ORTGA Sizning natijangiz 0%

Shaxsni tasdiqlovchi hujjat olish

Mavzular
1
ID-karta nima?
2
Qanday hollarda ID-karta rasmiylashtiriladi?
3
Identifikatsiyalovchi ID-kartani 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar ham olsa bo‘ladimi?
4
ID-kartani olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
5
ID-kartani yo‘qotib qo‘ygan fuqaro qayerga murojaat qiladi?
6
ID-karta olish uchun qanday hujjatlar kerak?
7
ID-karta olish uchun to‘lov miqdori qancha?
8
Qaysi toifadagi shaxslarga ID-karta olish uchun imtiyozlar mavjud?
9
ID-karta qanday hollarda bepul almashtiriladi?
ID-karta nima?

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiya ID-kartasi — O‘zbekiston Respublikasi hududida egasining shaxsini va O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tasdiqlaydigan, ID-karta egasining shaxsiy biografik va biometrik ma’lumotlari kiritilgan elektron tashuvchi qurilma (chip)ga ega bo‘lgan hujjat hisoblanadi.

Qanday hollarda ID-karta rasmiylashtiriladi?

ID-kartani rasmiylashtirish va berish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

  • ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra – bola tug‘ilgandan boshlab 16 yoshga to‘lguniga qadar;
  • fuqaro 16 yoshga to‘lganda;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinganda yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida tan olinganda;
  • ID-kartaning amal qilish muddati tugaganda;
  • fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug‘ilgan sanasi, jinsi o‘zgarganda;
  • ID-kartaga yoki chipga kiritilgan ma’lumotlarda noaniqliklar, xatolar va texnik nuqsonlar mavjudligi aniqlanganda;
  • ID-karta yoki chip yaroqsiz holga kelganda;
  • ID-karta ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganida;
  • ID-karta yo‘qotib qo‘yilganda.
Identifikatsiyalovchi ID-kartani 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar ham olsa bo‘ladimi?

ID-karta ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan fuqarolarga quyidagi muddatlarga beriladi:

- yangi tug‘ilgan bolaga bir yoshgacha – ikki yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra);

- bir yoshdan 16 yoshgacha – 5-yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra);

- 16 yoshdan – 10-yil muddatga.

ID-kartani olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?

ID-kartalarini olish va almashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, o‘z ixtiyoriga ko‘ra xohlagan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga hamda davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishi orqali rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, ID-kartasini rasmiylashtirish uchun murojaat o‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslardan kelib tushganda mas’ul xodim tomonidan 15 kun muddatda ushbu shaxslarning yashash manziliga borgan holda identifikatsiya ID-kartasi rasmiylashtiriladi va ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.

ID-kartani yo‘qotib qo‘ygan fuqaro qayerga murojaat qiladi?

Bunday vaziyat yuzaga kelgan taqdirda o‘ziga qulay bo‘lgan ma’lumotlarni yig‘ish punktiga murojaat etadi. Yangi ID-karta belgilangan tartibda ID-karta yo‘qolganligi haqida ariza kelib tushgan kundan boshlab bir ish kunida beriladi.

Shuningdek, fuqaro ID-kartasi amal qilish muddati tugaganda va tegishli yoshga to‘lgandan so‘ng yoki familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili va millati o‘zgargandan so‘ng bir oy muddatda ID-karta olish uchun murojaat qilishi lozim.

ID-karta olish uchun qanday hujjatlar kerak?

Fuqarolar (jumladan, bolalar) ID-karta olish uchun o‘ziga qulay bo‘lgan ma’lumotlarni yig‘ish punktiga quyidagilarni taqdim etadi:

- belgilangan shakldagi ariza-anketa;

- ilgari berilgan pasport yoki ID-karta;

- tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma (ID-karta birinchi marotaba rasmiylashtirilayotganda);

- vakolatli organning qarori (ID-karta ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganida);

- davlat boji to‘langanligi haqida kvitansiya.

ID-karta ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan hujjatlar to‘liq qabul qilib olingandan so‘ng bir ish kuni mobaynida beriladi.

ID-karta olish uchun to‘lov miqdori qancha?

Yangi tug‘ilgan bolaga, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiga, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarosiga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga identifikatsiyalovchi ID-kartasini berganlik uchun 330,012 so‘m (BHMning 80.1 foizi) to‘lanadi.

Qaysi toifadagi shaxslarga ID-karta olish uchun imtiyozlar mavjud?

O‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar, sog‘ligining holatiga ko‘ra mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar (shu jumladan, nogironligi bor bolalar) ID-karta olish uchun ma’lumotlarni yig‘ish punktiga shaxsan o‘zlari yoki qonuniy vakillari orqali (og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda) murojaat etganda, ID-karta ma’lumotlarni yig‘ish punktining mas’ul xodimi tomonidan o‘n besh kun muddatda ushbu shaxslarni yashash manziliga borgan holda rasmiylashtiriladi va beriladi. Bunda ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.

ID-karta qanday hollarda bepul almashtiriladi?

ID-karta rasmiylashtirish va berish jarayonida unda texnik nuqsonlar aniqlansa, basharti ular ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, ID-karta bepul almashtiriladi.

Fuqaro ID-kartani olish yoki almashtirish yuzasidan o‘z vaqtida murojaat qilmasligi, uni yaroqsiz holga keltirishi, yo‘qotib qo‘yishi, shuningdek, boshqa shaxsga tegishli bo‘lgan ID-kartani qonunga xilof ravishda olib qo‘yish, ID-kartadan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, uni yo‘q qilish, yaroqsiz holatga keltirish yoki yashirish uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asosan javobgarlik belgilanadi.

Chat