Bolani tanlash va rozilik
Bolani oilaga tarbiyaga olishni xohlagan shaxs vasiylik va homiylik organlari bilan kelishilgan holda bolani oldindan tanlaydi.
Bolalarni oilaga tarbiyaga berish ularning xohishini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. 10 yoshga toʻlgan bolalar faqat oʻz roziligi bilan oilaga tarbiyaga beriladi (Oila kodeksi, 194-modda).
Kelishuv tuzish
Bolani oilaga tarbiyaga berish faqat vasiylik va homiylik organi bilan tutingan ota-ona oʻrtasida tuziladigan kelishuv asosida amalga oshiriladi.
Bu kelishuvda quyidagilar koʻrsatiladi:
- bolaning taʼminoti, tarbiyasi va taʼlimi bilan bogʻliq majburiyatlar;
- tutingan ota-onaning huquq va burchlari;
- vasiylik va homiylik organining nazorati va majburiyatlari;
- kelishuvni bekor qilish asoslari va oqibatlari.
Shaxsning turmush sharoiti va sogʻligʻini tekshirish
Kelishuv tuzilishidan oldin vasiylik va homiylik organi bolani tarbiyaga olishni xohlagan shaxsning turmush sharoitini, yashash sharoiti va oila aʼzolarining sogʻligini tekshiradi. Bu bola manfaatini taʼminlash uchun zarur chora hisoblanadi.
Bolalarni tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuv uzrli sabablar (kasalligi, oilaviy yoki mulkiy mavqeining oʻzgarishi, tarbiyasidagi bolalar bilan oʻzaro bir-birini tushunmaslik va boshqa sabablar) mavjud boʻlsa, bolalarning tutingan ota-onasi tashabbusi bilan, shuningdek vasiylik va homiylik organlarining tashabbusi bilan yoki bola ota-onasiga qaytarilgan yoxud bola farzandlikka olingan taqdirda muddatidan ilgari bekor qilinishi mumkin.
Bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuvni bekor qilishga oid nizolar sud tartibida hal qilinadi.