ORTGA
Sizning natijangiz 0%

Bolaning ismi va familiyasini o‘zgartirish

Mavzular
1
Bolaning ismi va familiyasini o‘gartirish huquqi
2
Bolaning ismi va familiyasini o‘zgartirish tartibi
3
Qanday holatlarda familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish mumkin?
4
Familiyasi, ismi, otasining ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizaga qaysi hujjatlar ilova qilinishi lozim?
5
Qanday holatlarda ichki ishlar organi tomonidan familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgartirilishi maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida fikr berilishi mumkin?
6
Familiyasi, ismi, ota ismi o‘zgartirilgan shaxs FHDYo tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qancha muddat ichida almashtirish zarurligi to‘g‘risida ogohlantiriladi?
7
O‘zaro qonuniy nikohda turgan er yoki xotindan birining familiyasi o‘zgartirilishi ikkinchisining ham o‘zgartirilishiga sabab bo‘ladimi?
8
Familiya, ism, otasining ismi o‘zgartirilganligi uchun qancha miqdorda davlat boji to‘lanadi?
Bolaning ismi va familiyasini o‘gartirish huquqi

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi ota-onaning birgalikdagi arizasiga binoan bola oʻn olti yoshga toʻlguncha bola manfaatlarini eʼtiborga olib, uning ismini oʻzgartirishga, shuningdek unga berilgan familiyani ham otasi yoki onasining familiyasiga qarab oʻzgartirishga haqlidir.

Agar ota-ona alohida yashasa va bola bilan birga yashovchi ota (ona) bolaga oʻz familiyasini berishni xohlasa, vasiylik va homiylik organi bu masalani bolaning manfaatlarini va ona (ota)ning fikrini hisobga olgan holda hal qiladi. Ota yoki onaning turgan joyini aniqlash mumkin boʻlmaganda, ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda, muomalaga layoqatsiz deb topilganda, shuningdek ota yoki ona bolaga taʼminot berish va uni tarbiyalash majburiyatlarini bajarishdan uzrsiz sabablarga koʻra boʻyin tovlagan hollarda ota yoki onaning fikrini hisobga olish shart emas.

Agar bola oʻzaro nikohda boʻlmagan shaxslardan tugʻilgan va otalik qonuniy tartibda belgilanmagan boʻlsa, vasiylik va homiylik organi bolaning manfaatlarini eʼtiborga olib, uning familiyasini onaning murojaat qilgan davridagi familiyasiga almashtirish uchun ruxsat berishga haqli.

Oʻn yoshga toʻlgan bolaning ismi yoki familiyasini oʻzgartirishga faqat uning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.

Mazkur o‘zgartirish holati Oila kodeksi va Vazirlar mahkamasining 20.10.2023 yilda qabul qilingan 550-sonli qarori asosida amalga oshiriladi.

Bolaning ismi va familiyasini o‘zgartirish tartibi

Ism-familiyani o‘zgartirish haqidagi arizalar ariza beruvchi 16 yoshga to‘lgandan keyin  u yashab turgan joydagi FHDYo organi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

- Agar 16 yoshga to‘lgan shaxs pasport yoki o‘rnini bosuvchi shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat olgunga qadar ism-familiyasini o‘zgartirish haqida ariza bersa, u holda arizaga tug‘ilganlik haqida guvohnoma ilova qilinadi.

- Ism-familiyasini o‘zgartirish ichki ishlar organlari xulosasi asosida amalga oshiriladi.

- Ism-familiyasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ariza berilgan kundan boshlab 2 oy mobaynida ko‘rib chiqiladi. Uzrli sabablar (ishni rasmiylashtirish uchun zarur bo‘lgan dalolatnoma yozuvi nusxalarining boshqa FHDYo organlaridan, ichki ishlar organlari xulosasining kechikib olinishi va boshqalar) mavjud bo‘lganda FHDYo organi mudiri ushbu muddatni 15 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga uzaytirishi mumkin.

- Ushbu xizmatni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali amalga oshirish mumkin.

Qanday holatlarda familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish mumkin?

“Davlat tili to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq quyidagi holatlarda familiya, ism va ota ismini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yiladi:

- sudning hal qiluv qarori asosida;

- agar familiya va ism eshitilishda yoqimsiz bo‘lsa;

- agar shaxsning familiyasi va ismi millatiga to‘g‘ri kelmasa;

- xohishiga qarab, o‘zining nikohgacha bo‘lgan familiyasiga (nikohda turgan davrida ham nikohdan ajratilgandan keyin ham) qaytishda;

- oila uchun umumiy familiyada bo‘lish istagi paydo bo‘lganda (agar nikoh tuzish paytida er-xotin umumiy familiya qabul qilishmagan bo‘lsa);

- bolalarning ota yoki ona bilan bir xil familiyada bo‘lish, onasining nikohgacha bo‘lgan familiyasida bo‘lish, o‘gay otaning yoki vasiysining familiyasida bo‘lish istagi paydo bo‘lganda;

- 16 yoshga to‘lgan shaxsga nisbatan otalikni belgilashda ko‘rib chiqiladi.

 

Familiyasi, ismi, otasining ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizaga qaysi hujjatlar ilova qilinishi lozim?

Familiyasi, ismi, otasining ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

- ariza beruvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi;

- agar ariza beruvchi nikohda turgan bo‘lsa, u holda nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi, agar nikohdan ajratilgan bo‘lsa, nikohdan ajratilganlik haqidagi guvohnomasi;

- agar ariza beruvchining voyaga yetmagan bolalari bo‘lsa, u holda bolalarining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari;

- agar ariza beruvchi voyaga yetmagan yoki sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, u holda ota-onasining yoxud vasiy yoki homiyning arizasi;

Qanday holatlarda ichki ishlar organi tomonidan familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgartirilishi maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida fikr berilishi mumkin?

Quyidagi holatlarda ichki ishlar organlari tomonidan familiyasi, ismi, otasining ismi o‘zgartirilishi maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida fikr berilishi mumkin:

- agar shaxs o‘zi to‘g‘risida bila turib soxta yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etgan bo‘lsa;

- agar shaxs surishtiruv, tergov yoki sud  organi tomonidan qidirilayotgan bo‘lsa (qidiruv bekor qilingunga qadar);

- agar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, ish yuzasidan uzil-kesil sud qarori yoki boshqa qaror qabul qilinguniga qadar.

Familiyasi, ismi, ota ismi o‘zgartirilgan shaxs FHDYo tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qancha muddat ichida almashtirish zarurligi to‘g‘risida ogohlantiriladi?

1 oy.

O‘zaro qonuniy nikohda turgan er yoki xotindan birining familiyasi o‘zgartirilishi ikkinchisining ham o‘zgartirilishiga sabab bo‘ladimi?

Yo‘q, sabab bo‘lmaydi.

Ota-onalardan har ikkalasining familiyasi o‘zgartirilishi 16 yoshga to‘lmagan bolalari familiyasining ham o‘zgartirilishiga sabab bo‘ladi.

Agar ota-onadan biri familiyasini o‘zgartirsa, ularning voyaga yetmagan bolalarining familiyasini o‘zgartirish masalasi ota-onalarning kelishuviga binoan, bunday kelishuv bo‘lmaganda esa – vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.

Familiya, ism, otasining ismi o‘zgartirilganligi uchun qancha miqdorda davlat boji to‘lanadi?

16 yoshdan 18 yoshgacha – BHMning 50 foizi;

18 yoshdan katta – BHMning 1 baravari.