim etilishi darsliklar toʻplamini berish uchun asos boʻladi.
Darsliklardan bepul foydalanadigan oʻquvchilarga 10 sentyabrgacha darsliklar beriladi.
Oʻquvchini boshqa maktabga oʻtkazish toʻgʻrisida buyruq chiqarilgan taqdirda, unga ijara asosida foydalanish uchun berilgan darsliklar uch kun ichida maktabga toʻliq toʻplamda qaytarilishi lozim.
Bunda toʻlangan ijara toʻlovi qaytarilmaydi va oʻquvchiga maktabi tomonidan darsliklar toʻplamidan foydalanish uchun ijara toʻlovi toʻlanganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma va tegishli toʻlov hujjatining nusxasi beriladi.
Oʻquvchi uni qabul qilgan maktab tomonidan mazkur maʼlumotnoma va toʻlov hujjatining nusxasi asosida darsliklar toʻplami bilan bepul taʼminlanadi.
Maʼlumotnoma yoʻqolgan taqdirda, uning dublikati beriladi.
Darsliklar ijaraga yoki bepul foydalanilayotganidan qatʼi nazar, ular yoʻqolgan yoki foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan taqdirda, oʻquvchining ota-onasi zararni quyidagi miqdorlarda toʻlaydi:
- birinchi sinf oʻquvchilarining har bir darsligi uchun — uning bir baravari miqdorida;
- 2 — 4 sinf oʻquvchilarining har bir darsligi uchun — uning ikki baravari miqdorida;
- 5 — 9 sinf oʻquvchilarining har bir darsligi uchun — uning toʻrt baravari miqdorida.
Davlat maktablarida oʻquvchilar uchun yagona maktab formasini kiyishlari shart.
Maktab formalarining shakllari bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Maktab formasini kiyishda quyidagi talablar qoʻyiladi:
- kiyimlarning oʻta tor yoki oʻta keng bichimda boʻlmasligi;
- qizlar uchun yubkaning uzunligi tizzadan 5 — 15 sm pastda boʻlishi;
- oʻgʻil bolalar uchun shimning uzunligi oyoq toʻpigʻidan pastda boʻlishi;
- oyoq kiyimlar poshnasining 3 santimetrdan baland boʻlmasligi;
- koʻylakning eng yuqoridagi faqat bitta tugmasidan tashqari boshqa tugmalarning qadalgan boʻlishi;
- kiyimlarning toza va dazmollangan boʻlishi.
Oʻquvchilar maktab binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozim, taʼlim muassasasida oʻtkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno.
Oʻquvchilarning maktab formasiga hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar qoʻshishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tashqi koʻrinishga qoʻyiladigan boshqa taqiqlar:
- oʻgʻil bola oʻquvchilarning taʼlim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qoʻygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun boʻlgan va yorqin ranglarga boʻyagan holda kelishlariga;
- qiz bola oʻquvchilarning taʼlim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga boʻyagan, yuzini koʻzga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulogʻiga bittadan ortiq sirgʻa taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qoʻl tirnoqlarini boʻyagan va uzun qilib oʻstirgan holda kelishlariga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tartib buzganlik uchun javobgarlik
Oʻquvchilarning maktab formasini kiyish tartibiga rioya qilmaslik maktab ichki tartib-qoidalarini buzish deb baholanadi va bunday oʻquvchilarga quyidagi choralar qoʻllanishi mumkin:
- ogohlantirish;
- kundalik daftariga qayd etish;
- tushuntirish ishlarini olib borish uchun ota-onasini xabardor qilish;
- mahalla yigʻini va taʼlim muassasasidagi yigʻilishlarda ota-onalar ishtirokida muhokama qilish.
Har qaysi davlat o‘zining kelajagi bo‘lgan yoshlarga, ularning bilim olishiga alohida e’tibor qaratadi. Deyarli barcha davlatlar, ayniqsa rivojlangan davlatlar bolalarning bilim olish huquqini ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratadi. Konstitutsiyamizning 50-moddasida Har kim taʼlim olish huquqiga ega ekanligi mustahkamlangan.
O‘n bir yillik ta’limning hamda olti yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan bolalarni bir yil davomida o‘rta ta’limga tayyorlashning majburiyligi ta’lim sohasidagi asosiy prinsiplardan biri hisoblanadi.
Bolalar ta’lim olish vaqtida bir nechta huquqlarga ega bo‘lib, ular davlat tomonidan kafolatlanadi:
Birinchidan, bepul ta’lim olish huquqi bolaning asosiy konstitutsiyaviy huquqlaridan biri hisoblanadi. Konstitutsiyamizning 50-moddasida davlat tomonidan bepul umumiy oʻrta taʼlim va boshlangʻich professional taʼlim olish kafolatlanishi belgilangan.
Ikkinchidan, har bir shaxs ta’lim olish shakllarini erkin tanlash huquqiga ega. Bunda, bola kunduzgi, masofaviy, dual ta’lim, oilada ta’lim olish va mustaqil ta’lim olish, sog‘lig‘ining holatidan kelib chiqib, inklyuziv ta’lim olish huquqini erkin tanlashi mumkin.
Uchinchidan, o‘zining yashash joyidagi davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilinish huquqiga ega. Bola o‘zi yashaydigan hududdagi istalgan davlat o‘rta ta’lim muassasasida ta’lim olishi mumkin. Bunda, bola o‘zining xohishiga ko‘ra o‘qishni boshqa hududlardagi davlat o‘rta ta’lim muassasasida davom ettirishi mumkin.
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi
“Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun
Bosh qomusimizda har bir shaxs bilim olish huquqiga ega deb belgilab qo‘yilgan ekan, u individual imkoniyatlarining xilma-xilligidan qat’i nazar barcha uchun ta’minlanishi lozim.
Bolaning ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash maqsadida turli hil jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) ruhiy va boshqa jihatlariga ko‘ra nuqsoni bo‘lgan shaxslar inklyuziv ta'lim shaklida yoki uy sharoitlarida yakka tartibda ta’lim olish huquqiga ega.
Inklyuziv ta’lim alohida ta’lim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarning xilma-xilligini hisobga olgan holda barcha ta’lim oluvchilar uchun ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishga bo‘lgan teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan.
Shu shaklda ta’lim olishnig quyidagi jihatlari mavjud:
Birinchidan, jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan shaxslarni o‘qitish maxsus o‘quv dasturlari asosida amalga oshiriladi.
Ikkinchidan, jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar (shaxslar) vaqtincha yashash joyidan foydalanganlik uchun haq to‘lashdan ozod qilinadi.
Uchinchidan, jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar o‘qishga o‘z ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining roziligiga va tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyaning xulosasiga binoan qabul qilinadi.
To‘rtinchidan, davlat jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilish choralarini ko‘radi.
Beshinchidan, pedagog xodimlarlar jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan shaxslarni o‘qitish uchun shart-sharoitlar yaratilishiga e’tibor qaratishi shart.
Asos: “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun