Ta’lim tashkilotida mehnat shartomasi asosida ta’lim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatini amalga oshiruvchi hamda tegishli ma’lumotga, kasbiy tayyorgarlikka va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxs pedagogdir.
O‘zbekistonda pedagogning maqomi tan olinadi. Pedagoglarning o‘z kasbiy faoliyatini yuritishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratiladi, ularning ijtimoiy himoyasi ta’minlanadi va huquqlari amalga oshirilishi uchun kafolatlar beriladi.
Pedagogning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘ladi.
Pedagog maqomi va imtiyozlar
Quyidagi shaxslarning pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi:
- sud hukmiga muvofiq pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etilganlar;
- sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
- pedagogik faoliyatni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklari bo‘lganlar;
- psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turganlar.
Bundan tashqari, qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ilgari sudlangan shaxslarni pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlarga qabul qilish man etiladi.
1-oktyabr “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” etib belgilangan hamda ushbu kun bayram (dam olish) kuni hisoblanadi.
Bolalarga ta’lim-tarbiya beradigan barcha pedagoglar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan majburiy ravishda tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tkaziladi.
Pedagoglar uchun 56 kunlik yillik haq to‘lanadigan uzaytirilgan ta’tillar beriladi hamda ish vaqtining davomiyligi haftasiga ko‘pi bilan 36 soat qilib belgilanadi.
Maktab o‘qituvchilari uchun direktor jamg‘armasi hisobidan 40 foizgacha qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
Maktab xodimlari 1-oktyabr bayram munosabati bilan MHEKMning 50 foizigacha mukofotlanishi mumkin.
Kasbiy faoliyatda yuqori natijalarga erishganligi uchun pedagoglar davlat mukofotlariga, xususan, “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi” va “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” faxriy unvonlari hamda boshqa davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi mumkin.
Ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga, ta’lim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki ta’lim tashkiloti pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish fuqarolarga BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.