Kichik hajmli bolalar uylari haqida bilasizmi?
Qonunchilikka ko‘ra, kichik hajmli bolalar uylari ijtimoiy yetimlikning oldini olish, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga, shu jumladan psixik va jismoniy rivojlanishida buzilishlari va nogironligi bo‘lgan bolalarga individual yondashuv asosida oilaga yaqin muhitda g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamda tarbiyalash xizmatini ko‘rsatish maqsadida tashkil etiladi.
Tarbiyalanuvchilarni kichik hajmli bolalar uylariga joylashtirish ularni muqobil joylashtirish shakllariga berish imkoniyati bo‘lmagan taqdirdagina so‘nggi chora sifatida amalga oshiriladi. Kichik hajmli bolalar uylariga 8 nafardan 10 nafargacha tarbiyalanuvchilar Mehribonlik uyiga bolalarni qabul qilish uchun belgilangan tartiblarga asosan qabul qilinadi va chiqariladi.
Shuningdek, tarbiyalanuvchilarni kichik hajmli bolalar uylariga joylashtirishda ularning etnik jihatdan kelib chiqishi, muayyan dinga va madaniyatga mansubligi hisobga olinishi lozim. Tibbiy yoxud boshqa sabablarga ko‘ra ularning birgalikda tarbiyalanishi mumkin bo‘lmagan holatlar mavjud bo‘lmasa, aka-uka va opa-singillar bo‘lgan tarbiyalanuvchilar bitta kichik hajmli bolalar uyiga joylashtirilishi kerak.
Tarbiyalanuvchilarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va tarbiyalash xizmati har bir tarbiyalanuvchi uchun qonunchilikka muvofiq tuzilgan individual rivojlanish va integratsiya rejalari asosida ko‘rsatiladi.
Individual rivojlanish va integratsiya rejalariga muvofiq tarbiyalanuvchilarni ta’lim bilan qamrab olishda har bir tarbiyalanuvchining qiziqishlari, salohiyati hamda sog‘lig‘ining holati hisobga olinadi. Bunda:
- maktabgacha yoshdagi tarbiyalanuvchilarni maktabgacha ta’lim bilan ta’minlash tarbiyalanuvchining sog‘lig‘i holatiga ko‘ra davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari yoki ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari orqali amalga oshiriladi. Bunda tarbiyalanuvchilar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga navbatsiz qabul qilinadi hamda ular uchun to‘lov undirilmaydi;
- tarbiyalanuvchilarning ta’limi ularning sog‘lig‘i holati, salohiyatidan kelib chiqqan holda umumta’lim muassasalarida umumiy asoslarda yoki ixtisoslashtirilgan maktab, maktab-internatlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga mos tarzda qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etiladi.
Shuningdek, tarbiyalanuvchilar ona tilida yoki ular tushunadigan tilda muomala qilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi hamda qo‘shimcha ta’lim (to‘garaklar, studiyalar, sport seksiyalari va hokazolar) olishi qonunchilik bilan o‘rnatilgan tartibda bepul tashkil etiladi.
Kichik hajmli bolalar uylari nodavlat tashkilotlar tomonidan ham tashkil etilishi mumkin.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda O‘zbekiston bo‘yicha jami 12 ta kichik hajmli bolalar uyi faoliyat yuritmoqda.