ORTGA Sizning natijangiz 0%

Maktab ta’limi

Maktab yoshidagi bolalarni taʼlimga qamrab olish tuman (shahar) hokimlarining qarori bilan maktablarga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida maktab pedagog xodimlari tomonidan bolalarni birma-bir (uyma-uy) roʻyxatga olish orqali amalga oshiriladi.

Maktab rahbariyati mazkur muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni oʻz vaqtida umumtaʼlim muassasasiga oʻqishga jalb qilish uchun masʼul hisoblanadi.

Maktablarning I sinfiga 6-7 yoshli bolalar qabul qilinadi.

Bolalarni maktablarning I sinfiga qabul qilish uchun ularning ota-onalari tomonidan maktabga quyidagi hujjatlar topshiriladi:

► ota-onalar tomonidan maktab direktori nomiga ariza;

► ota-onalarning fuqarolik pasporti (fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekistonda yashash guvohnomasi) nusxasi (doimiy propiskasi yoki turgan joyi boʻyicha hisobga olinganligi haqidagi qayd yozuvi koʻrsatilgan holda);

► bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi;

► bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisida tibbiy maʼlumotnoma;

► bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati.

Ota-onaning boshqa hududda yashashi (propiskaning yoʻqligi) bolani maktabga qabul qilishni rad etish uchun asos boʻlmaydi.

Bolalar umumiy maktablarning I sinfiga tayyorgarlik darajasidan qatʼi nazar, tanlovsiz qabul qilinadi.

Oʻquv yili umumtaʼlim muassasalarida 2-sentyabrdan kelgusi yilning 25-mayiga qadar davom etadi va toʻrtta chorakka boʻlinadi.

Oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etishda quyidagi muddatlarga amal qilinadi:

► oʻquv yilining davomiyligi — 34 hafta (I sinflar uchun 33 hafta);

► oʻquv haftasining davomiyligi — 6 kun (pedagogik kengashning qaroriga koʻra I sinflar uchun 5 kun);

► dars mashgʻulotining davomiyligi — 45 daqiqa;

► dars mashgʻulotlari oraligʻidagi tanaffusning davomiyligi — 5 — 10 daqiqa (oʻquv kuni oʻrtasidagi tanaffusning davomiyligi — 15 — 30 daqiqa).

Mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida bayram (ishlanmaydigan) kuni deb belgilangan kunlarda dars mashgʻulotlari oʻtkazilmaydi.

Bayram (ishlanmaydigan) kunlariga toʻgʻri kelib qolgan dars mashgʻulotlarining mavzulari oʻquv dasturlarini ixchamlashtirgan holda keyingi dars mashgʻulotlarida oʻtkaziladi.

Maktabda sinflardagi bolalar soni 35 nafardan ortib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Namunaviy loyihalar boʻyicha qurilmagan, moslashtirilgan binolarda joylashgan, oʻquvchilar soni yetarli boʻlmagan maktablarda, olis (togʻli, choʻlli) aholi punktlarida joylashgan maktablarda, shuningdek oʻzbek tilida oʻqitilmaydigan umumtaʼlim muassasalarida oʻquvchilar soni sinflarni toʻldirishning oʻziga xos shart-sharoitlaridan kelib chiqib, hududiy xalq taʼlimi boshqaruv organlari va tuman (shahar) hokimliklarining moliya boʻlimlari bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Kam komplektli umumtaʼlim muassasalarida (filiallarda) boshlangʻich sinf oʻquvchilari quyidagi hollarda bitta sinfga birlashtirilishi mumkin:

► oʻquvchilar soni 8 nafargacha boʻlgan I — IV sinflar;

► oʻquvchilar soni 12 nafargacha boʻlgan uchta boshlangʻich sinf;

► oʻquvchilar soni 24 nafargacha boʻlgan ikkita boshlangʻich sinf (I va III, II va IV sinflar).

Oʻquv yili davomidagi taʼtillarning muddatlari quyidagicha belgilanadi:

► kuzgi taʼtil — 4 noyabrdan boshlab 6 kalendar kun;

► qishki taʼtil — 28 dekabrdan boshlab 14 kalendar kun;

► bahorgi taʼtil — 21 martdan boshlab 7 kalendar kun;

► yozgi taʼtil — oxirgi bosqichli nazorat sinovi oʻtkazilgan kundan (bosqichli nazorat oʻtkazilmaydigan sinflar uchun oʻquv yili tugagan kundan keyingi kundan) boshlab 1-sentyabrgacha.

Taʼtilning oxirgi kuni bayram (ishlanmaydigan) kunga toʻgʻri kelib qolgan taqdirda, dars mashgʻulotlari keyingi ish kunidan boshlab davom ettiriladi.

I sinf oʻquvchilari uchun fevral oyi davomida qoʻshimcha bir haftalik taʼtil belgilanadi.

Oʻquvchilarga tibbiy xizmat koʻrsatish maktablarga tibbiyot muassasalari tomonidan biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

Tibbiyot xodimlari maktab rahbariyati va pedagog xodimlar bilan bir qatorda davolash-profilaktika tadbirlarini tashkil etish, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya qilish, ovqatlanish rejimi va sifatiga, oʻquvchilarni tibbiy koʻrikni oʻtkazish va sogʻlomlashtirish uchun masʼuldirlar.

Maktab rahbariyati tomonidan tibbiyot xodimlarining faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar (maxsus joy, mebel va tibbiy jihozlar, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur boʻlgan dori-darmonlar) yaratib beriladi.

Ota-onalar oʻquv yili davomida yoki u tugaganidan soʻng farzandini bir maktabdan boshqasiga oʻtkazish huquqiga ega.

Buning uchun quyidagi harakatlarni amalga oshirish lozim.

1. Farzand taʼlim olayotgan maktab direktori nomiga ariza beriladi. Arizada farzandini boshqa maktabga oʻtkazish sabablari koʻrsatiladi.

Mazkur ariza bir ish kuni ichida koʻrib chiqilib, oʻqish koʻchirilayotgan maktabga taqdim etish uchun tegishli shaklda maktabdan ketish taloni beriladi.

2. Oʻqish koʻchirilayotgan maktab direktoriga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qiladi.

Arizaga maktabdan ketish taloni va yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan berilgan maʼlumotnoma ilova qilinadi.

Oʻqish koʻchirilayotgan maktab direktori ariza va maktabdan ketish talonini qabul qilib olingan kunning oʻzida ota-onalarga oʻquvchi taʼlim olayotgan maktabga taqdim etish uchun maktabga kelish talonini berishi lozim.

3. Farzand oʻqiyotgan maktab direktoriga maktabga kelish talonini berish lozim.

Bunda shu kunning oʻzida oʻquvchini maktab oʻquvchilari safidan chiqarish toʻgʻrisida buyruq qabul qilinadi. Mazkur buyruq bilan ota-onalar tanishtirilib, quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

► oʻquvchining maktab oʻquvchilari safidan chiqarilganligi toʻgʻrisidagi buyruqdan koʻchirma;

► oʻquvchining baholar (oʻzlashtirish) tabeli;

► oʻquvchining tibbiy kartasi.

4. Hujjatlarni oʻqish koʻchirilayotgan maktab direktoriga topshirish lozim. Bunda shu kunning oʻzida oʻquvchini maktab oʻquvchilari safiga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq chiqariladi.

Oʻquvchini maktab oʻquvchilari safiga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq chiqarilgach, uch kun muddatda sinf jurnali va oʻquvchilar harakati daftariga tegishli yozuv kiritiladi.

Ota-onalar farzandini sinfdan sinfga oʻtkazish uchun uning sabablarini koʻrsatgan holda maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat qiladi. Ariza bir ish kuni ichida koʻrib chiqiladi va oʻquvchini sinfdan sinfga oʻtkazish toʻgʻrisida buyruq qabul qiladi.

Sinfdagi oʻquvchilar soni belgilangan meʼyordan ortiq boʻlgan taqdirda, maktab direktori oʻquvchini sinfdan sinfga oʻtkazishni rad qilinishi mumkin.

Sinfdan sinfga oʻtkazish rad etilganligi haqida maktab direktori tomonidan uch kun ichida ota-onalarga yozma ravishda maʼlum qilinadi.

Oʻquvchilarni maʼlum fanga boʻlgan iqtidor va isteʼdodini rivojlantirish maqsadida ixtisoslashtirilgan sinflar, maktablar (maktab-internat) tashkil etilishi mumkin.

Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar shaharda kamida 250 oʻquvchi kontingenti va qishloq tumanlarida kamida 150 oʻquvchi kontingenti bilan tashkil etiladi.

Ayrim fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab maʼmuriyati oʻquvchilar tanlovining sifatli va raqobatli oʻtkazishga erishish maqsadida tanlov boshlanishidan kamida 2 oy oldin tanlov haqida ommaviy axborot vositalarida eʼlon berishi lozim.

Ixtisoslashtirilgan sinflar va ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjatlar 2-sinflar uchun 1-apreldan 20-maygacha, 5-sinflar uchun 25-maydan 20-iyungacha (shu kun ham) qabul qilinadi.

Ixtisoslashtirilgan sinflar va ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabga joriy oʻquv yilida 1-sinfini tugatgan oʻquvchilar 2-sinfga tanlov asosida qabul qilinadi.

Ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktab-internatiga joriy oʻquv yilida 4-sinfni tugatgan oʻquvchilar 5-sinfga tanlov asosida qabul qilinadi.

Ayrim fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

► ixtisoslashtirilgan maktabi direktori nomiga ariza;

► tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;

► №086-U shakl boʻyicha tibbiy maʼlumotnoma;

► 3x4 hajmdagi 6 ta fotosurat;

► psixologik-pedagogik tashxis daftari asosida oʻquvchining qiziqishlari, oʻquv fanlarini oʻzlashtirishi haqida tasdiqlangan tavsifnoma;

► turar joyidan maʼlumotnoma;

► isteʼdod va iqtidorini koʻrsatuvchi ishlaridan namunalar taʼlim sohasi boʻyicha (nashr etilgan yoki qoʻlyozma sifatida yozilgan sheʼrlar, hikoyalar, rasmlar va shu kabilar).

Ayrim fanlarga ixtisoslashtirilgan sinflar va maktablarga oʻquvchilar Davlat test markazi tomonidan tegishli fanlar boʻyicha oʻtkaziladigan test natijalariga hamda psixologik-pedagogik diagnostika xulosalari asosida tanlab olinadi.

Test sinovlari 2-sinfda 40 minut, 5-sinfda 60 minut davom etadi.

Test sinovlari boshlanishiga qadar 20 daqiqagacha tushuntirish ishlari oʻtkaziladi, bu vaqt test oʻtkazish uchun ajratilgan vaqt meʼyoriga kirmaydi.

2-sinf qabuli uchun taʼlim sohalari boʻyicha Davlat test markazi tomonidan quyidagi fanlardan test sinovlari oʻtkaziladi:

► filologiya: ona tili va oʻqishdan 15 ta, matematikadan 5 ta, jami 20 ta test savoli;

► matematika: matematikadan 15 ta, ona tili va oʻqishdan 5 ta, jami 20 ta test savoli;

► inson va jamiyat: ona tili va oʻqishdan 15 ta, matematikadan 5 ta, jami 20 ta test savoli.

5-sinf qabuli uchun taʼlim sohalari boʻyicha Davlat test markazi tomonidan quyidagi fanlardan test sinovlari oʻtkaziladi:

► filologiya: ona tili va adabiyotdan 20 ta, matematikadan 10 ta, jami 30 ta test savoli;

► ijtimoiy bilimlar: ona tili va adabiyotdan 20 ta, matematikadan 10 ta, jami 30 ta test savoli;

► matematika: matematikadan 20 ta, ona tili va adabiyotidan 10 ta, jami 30 ta test savoli;

► tabiiy bilimlar: matematikadan 20 ta, ona tili va adabiyotdan 10 ta, jami 30 ta test savoli;

► maʼnaviyat: ona tili va adabiyotdan 20 ta, matematikadan 10 ta, jami 30 ta test savoli;

► sanʼat: ona tili va adabiyotdan 20 ta, matematikadan 10 ta, jami 30 ta test savoli;

► texnologiya: matematikadan 20 ta, ona tili va adabiyotidan 10 ta, jami 30 ta test savoli;

► sogʻlomlashtirish mashgʻulotlari: matematikadan 20 ta, ona tili va adabiyotdan 10 ta, jami 30 ta test savoli.

Ayrim fanlarga ixtisoslashtirilgan sinf va maktablarga oʻquvchilarni sinov (fanlardan test va psixologik test)dan oʻtkazish va tanlash 2-sinflar uchun 5 iyundan 20 iyungacha, 5-sinflar uchun 5-avgustdan 20-avgustgacha oʻtkaziladi.

Test sinovlari ertalab soat 9.00 da yoki 14.00 dan boshlab oʻtkaziladi.

Test sinovlariga kelmagan oʻquvchilar uchun qoʻshimcha sinovlar oʻtkazilmaydi.

Test sinovlarining (taʼlim sohalari boʻyicha fanlardan test sinovlari hamda psixologik-pedagogik diagnostikasi) har biridan alohida 70 foizdan kam boʻlmagan natija koʻrsatgan oʻquvchilar belgilangan kvotaga muvofiq qabul qilinadi.

Ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga test sinovlarida ular toʻplagan ballning 10 foizi miqdorida qoʻshimcha ball imtiyoz sifatida qoʻshib beriladi. 

Oʻquvchilarning test sinovlaridagi koʻrsatkichlari teng boʻlib qolgan hollarda quyidagilar imtiyozga ega boʻladi:

► ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar;

► koʻp bolali, kam taʼminlangan oilalarning farzandlari.

Tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchilar 2-sinflar uchun 1 iyulga, 5-sinflar uchun 25 avgustga qadar ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasi yoki umumtaʼlim maktabi direktori buyrugʻi asosida oʻquvchilar safiga kiritiladi.

Ixtisoslashtirilgan sinf yoki ixtisoslashtirilgan maktablarga boʻshab qolgan oʻrinlarga tanlovda ishtirok etib, taʼlim sohalari boʻyicha tegishli fanlardan 70 foizdan ortiq natija koʻrsatgan, lekin oʻtish bali yuqori boʻlganligi sababli qabul qilinmay qolgan oʻquvchilar qabul qilinadi.

Oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etish, oʻqitishning qancha davom etishi va muddatlari oʻquv rejalari, dasturlar, kalendar oʻquv jadvali va maktab ustavi bilan tartibga solinadi.

Taʼlim jarayoni ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashtirilgan sinflar va ixtisoslashtirilgan maktablarda 2—11-sinflarning maxsus oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha tashkil etiladi.

Oʻquvchilarni 1-sinfdan boshlab oʻqishga qabul qiladigan umumtaʼlim muassasalarida fanlarni chuqur oʻrganish 2-sinfdan boshlanadi.

Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda oʻquv-tarbiya jarayoni 5—11-sinflar doirasida maxsus oʻquv rejalari va dasturlar boʻyicha tashkil etiladi.

Ixtisoslashtirilgan sinflarda oʻquvchilar soni 30 kishidan ortiq boʻlmasligi kerak.

Laboratoriya ishlari va amaliy ishlarni bajarish, shuningdek ayrim fanlarni chuqur oʻrganish uchun sinflarni ixtisoslashtirilgan fanlar boʻyicha oʻquvchilarni ikki guruhga boʻlishga yoʻl qoʻyiladi.

Maxsus maktab alohida sharoitlarda taʼminlash, tarbiyalash va taʼlim berishga muhtoj bolalarga (tarbiyasi ogʻir bolalar) taʼlim berishni, ularning kasb-hunar tayyorgarligi va ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiyasini amalga oshiruvchi ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasasi hisoblanadi.

Maxsus maktab oʻgʻil bolalar uchun alohida, qiz bolalar uchun alohida tashkil etiladi.

Maxsus maktabga 11 yoshdan 16 yoshgacha (umumiy oʻrta maʼlumot olishni tugallamagan) voyaga yetmaganlar quyidagi hollarda joylashtirilishi mumkin, agar ular:

► ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan, lekin jinoiy javobgarlikka tortish mumkin boʻlgan yoshga toʻlmagan boʻlsa;

► muntazam ravishda huquqbuzarliklar yoki boshqa gʻayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir qilayotgan boʻlsa.

Sud ajrimi maxsus maktabga joylashtirish uchun asos hisoblanadi.

Maxsus maktabning guruh va sinfidagi bolalar soni 25 nafardan oshmasligi lozim.

Ota-onalar (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) hech bir cheklovsiz tarbiyalanuvchilardan xabar olish, Maxsus maktabning oʻquv-tarbiyaviy faoliyati, bolalarining ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiyasi jarayoni bilan tanishish huquqiga ega. 

Tarbiyasi ogʻir har bir bola bolalar uchun ichki ishlar organlari shaxsiy hujjatlar yigʻmajildi rasmiylashtiriladi.

Voyaga yetmaganning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildida quyidagi hujjatlar mavjud boʻladi:

► jinoiy ishlar boʻyicha tuman (shahar) sudining voyaga yetmaganni ixtisoslashtirilgan maktabga joylashtirish haqidagi ajrimi;

► tugʻilganligi haqidagi guvohnoma;

► maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatlar (mavjud boʻlsa);

► oʻqish joyidan maʼlumotnoma va tavsifnoma;

► yashash joyidan maʼlumotnoma va tavsifnoma;

► voyaga yetmaganning yashash va tarbiyalanish sharoitlarini tekshirish dalolatnomasi;

► tegishli maʼlumotnomalar bilan birga tibbiy karta;

► sogʻliqni saqlash muassasasining voyaga yetmagan shaxsning sogʻligʻi va uni ixtisoslashtirilgan maktabga joylashtirish mumkinligi toʻgʻrisidagi xulosasi.

Maxsus maktabda tarbiyalanuvchilar 16 yoshga toʻlgunlariga qadar saqlanishi mumkin.

Istisno hollarda tarbiyalanuvchilarning ixtisoslashtirilgan maktabda boʻlishi ular 17 yoshga toʻlgunlariga qadar uzaytirilishi mumkin.

Maxsus maktabda umumiy oʻrta maʼlumot olishni tugallagan, biroq oʻz xulqini tuzatmagan tarbiyalanuvchilar voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha tuman (shahar) komissiyasi tomonidan maxsus kasb-hunar kollejlariga yuborilishi mumkin.

Tarbiyalanuvchining maxsus maktabda boʻlishi voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha tuman (shahar) idoralararo komissiyasining qaroriga koʻra toʻxtatiladi, bu haqda tarbiyalanuvchi kamida bir oy oldin xabardor qilinadi.

Tarbiyalanuvchi Maxsus maktabdan chiqarilgan taqdirda u tarbiyalanishi va taʼlim olishi davrida foydalangan kiyim-bosh va poyabzal komplekti bepul beriladi.

Maxsus maktabdan chiqarilayotgan vaqtda, yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtgan tarbiyalanuvchilarga belgilangan namunadagi taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlar beriladi.

Taʼlimni yakunlamagan tarbiyalanuvchilarga belgilangan namunadagi maʼlumotnoma beriladi.

Oʻn olti yoshgacha boʻlgan tarbiyalanuvchilar maxsus maktabdan chiqarilayotgan vaqtda doimiy yashash joylariga maxsus maktab xodimlari yoki ota-onasi kuzatuvida yuboriladilar.

Maxsus maktab rejimi

Maxsus maktabda quyidagilar maxsus shart-sharoitlar taʼminlanadi:

► maxsus maktab hududini qoʻriqlash;

► tarbiyalanuvchilarning shaxsiy xavfsizligini va salbiy taʼsirlardan yuqori darajada himoya qilish;

► maxsus maktab hududiga begona shaxslarning erkin kirishini cheklash;

► maxsus maktabda tarbiyalanayotganlarning uning hududidan erkin chiqishini cheklash;

► tarbiyalanuvchilarni kecha-kunduz, shu jumladan uyqu uchun ajratilgan vaqt davomida nazorat qilish;

► tarbiyalanuvchilarni shaxsiy tekshiruvdan oʻtkazish, ularning buyumlarini, shuningdek ular olayotgan va yuborayotgan posilka va boshqa pochta joʻnatmalarini tekshiruvdan oʻtkazish.

Maxsus maktabda taʼlim berish umumiy oʻrta taʼlim oʻquv rejalari va taʼlim dasturlari asosida olib boriladi, taʼtillar, attestatsiya, taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlar umumiy asoslarda beriladi.

Tarbiya, taʼlim, mehnat va dam olishning asoslangan holda uygʻunlashtirilishini taʼminlovchi kun tartibi tarbiyalanuvchilarning Maxsus maktabda boʻlish muddatlari davomiyligini hisobga olgan holda tuziladi.

Maxsus maktab tarbiyalanuvchilari belgilangan tartibda quyidagi huquqlar bilan taʼminlanadi:

► ota-onasini maxsus maktabga olib kelinganligi yoki joylashtirilganligi toʻgʻrisida xabardor qilish;

► voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyalarga, prokuratura organlariga yoki sudga shikoyat qilish;

► odamning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitmaydigan insoniy muomalada boʻlish;

► cheklanmagan miqdorda telefonda soʻzlashuvlar, boshqa aloqa vositalari orqali muloqotlar hamda uchrashuvlar vositasida oilasi bilan aloqada boʻlish, posilkalar, banderollar, yoʻqlovlar olish, xat va telegrammalar olish hamda joʻnatish;

► tasdiqlangan normalar boʻyicha bepul ovqat, kiyim-kechak, poyabzal va boshqa ashyoviy taʼminot buyumlarini olish.

Tarbiyalanuvchining Maxsus maktab hududidan tashqariga chiqishi Maxsus maktab rahbariyatining yozma ruxsatnomasiga koʻra faqat Maxsus maktab xodimlari yoxud ota-onasi yoki ota-onasi oʻrnini bosuvchi shaxslar kuzatuvida amalga oshirilishi mumkin.

Tarbiyalanuvchi Maxsus maktabni oʻzboshimchalik bilan tark etgan taqdirda maʼmuriyat bu haqda ota-onasini va mazkur maktab joylashgan joydagi va tarbiyalanuvchining yashash joyidagi yoki turgan joyidagi ichki ishlar organlarini xabardor qiladi hamda ichki ishlar organlari bilan birgalikda uni topish va Maxsus maktabga qaytarish chora-tadbirlarini koʻradi.

Gʻayrihuquqiy xatti-harakatlar sodir etgan tarbiyalanuvchilarga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin:

► ogohlantirish;

► hayfsan eʼlon qilish;

► tarbiyalanuvchilar majlisida, Maxsus maktab pedagogik kengashida muhokama qilish;

► dam olish va bayram kunlarida, taʼtil vaqtida Maxsus maktab hududidan tashqariga chiqish huquqidan mahrum etish;

► ota-onasi yoki ota-onasi oʻrnini bosuvchi shaxslarga qoidabuzarlik haqida xabar qilish.

Tarbiyalanuvchilarga nisbatan:

► jismoniy va ruhiy taʼsir koʻrsatish usullarini, odamning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan taʼsir choralarini qoʻllashga;

► tarbiyalanuvchilarni ota-onasi bilan aloqalarini cheklash yoki taqiqlashga;

► ovqatlanish meʼyorlarini kamaytirishga, tarbiyalanuvchilarni sayr qilishdan mahrum etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Taʼlim olishdagi yutuqlari, jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun Maxsus maktab tarbiyalanuvchilari uchun quyidagi ragʻbatlantirish choralari belgilanadi:

► tashakkurnoma eʼlon qilish;

► faxriy yorliq, qimmatbaho sovgʻa bilan taqdirlash;

► ilgari qoʻllanilgan jazoni bekor qilish;

► ota-onasi yoki ota-onasi oʻrnini bosuvchi shaxslarga namunali xulq-atvori va taʼlim olishdagi yutuqlari haqida xabar berish;

► taʼtil vaqtida ota-onasi yoki ota-onasi oʻrnini bosuvchi shaxslar huzuriga yuborish;

Maxsus maktab xodimlari kuzatuvida Maxsus maktab hududidan tashqariga chiqish huquqini berish.

Imkoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan maktablar Xalq taʼlimi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan mintaqadagi jismoniy va psixik rivojlanishda imkoniyati cheklangan, maxsus sharoitlarda taʼlim-tarbiya olishga muhtoj bolalarning mavjud kontingentini birgalikda oʻrganib chiqish yakunlari boʻyicha viloyat hokimligi tashkil etiladi.

Ushbu maktablarni tashkil etish tegishli hududda oxirgi 5 yilda 3 yoshdan 16 yoshgacha bolalar oʻrtasida tegishli kasalliklarning koʻpayganligini koʻrsatadigan rasmiy statistika maʼlumotlari bilan asoslanishi kerak.

Imkoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan maktablar oʻquvchilar soni 250 nafardan oshmasligi kerak.

Bolalarni ikoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan maktablarga yuborish xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan, xalq taʼlimi boshqarmalari huzurida tashkil etilgan psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasiga koʻra, ota-onalar roziligiga koʻra amalga oshiriladi. Imkoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan maktablar bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

Imkoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan maktablar quyidagi (I—VIII) turlarga boʻlinadi:

I — kar (eshitmaydigan) bolalar uchun maktab-internatlar;

II — zaif eshitadigan va keyinchalik kar boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlar (1, 2-boʻlim);

III — koʻzi ojiz (koʻr) bolalar uchun maktab-internatlar;

IV — zaif koʻradigan va keyinchalik koʻr boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlar;

V — nutqida ogʻir nuqsonlar boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlar;

VI — tayanch-harakat apparatida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlar;

VII — psixik rivojlanishi sust boʻlgan bolalar uchun maktab-internatlar;

VIII — aqli zaif bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlar.

Imkoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan maktablar 7 yoshdan boshlab, tayyorlov guruhlariga esa — 5—7 yoshdagilar qabul qilinadi.

Imkoniyati cheklangan bolalarning taʼlim olish huquqini taʼminlash maqsadida umumtaʼlim maktablari uchun belgilangan yosh meʼyoridan 2 yilga oshgan bolalarni qabul qilishga ruxsat etiladi.

Imkoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan maktabga yoʻllangan har bir bolaga ota-onalari (chin yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun – vasiylik va homiylik organlari) tomonidan shaxsiy hujjatlar yigʻmajildi rasmiylashtiriladi va taqdim etiladi.

Bolaning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildida quyidagi hujjatlar boʻladi:

► ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning arizasi;

► psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosalarining ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasiga yoʻllangan bola bilan olib boriladigan taʼlim-tarbiyaviy va davolash-tuzatish boʻyicha tavsiyalari aks etgan bayoni;

► tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;

► taʼlim olganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar;

► oʻqish joyidan taʼlimning muddati, oʻquv fanlarini oʻzlashtirishi va xulq-atvori, bolaga yakka tartibda koʻmak berish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarning batafsil tahlili aks ettirilgan maʼlumotnoma va tavsifnoma;

► bolaning yashash joyidagi shifoxona bosh vrachi tomonidan imzolangan, uning rivojlanishi tarixidan mufassal koʻchirma:

► pediatrning bolaning umumiy rivojlanishi holati toʻgʻrisidagi xulosasi;

► psixonevrologning tibbiy tashxisi va bolaning aqliy rivojlanishiga tavsifi;

► otorinolaringologning quloq, tomoq, burun va talaffuz artikulyatsiyasida ishtirok etuvchi organlarning holatiga tavsifi (eshitishda nuqsoni boʻlgan bolalar uchun — soʻzlashuv nutq va shivirlab aytilgan soʻzlarni idrok etish holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlari, audiogramma maʼlumotlari);

► oftalmologning koʻrish organiga tavsifi (koʻrishda nuqsoni boʻlgan bolalar uchun- batafsil tashxisi);

► ortoped vrachning xulosasi (tayanch-harakatlanish apparatida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun).

Imkoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan maktablarga maktabgacha yoshdagi va maktab yoshidagi quyidagi toifadagi bolalar qabul qilinadi:

► eshitishda nuqsoni boʻlgan bolalar (karlar, zaif eshituvchilar, keyinchalik kar boʻlgan bolalar);

► koʻrishda nuqsoni boʻlgan bolalar (koʻrlar, zaif koʻruvchilar, keyinchalik koʻr boʻlgan bolalar);

► nutqida ogʻir nuqsonlar boʻlgan bolalar (alaliya, dislaliya, afaziya, rinolaliya, dizartriya, psixik-nutqiy rivojidagi sustlik, duduqlanish);

► tayanch-harakat apparatida nuqsoni boʻlgan bolalar (bolalar serebral falaji, skolioz, poliomiyelit, miopatiya, osteomiyelit, amputatsiya, boʻy oʻsishining yetishmovchiligi — pakanalik);

► psixik rivojlanishi sust bolalar;

► aqli zaif bolalar;

► murakkab nuqsonli bolalar (rivojlanishida 2 ta va undan koʻp yetishmovchilik boʻlgan bolalar).

Imkoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan maktablarga quyidagilar qabul qilinmaydi:

► aqli oʻta zaif bolalar (imbitsil, idiotiya darajasidagi oligofreniya);

► xulq-atvorida ogʻir buzilishlar, hissiy-irodaviy sohasida (organik) nuqsonlari boʻlgan bolalar;

► tayanch-harakat apparatida nuqsoni boʻlgan, mustaqil ravishda harakatlana olmaydigan va oʻz-oʻziga xizmat koʻrsata olmaydigan bolalar;

► koʻr-kar-soqov bolalar;

► tez-tez takrorlanadigan epileptik tutqanoqdan aziyat chekadigan (epileptik demensiya, kunduzgi va tungi vaqtlarda tutqanogʻi tez-tez takrorlanadigan) bolalar;

► markaziy asab tizimiga shikast yetganligi tufayli siydik va najasini ushlab turolmaydigan bolalar.

Ushbu toifadagi bolalar Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli muassasalariga yoʻllanadi yoki ularga yakka tartibda uyida oʻqitish tashkil etiladi.

 

    Imkoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan maktabda oʻqitish va tarbiyalash jarayoni oʻquvchilarning alohida xususiyatlarini hisobga olgan holda tashkil etiladi. Oʻquvchilarning bilimlari ulardagi nuqsonlarning oʻziga xosligini hisobga olgan holda, belgilangan tartibda baholanadi.

    Taʼlim-tarbiya jarayoni umumiy oʻrta taʼlimning davlat standartiga muvofiq holda belgilanadi. Taʼlim-tarbiya jarayoni oʻquv rejalari va dasturlari asosida, maxsus korreksion tuzatish uslublaridan foydalanilgan holda olib boriladi.

    Oʻqish, ixtiyoriy ravishda ijtimoiy foydali mehnat va dam olishni ilmiy asoslangan holda uygʻunlashtirishni taʼminlovchi kun tartibi bolalarning imkoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan maktabda yashashini hisobga olgan holda tashkil etiladi.

    Imkoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan maktabda oʻquvchilarning aqliy, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish uchun turli toʻgaraklar, klublar, studiyalar, seksiyalar tashkil etiladi.

    Imkoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan maktabda eshitishida, koʻrishda nuqsoni boʻlgan va maktab taʼlimiga yetarlicha tayyorgarlikka ega boʻlmagan bolalar uchun tegishli tayyorlov sinflari tashkil etiladi.

    Imkoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan maktabda rivojlanishida murakkab nuqsonli (2 ta va undan koʻp nuqsoni bor boʻlgan) bolalar uchun maxsus tuzatuvchi (korreksion) guruhlar (sinflar) ochilishi mumkin. Ushbu guruhlarga taʼlim oluvchilar psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaning xulosasi va bolaning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar roziligi bilan joylashtiriladi.

    Imkoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan maktabda sinflardagi bolalar soni

    Taʼlim yoʻnalishi turlari va sinflardagi bolalar toifalari

    Sinflarning oʻquvchilar bilan minimal toʻldirilishi

    Boshlangʻich sinflarda bolalar soni

    Yuqori sinflarda bolalar soni

    1. I-II turlar:

      

    Kar (eshitmaydigan) bolalar uchun

    8

    10

    Zaif eshituvchilar va keyinchalik kar boʻlgan (1, 2-boʻlimlar) bolalar uchun

    10

    12

    2. III-IV turlar:

      

    Koʻr(koʻzi ojiz) bolalar uchun

    8

    10

    Zaif koʻruvchilar va keyinchalik koʻr boʻlgan bolalar uchun

    10

    12

    3. V tur:

      

    Nutqida ogʻir nuqsoni boʻlgan bolalar uchun

    10

    12

    4. VI tur:

      

    Poliomiyelit xastaligi oqibatlari boʻlgan bolalar uchun

    10

    12

    Serebral falaji oqibatlari boʻlgan bolalar uchun

    10

    10

    5.VII tur:

      

    Psixik rivojlanishi sust bolalar uchun

    12

    16

    6. VIII tur:

      

    Yengil darajadagi aqli zaif bolalar uchun

    13

    13

    Oʻrta va ogʻir darajadagi aqli zaif bolalar uchun

    11

    11

    *Barcha turdagi ixtisoslashtirilgan muassasalarda taʼlim olayotgan murakkab nuqsonli (rivojlanishida 2 ta va undan koʻp nuqson boʻlgan) bolalar uchun

    6

    8

    Imkoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan maktabda jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqson boʻlgan bolalar sogʻligʻi va intellektining holati haqidagi maʼlumotlar hisobga olingan holda, 9 yillik umumiy taʼlim dasturini quyida belgilangan davrlar davomida oʻzlashtirishadi.

    Belgilangan davrlar davomiyligi

     

    Taʼlim yoʻnalishlari turlari va bolalar toifalari

     

    Tayyorlov guruhlari

     

     

    Boshlangʻich sinflar

     

     

    Yuqori sinflar

     

     

    Jami (yil)

     

    I-II turlar:

    Kar bolalarning umumiy oʻrta taʼlimi

    1

    1 — 5

    6 — 10

    10

    Zaif eshituvchi va keyinchalik kar boʻlgan 1-boʻlim bolalarining umumiy oʻrta taʼlimi

    1

    1 — 4

    5 — 9

    9

    Zaif eshituvchi 2-boʻlim bolalarining umumiy oʻrta taʼlimi

    1

    1 — 5

    6 — 10

    10

    III-IV turlar:

    Koʻzi ojiz bolalarning umumiy oʻrta taʼlimi

    1

    1 — 4

    5 — 10

    10

    Zaif koʻruvchi bolalarning umumiy oʻrta taʼlimi

    1

    1 — 4

    5 — 9

    9

    V tur:

    Nutqida ogʻir nuqsoni boʻlgan bolalarning umumiy oʻrta taʼlimi

    1 — 5

    6 — 10

    10

    VI tur:

    Tayanch-harakat apparatida nuqsonlari boʻlgan bolalarning umumiy oʻrta taʼlimi

    1 — 4

    5 — 9

    9

    VII tur:

    Psixik rivojlanishi sust bolalarning boshlangʻich taʼlimi (tenglash sinflari)

    1 — 5

    5

    VIII tu

    Aqli zaif bolalar uchun toʻliqsiz umumiy oʻrta maʼlumot

    1 — 4

    5 — 9

    9

    * Barcha turdagi Imkoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan maktabda taʼlim olayotgan murakkab nuqsonli (rivojlanishida 2 ta va undan koʻp nuqsoni boʻlgan) bolalar toifasi uchun

    Murakkab nuqsonlari boʻlgan bolalarning (rivojlanishida 2 ta va undan koʻp nuqsoni boʻlgan) toʻliqsiz umumiy oʻrta taʼlimi

    1 — 4

    5 — 9

    9

    Imkoniyati cheklangan bolalar sinfdan sinfga, bir maktab-internatdan boshqa maktab-internatga va maktab-internatdan maktabga oʻtkazilishi mumkin. Oʻtkazish bepul amalga oshiriladi.

    Sinfdan sinfga koʻchirish

    Oʻquvchining ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻz xohishiga koʻra oʻquv yili davomida yoki u tugaganidan soʻng farzandini sinfdan sinfga oʻtkazish huquqiga ega.

    Sinfdagi oʻquvchilar soni belgilangan meʼyordan ortiq boʻlgan taqdirda, maktab-internat direktori oʻquvchini sinfdan sinfga oʻtkazishni rad qilishi mumkin.

    Sinfdan sinfga oʻtkazish rad etilganligi haqida maktab-internat direktori tomonidan uch kun ichida ota-onalarga yozma ravishda maʼlum qilinadi.

    Oʻz sinfdoshlariga nisbatan uch va undan ortiq katta yosh farqi boʻlgan psixik rivojlanishi sust yoki aqli zaif bolalar bir sinfda kamida ikki chorak taʼlim olgach, ularning bilim, koʻnikma va malaka darajasini inobatga olgan holda maktab-internatning tibbiy va pedagog xodimlari xulosasi asosida pedagogik kengash qarori bilan faqat bir sinf yuqoriga koʻchirilishi mumkin.

    Maktabdan maktabga koʻchirish

    Ota-onalar oʻz xohishiga koʻra oʻquv yili davomida yoki u tugaganidan soʻng farzandini bir maktab-internatdan bir xil turdagi boshqa maktab-internatga, yoki boshqa turdagi maktab-internatga oʻtkazish huquqiga ega.

    Bunda boshqa turdagi kasalliklarga ixtisoslashgan maktabga koʻchirishda psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaning ijobiy xulosasini zarur boʻladi.

    Sanatoriy turidagi maktab-internatlar oxirgi 5 yilda 3 yoshdan 16 yoshgacha bolalar oʻrtasida tegishli kasalliklarning koʻpayganligini koʻrsatadigan rasmiy statistika maʼlumotlariga asosan xalq taʼlimi va sogʻliqni saqlash boshqarmalari taqdimnomasiga moliya boshqarmalarining ijobiy xulosasi berilgan taqdirda viloyatlar va Toshkent shahar hokimi tomonidan tashkil etiladi.

    Sanatoriy turidagi maktab-internatlarda oʻquvchilar bepul umumiy oʻrta taʼlim, bepul tibbiy xizmat hamda bepul oziq-ovqat bilan taʼminlanadi.

    Sanatoriy turidagi maktab-internatga bolalar 7 yoshdan boshlab qabul qilinadi. Sanotoriy turidagi maktab internatlar roʻyxati bilan ushbu havola orqali tanishi mumkin. 

    Sanatoriy turidagi maktab-internatlari quyidagi turlarga boʻlinadi:

    ► skolioz bilan kasallangan bolalar uchun sanatoriy turidagi maktab-internatlar;

    ► sil va nafas olish organlarining surunkali kasalliklari xavfi boʻlgan guruh bolalari uchun sanatoriy turidagi maktab-internatlar.

    Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga ularning turiga muvofiq holda:

    ► I—IV daraja skolioz bilan kasallangan;

    ► sil va nafas olish organlarining surunkali kasalliklariga chalingan, alohida shart-sharoitlarda davolash va sogʻlomlashtirishga muhtoj boʻlgan maktab yoshidagi bolalar qabul qilinadi.

    Sanatoriy turidagi maktab-internatlarga quyidagilar qabul qilinmaydi:

    ► aqli zaif bolalar;

    ► xulq-atvorida ogʻir buzilishlar, hissiy-irodaviy sohasida (organik) nuqsonlari boʻlgan bolalar;

    ► yurak-qon tomiri kasalliklari bor bolalar;

    ► tayanch-harakat apparatida nuqsoni boʻlgan, mustaqil ravishda harakatlana olmaydigan va oʻz-oʻziga xizmat koʻrsata olmaydigan bolalar;

    ► koʻr-kar-soqov bolalar;

    ► tez-tez takrorlanadigan epileptik tutqanoqdan aziyat chekadigan (epileptik demensiya, kunduzgi va tungi vaqtlarda tutqanogʻi tez-tez takrorlanadigan) bolalar;

    ► markaziy asab tizimiga shikast yetganligi tufayli siydik va najasini ushlab turolmaydigan bolalar.

    Mazkur toifadagi bolalar imkoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan maktablarda yoki uyda taʼlim oladi.

    Bolalarni sanatoriy turidagi maktab-internatlar yuborish xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan, boshqarmalar huzurida tashkil etilgan psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasiga koʻra, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar roziligi bilan amalga oshiriladi.

    Sanatoriy turidagi maktab-internatlarga yoʻllangan har bir bolaga ota-onalari (chin yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun — vasiylik va homiylik organlari) tomonidan shaxsiy hujjatlar yigʻmajildi rasmiylashtiriladi va taqdim etiladi.

    Bolaning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildida quyidagi hujjatlar boʻladi:

    ► ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning arizasi;

    ► psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosalarining ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasiga yoʻllangan bola bilan olib boriladigan taʼlim-tarbiyaviy va davolash-tuzatish boʻyicha tavsiyalari aks etgan bayoni;

    ► tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;

    ► maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatlar;

    ► oʻqish joyidan taʼlimning muddati, oʻquv fanlarini oʻzlashtirishi va xulq-atvori, bolaga yakka tartibda koʻmak berish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarning batafsil tahlili aks ettirilgan maʼlumotnoma va tavsifnoma;

    ► bolaning yashash joyidagi shifoxona bosh vrachi tomonidan imzolangan, uning rivojlanishi tarixidan mufassal koʻchirma:

    ► pediatrning bolaning umumiy rivojlanishi holati toʻgʻrisidagi xulosasi;

    ► psixonevrologning tibbiy tashxis bilan asoslangan va bolaning aqliy rivojlanishiga tavsifi bilan xulosasi;

    ► otorinolaringologning quloq, tomoq, burun va talaffuz artikulyatsiyasida ishtirok etuvchi organlarning holatiga tavsifi bilan xulosasi;

    ► oftalmologning koʻrish organiga tavsifi bilan xulosasi;

    ► ortoped vrachning xulosasi (tayanch-harakatlanish apparatida nuqsoni boʻlgan, skoliozga chalingan bolalar uchun);

    ► vrach-ftiziatrning xulosasi (tuberkulez va nafas olish organlarining surunkali kasallanishi xavfi ostidagi bolalar guruhlari uchun).

    Sanatoriy tipidagi maktab-internatlarda oʻqitish umumiy oʻrta taʼlim oʻquv rejalari va taʼlim dasturlari asosida olib boriladi.

    Sanatoriy tipidagi maktab-internatlarda bolalar 3 yildan koʻp boʻlmagan muddat boʻlishi mumkin.

    Sanatoriy tipidagi maktab-internatlarda sil va nafas olish organlarining surunkali kasalliklari rivojlanishi xavfi mavjud guruhdagi bolalar uchun sinflar va tarbiyalanuvchilar guruhi toʻldirilishi kamida 25 nafarni, skolioz bilan kasallangan bolalar uchun sinflar va tarbiyalanuvchilar guruhi toʻldirilishi esa — kamida 20 nafarni tashkil qiladi.

    Birinchi yarim yillikda I sinfda darsning davomiyligi — 35 daqiqa, ikkinchi yarim yillikda I sinfda va boshlangʻich taʼlim (maktab)ning II — IV sinflarida-40 daqiqa, V va keyingi sinflarda — 45 daqiqa boʻladi.

    Sanatoriy tipidagi maktab-internatlarda oʻquvchilar uchun turli toʻgaraklar, qiziqishlariga koʻra klublar, seksiyalar (jumladan, shifokorlar tavsiyalariga koʻra sport seksiyalari) va bolalarning intellektual hamda ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga moʻljallangan studiyalar tashkil etiladi.

    Sanatoriy tipidagi maktab-internatlarda taʼlim jarayonining psixologik taʼminotini muassasa shtatidagi psixolog amalga oshiradi.

    Bolalarni sogʻlomlashtirishga yoʻnaltirilgan davolash-sogʻlomlashtirish, reabilitatsiya, sanitariya-gigiyena va profilaktika chora-tadbirlari maktab-internatlarning shtatdagi tibbiy va pedagog xodimlari hamda taʼlim muassasasiga biriktirilgan sogʻliqni saqlash muassasasining tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

    1-sinfga qabul qilingan oʻquvchilariga quyidagi oʻquv qurollari toʻplamiga tekin beriladi:

    ► Oddiy va rangli qalamlar

    ► Portfel

    ► 12 ta daftar

    ► Plastilin

    ► Qalamdon

    ► Ruchkalar

    ► Oʻchirgʻichlar

    ► Yelim

    ► Rangli qogʻozlar toʻplami

    ► Rasm chiziladigan albom

    ► Boʻyoqlar

    Kam taʼminlangan oilalardan boʻlgan oʻquvchilar bepul qishki kiyim bosh toʻplami bilan taʼminlanishi shart.

    Qishki kiyim-bosh toʻplamiga quyidagilar kiradi:

    ► Palto yoki kurtka;

    ► Etik;

    ► Telpak;

    ► Qoʻlqop.

    Kam taʼminlangan oilalardan boʻlgan oʻquvchilarni aniqlash maktab rahbarlari va ota-onalar qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.

    Oʻquvchilarga kiyim-bosh va poyabzallar berish sentyabr oyida amalga oshirilishi kerak.

    Ota-onalar qoʻmitasi va maktab pedagogika kengashi majlisi bayonnomasidan koʻchirma kiyim-bosh berish huquqiga asos hisoblanadi, unga muvofiq son va soʻm ifodasida buyumlar roʻyxati koʻrsatilgan holda oʻquvchilarning familiyalari keltirilgan vedomost tuziladi.

    Bolalarning familiyalari qarshisiga ota-onalar yoki yaqin qarindoshlar imzo chekadilar.

    Quyidagi toifadagi oʻquvchilar darsliklar bilan bepul taʼminlanadi:

    • birinchi sinf oʻquvchilari;
    • “Mehribonlik” uylari, maxsus maktab va maktab-internatlarning tarbiyalanuvchilari boʻlgan oʻquvchilar;
    • ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlgan oilalardagi oʻquvchilar.

    Bunda darsliklar toʻplami bilan bepul taʼminlanadigan ijtimoiy yordamga muhtoj oilalardagi oʻquvchilarning roʻyxati 1 sentyabrgacha fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari iltimosnomasiga va ota-onalar qoʻmitasining xulosasiga asosan umumtaʼlim maktabining pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

    Bepul foydalanish uchun berilgan darsliklar oʻquv yili yakunida toʻliq hajmda maktabga qaytariladi, birinchi sinf oʻquvchilariga berilgan ish daftarlari bundan mustasno.

    Oʻquvchini boshqa maktabga oʻtkazish toʻgʻrisida buyruq chiqarilgan taqdirda, unga bepul foydalanish uchun berilgan darsliklar uch kun ichida maktabga qaytarilishi lozim.

    Bunda maktab maʼmuriyati tomonidan oʻquvchi joriy oʻquv yilida darsliklar toʻplami bilan bepul taʼminlanishi lozimligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma beriladi.

    Oʻquvchi uni qabul qilgan maktab tomonidan mazkur maʼlumotnoma asosida darsliklar toʻplami bilan bepul taʼminlanadi.

    Darsliklar toʻplami umumtaʼlim maktablarining kutubxona jamgʻarmalaridan ixtiyoriylik asosida ijaraga beriladi. Ijaraga beriladigan darsliklar roʻyxati bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

    Ota-onalar oʻz hohishiga koʻra tegishli oʻquv yilidagi darsliklar toʻplamlarini doʻkonlardan sotib olishi ham mumkin.

    Oʻquvchilarni chet tillari boʻyicha darsliklar bilan taʼminlash bepul amalga oshiriladi.

    Ijara tizimidagi darsliklar toʻplami oʻquvchilarga maktab va oʻquvchining ota-onasi oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida beriladi.

    Darsliklarni ijarag olinganda toʻliq toʻplamda ijaraga olinadi, toʻliqsiz toʻplamda (faqat ayrim darsliklarni) ijaraga berishga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Darsliklar toʻplami uchun ijara toʻlovi miqdori respublika boʻyicha yagona boʻlib, u 25 avgustgacha Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan barcha maktablariga yetkaziladi, shuningdek ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilinadi.

    2018/2019 yil uchun ijara toʻlovi miqdori:

    • umumtaʼlim maktablarining birinchi sinf oʻquvchilari uchun – bepul;
    • 2-sinflar uchun 12 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 26 900 soʻm;
    • 3-sinflar uchun 11 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 13 200 soʻm;
    • 4-sinflar uchun 11 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 15 300 soʻm;
    • 5-sinflar uchun 13 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 7 400 soʻm;
    • 6-sinflar uchun 15 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 14 600 soʻm;
    • 7-sinflar uchun 16 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 13 700 soʻm;
    • 8-sinflar uchun 17 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 8 900 soʻm;
    • 9-sinflar uchun 17 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 9 400 soʻm;
    • 10-sinflar uchun 17 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 22 800 soʻm;
    • 11-sinflar uchun 19 ta darslikdan iborat toʻplamning ijara narxi 41 800 soʻm.

    Darsliklar toʻplami uchun ijara toʻlovi shartnomaga asosan 30-sentyabrgacha toʻliq hajmda toʻlanadi.

    Oʻquvchilarning ota-onalari pul mablagʻlari vaqtinchalik yoʻqligi sababli, ijara toʻlovi muddatini uzaytirish toʻgʻrisida maktabga murojaat qilishi mumkin.

    Bunda ijara toʻlovi muddati direktor buyrugʻi bilan uzaytirilishi kerak.

    Ijara toʻlovi muddati uzaytirilgan taqdirda, mazkur toʻlovning 50 foizi 30 sentyabrgacha, qolgan qismi esa 30 noyabrgacha toʻlanishi lozim.

    Darsliklar toʻplami uchun ijara toʻlovlari umumtaʼlim maktabining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga naqd pul yoki naqd pulsiz shaklda toʻlanadi.

    Darsliklar ijara asosida foydalanadigan oʻquvchilarga ijara toʻlovi toʻlangandan, ijara toʻlovini toʻlash muddati uzaytirilgan hollarda, uning yarmi toʻlangandan keyin taqdim etiladi.

    Bunda ijara toʻlovi toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov hujjati nusxasining maktab kutubxonachisiga taqdim etilishi darsliklar toʻplamini berish uchun asos boʻladi.

    Darsliklardan bepul foydalanadigan oʻquvchilarga 10 sentyabrgacha darsliklar beriladi.

    Oʻquvchini boshqa maktabga oʻtkazish toʻgʻrisida buyruq chiqarilgan taqdirda, unga ijara asosida foydalanish uchun berilgan darsliklar uch kun ichida maktabga toʻliq toʻplamda qaytarilishi lozim.

    Bunda toʻlangan ijara toʻlovi qaytarilmaydi va oʻquvchiga maktabi tomonidan darsliklar toʻplamidan foydalanish uchun ijara toʻlovi toʻlanganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma va tegishli toʻlov hujjatining nusxasi beriladi.

    Oʻquvchi uni qabul qilgan maktab tomonidan mazkur maʼlumotnoma va toʻlov hujjatining nusxasi asosida darsliklar toʻplami bilan bepul taʼminlanadi.

    Maʼlumotnoma yoʻqolgan taqdirda, uning dublikati beriladi.

    Darsliklar ijaraga yoki bepul foydalanilayotganidan qatʼi nazar, ular yoʻqolgan yoki foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan taqdirda, oʻquvchining ota-onasi zararni quyidagi miqdorlarda toʻlaydi:

    • birinchi sinf oʻquvchilarining har bir darsligi uchun — uning bir baravari miqdorida;
    • 2 — 4 sinf oʻquvchilarining har bir darsligi uchun — uning ikki baravari miqdorida;
    • 5 — 9 sinf oʻquvchilarining har bir darsligi uchun — uning toʻrt baravari miqdorida.

    Davlat maktablarida oʻquvchilar uchun yagona maktab formasini kiyishlari shart.

    Maktab formalarining shakllari bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

    Maktab formasini kiyishda quyidagi talablar qoʻyiladi:

    • kiyimlarning oʻta tor yoki oʻta keng bichimda boʻlmasligi;
    • qizlar uchun yubkaning uzunligi tizzadan 5 — 15 sm pastda boʻlishi;
    • oʻgʻil bolalar uchun shimning uzunligi oyoq toʻpigʻidan pastda boʻlishi;
    • oyoq kiyimlar poshnasining 3 santimetrdan baland boʻlmasligi;
    • koʻylakning eng yuqoridagi faqat bitta tugmasidan tashqari boshqa tugmalarning qadalgan boʻlishi;
    • kiyimlarning toza va dazmollangan boʻlishi.

    Oʻquvchilar maktab binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozim, taʼlim muassasasida oʻtkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno.

    Oʻquvchilarning maktab formasiga hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar qoʻshishga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Tashqi koʻrinishga qoʻyiladigan boshqa taqiqlar:

    • oʻgʻil bola oʻquvchilarning taʼlim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qoʻygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun boʻlgan va yorqin ranglarga boʻyagan holda kelishlariga;
    • qiz bola oʻquvchilarning taʼlim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga boʻyagan, yuzini koʻzga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulogʻiga bittadan ortiq sirgʻa taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qoʻl tirnoqlarini boʻyagan va uzun qilib oʻstirgan holda kelishlariga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Tartib buzganlik uchun javobgarlik

    Oʻquvchilarning maktab formasini kiyish tartibiga rioya qilmaslik maktab ichki tartib-qoidalarini buzish deb baholanadi va bunday oʻquvchilarga quyidagi choralar qoʻllanishi mumkin:

    • ogohlantirish;
    • kundalik daftariga qayd etish;
    • tushuntirish ishlarini olib borish uchun ota-onasini xabardor qilish;
    • mahalla yigʻini va taʼlim muassasasidagi yigʻilishlarda ota-onalar ishtirokida muhokama qilish.
    Chat