ORTGA Sizning natijangiz 0%

Bola huquqlari: 15 ta bilishimiz kerak boʻlgan huquqlar

Mavzular
1
Kimlar bola hisoblanadi?
2
1-huquq
3
2-huquq
4
3-huquq
5
4-huquq
6
5-huquq
7
6-huquq
8
7-huquq
9
8-huquq
10
9-huquq
11
10-huquq
12
11-huquq
13
12-huquq
14
13-huquq
15
14-huquq
16
15-huquq
Kimlar bola hisoblanadi?

Qonunchilikka koʻra, bola — 18 yoshga toʻlgunga (voyaga yetgunga) qadar boʻlgan shaxs hisoblanadi. Ularning qonunchilikda belgilangan koʻplab huquqlari mavjud. Shulardan eng muhimlari haqida maʼlumot beramiz.

1-huquq

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq har bir bolaga inson hamda fuqaro huquqlari va erkinliklari tegishli boʻladi hamda davlat tomonidan kafolatlanadi.

2-huquq

Yashash huquqi har bir bolaning uzviy huquqidir. Bola hayotiga suiqasd qilish eng ogʻir jinoyatdir.

3-huquq

Har bir bola tugʻilgan paytdan eʼtiboran familiya, ism, ota ismi olish, millati va fuqaroligiga ega boʻlish huquqiga, shuningdek ularni saqlab qolish huquqiga ega.

4-huquq

Har bir bola erkinlik, shaxsiy daxlsizlik, turar joyi daxlsizligi va xat-xabarlarini sir tutish huquqiga ega. Shuningdek, har bir bola oʻz shaʼni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga gʻayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega.

5-huquq

Har bir bolaga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.

6-huquq

Har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, oʻz ota-onasini bilish, ular bilan birga yashash va ularning gʻamxoʻrligidan foydalanish huquqiga ega, uning manfaatlariga zid boʻlgan hollar bundan mustasno.

7-huquq

Har bir bola gʻayriqonuniy koʻchirilishdan va chet eldan qaytarilmaslikdan himoyalanish huquqiga ega. Bolaning chet elga safarlari faqat ota va onaning yoki ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarning roziligi bilan qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi mumkin.

8-huquq

Oilada har qanday masala hal qilinayotganda bola oʻz fikrini ifoda etishga, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki maʼmuriy muhokama jarayonida soʻzlashga haqlidir.

9-huquq

Bola qonunda belgilangan tartibda xususiy mulk huquqiga ega boʻlishi mumkin. Bolaning shaxsiy foydalanishida boʻlgan, bola tomonidan hadya, meros tariqasida olingan, shaxsiy mehnati evaziga yoki boshqa qonuniy usulda olingan buyumlar, mol-mulk uning xususiy mulkidir.

10-huquq

Har bir bola oʻzining yoshi, sogʻligʻining holati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat qilish, faoliyat turini va kasbni erkin tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash huquqiga ega. Ishga qabul qilishga 16 yoshdan yoʻl qoʻyiladi.

11-huquq

Har bir bola oʻzining yoshi, sogʻligʻi hamda ehtiyojlariga mos keladigan dam olish va boʻsh vaqtga boʻlgan huquqqa ega.

12-huquq

Har bir bola bilim olish huquqiga ega.

13-huquq

Har bir bola turar joyli boʻlish huquqiga ega. Mazkur huquq qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

14-huquq

Bola qonunga asoslanmagan holda ushlab turilishi, hibsga olinishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.

15-huquq

Bola vasiylik va homiylik organiga, shuningdek boshqa davlat organlariga mustaqil ravishda murojaat qilishga haqli. Bunday murojaatlarni bola toʻliq muomala layoqatiga ega boʻlmaganligi sababli koʻrib chiqmasdan qoldirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Chat