Ko‘pchilik insonlar maktab hayotdagi eng muhim bosqich, bolalar albatta yaxshi o‘qishi kerak, deb hisoblashga o‘rganib qolgan. Shu bois ba’zi ota-onalar bola holdan toyguncha darslarini bajarishni talab qilib, ularga bosim o‘tkazishadi. Aslida bajarilmagan dasrlar - bu fojia ham, halokat ham emas: asosiysi sizning bola bilan munosabatlaringiz, uning psixologik qulayligi va o‘qishga bo‘lgan qiziqishi hisoblanadi.
Bolaga “uy vazifasi” qo‘rquvini yengib o‘tishga yordam bering!
Dastlab uy vazifalarini bajarib o‘tirgan bola o‘zini yo‘qotib qo‘yishi va unga qanday kirishishni bilmasligi mumkin. Bunday holatlarda ota-onalarning vazifasi - jarayonni tashkillashtirishga yordamlashish, nimadan boshlab nima bilan tugallash kerakligini, javoblarni daftarlarga qanday yozish kerakligini ko‘rsatib berish hisoblanadi.
O‘zingizga o‘zingiz nima uchun dars qilish kerakligini tushuntiring!
Ko‘p ota-onalar darslarni bajarishni odatga aylantirishga intilishadi, biroq aksariyat bolalar buni nima uchun shunchaki bajarish lozimligini tushunishmaydi. Matematikani har kuni ko‘zda yosh bilan yechadigan bolaga "shuni qilishing shart" deyish ochiq va qiziquvchan insonni barcha yangiliklarga shubha bilan qaraydigan yopiq kishiga aylantirib qo‘yadi.
Bolani mustaqil qaror qabul qilishga o‘rgating!
Bolaga imkon qadar ko‘proq mustaqillik berishga harakat qiling. Aks holda, u yoshligidan qaror qabul qilishni bilmasligi, katta bo‘lganda bu borada hech qanday tajribaga ega emasligiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, ota-ona o‘qituvchining o‘rnini bosishi kerak emas - aks holda, bolalar uyda siz yaxshilab tushuntirishingizga umid qilib, sinfda hech narsani tinglamay qo‘yishadi.
Bolaga ishoning va qaror qabul qilishni unga qoldiring - bolalar tanlovni amalga oshirish va ustuvor vazifalarni o‘zi belgilashni o‘rganishlari kerak.
G‘azablanmaslikka harakat qiling!
Ko‘pincha shunday bo‘ladiki, ota-onalar bolaga uyga vazifani tushuntirishga harakat qiladi, biroq bola tushunmaydi va ota-onaning jahli chiqadi. Yuzaga kelgan ziddiyatlar natijasida bola xatolardan qo‘rqa boshlaydi. Aslida esa bolaning ota-onani o‘qituvchi sifatida qabul qila olmasligi tabiiy holat. Unutmang, bola bilan munosabatlaringiz dasrlardan muhimroq. Bolani ham, o‘zingizni ham qiynamay, boshqacha yondashuvlarni izlang - masalan, unga mavzuga doir videosaboqni ko‘rishni taklif qiling.
Bolaning faqat baholariga emas, hayotiga qiziqish bildiring!
Bolaning nafaqat baholariga, balki kundalik hayotiga ham qiziqish bildiring. Unga qiziq bo‘lgan predmetlar va mavzularni muhokama qiling, aks holda u o‘zini e’tibordan chetda qolgandek his qiladi. Bolani nazorat qilish emas, unga g‘amxo‘rlik qilish - maktabdagi yangiliklarga qiziqish bildirish, uni tinglash va qo‘llab-quvvatlash muhim hisoblanadi.
Bolani yomon o‘qigani uchun jazolamang!
Bajarilmagan uyga vazifa uchun jazo qo‘llash - to‘g‘ri yo‘l emas. Darslar nima uchun muhim ekanini xotirjam holda misollar bilan tushuntirishga harakat qiling. Bolada stress bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang. Bolaning qiziqishlari va qobiliyatidan kelib chiqib, ustuvor vazifalarni belgilashga harakat qiling. Bolani ko‘proq tinglang va unga nima kerakligini tushunishga harakat qiling.