ORTGA Sizning natijangiz 0%

Bolalar nafaqasi

Mavzular
1
Bola nafaqasi nima?
2
Bolalar nafaqasi kimlarga tayinlanadi?
3
Bolalar nafaqasi qanday hollarda tayinlanadi?
4
Bolalar nafaqasi miqdori qancha?
5
Qaysi hollarda bolalar nafaqasi tayinlash rad etiladi?
6
Bolalar nafaqasini tayinlashni so‘rab murojaat qilish tartibi
7
Bolalar nafaqasi qaysi muddat oralig‘ida to‘lanadi?
8
Bolalar nafaqasi to‘lashni to‘xtatish tartibi
Bola nafaqasi nima?

Bolalar nafaqasi — bu kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilish, ularning moddiy farovonligini oshirish va bolalarni parvarish qilishga ko'maklashish maqsadida davlat tomonidan beriladigan pul mablag'idir.

O‘zbekistonda bolalar nafaqasini tayinlash "Ijtimoiy himoya yagona reyestri" axborot tizimi orqali avtomatik tarzda amalga oshiriladi.

Bolalar nafaqasi kimlarga tayinlanadi?

Bolalar nafaqasi ijtmoiy reyestrga kiritilgan, oilaning har bir aʼzosiga toʻgʻri keladigan bir oylik jami oʻrtacha daromad belgilangan me’yordan past bo‘lgan, 18 yoshga to‘lmagan farzandi bor oilalarga tayinlanadi.

Bolalar nafaqasi qanday hollarda tayinlanadi?

Bolalar nafaqasi “davlat taʼminotidagi oila” va “kambagʻal oila” toifasidagi oilalarga ular mazkur toifadan chiqquniga qadar, “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasidagi oilalarga ular mazkur toifaga oʻtkazilgan (kiritilgan) oydan keyingi olti oy muddat uchun tayinlanadi. Bunda:

eng kichik yoki yagona bolasi oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan oilaga bolalar sonidan kelib chiqib bolalar nafaqasi tayinlanadi va eng kichik (yagona) bola oʻn sakkiz yoshga toʻlgan oyning oxirigacha toʻlanadi;

moddiy yordam olayotgan oilada farzand tugʻilganda (shu jumladan, bola vasiylikka (homiylikka) olinganda) keyingi oydan boshlab bolalar nafaqasi toʻlanadi;

agar bir oilada tugʻilgan, farzandlikka olingan yoki vasiylikka qabul qilingan bolalar egizak boʻlsa, ularning biri yoshi 3 yoshgacha boʻlgan kichik bola, keyingilari mos ravishda ikkinchi, uchinchi yoki toʻrtinchi hisoblanadi;

oila “davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidan chiqarilgan holda “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga oʻtkazilganda avval tayinlangan bolalar nafaqasi qoʻshimcha murojaat talab etmagan holda uzluksiz toʻlab boriladi.

Bolalar nafaqasi miqdori qancha?

Bolalar nafaqasi miqdori qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi. Bunda:

“davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidan chiqarilgan holda “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga oʻtkazilgan oilaga bolalar nafaqasi qoʻshimcha ariza talab etmagan holda, oila aʼzolarining har biriga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining:

1 baravaridan – 1,25 baravarigacha boʻlganda qonunchilik hujjatlarida belgilangan bolalar nafaqasi miqdorining 75 foizi miqdorida;

1,25 baravaridan – 1,5 baravarigacha boʻlganda qonunchilik hujjatlarida belgilangan bolalar nafaqasi miqdorining 50 foizi miqdorida tayinlanadi va toʻlanadi.

Qaysi hollarda bolalar nafaqasi tayinlash rad etiladi?

Bolalar nafaqasi tayinlash quyidagi hollarda “Yagona reyestr” ATda avtomatik tarzda rad etiladi:

ariza boʻyicha oilani Reyestrga kiritish rad etilganda yoki ariza koʻrib chiqilmaganda;

toʻldirilgan ariza boʻyicha oilani Reyestrga kiritish rad etilganda yoki ariza koʻrib chiqilmaganda;

bolalar nafaqasi toʻlovi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida Nizomning 26-bandi “b” kichik bandi talablariga asosan toʻxtatilgan oilaning aʼzosi olti oy ichida qayta murojaat qilganda, agar mazkur talablar bajarilmagan boʻlsa.

Bolalar nafaqasini tayinlashni so‘rab murojaat qilish tartibi

Ariza beruvchi bolalar nafaqasi tayinlashni soʻrab vakolatli organga quyidagi shakllarda murojaat qiladi:

bevosita davlat xizmatlari markazi yoki vakolatli organga borgan holda yoki oila yashaydigan mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali;

“Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali  yoki “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali mustaqil ravishda.

Bunda har bir oila tomonidan bolalar nafaqasi uchun murojaat qilish bir oyda bir marta amalga oshiriladi.

Bolalar nafaqasi qaysi muddat oralig‘ida to‘lanadi?

Bolalar nafaqasi toʻlovi oyning 4-sanasidan 27-sanasiga qadar moliyaviy agent tomonidan ariza beruvchining bank kartasiga yoki ijtimoiy kartasiga to‘lanadi.

Bolalar nafaqasi to‘lashni to‘xtatish tartibi

Bolalar nafaqasini toʻlash quyidagi hollarda mazkur holatlar aniqlangan oydan keyingi oydan boshlab toʻxtatiladi:

a) oila Reyestrdan chiqarilganda yoki “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga oʻtkazilganiga (kiritilganiga) olti oy toʻlganda;

b) bolalar nafaqasi tayinlangan Reyestrning “kambagʻal oila” toifasidagi oilaning rasmiy band boʻlmagan aʼzosi bolalar nafaqasi tayinlangan oydan boshlab olti oy davomida ishga joylashmasa, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi va oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar roʻyxatiga kirmasa yoki mehnat organlarining maqbul keladigan ishga doir takliflarini muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) rad qilgan boʻlsa, bundan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida Nizomning 27-bandida belgilangan holatlar mustasno.

Chat