ORTGA
Sizning natijangiz 0%

Imkoniyati cheklangan bolangiz ham o'qishi mumkin!

Mavzular
1
Inklyuziv ta’lim nima?
2
Inklyuziv maktabda ta’lim olish uchun qanday hujjatlar topshirilishi kerak?
3
Inklyuziv sinfga qabul yoshi
4
Hujjat topshirish va qabul tartibi
5
Inklyuziv ta’lim doirasiga qabul qilinmaydigan bolalar toifalari
6
Inklyuziv ta’limda pedagog xodimlar faoliyati va ota-onalar bilan hamkorlik
Inklyuziv ta’lim nima?

Inklyuziv ta’lim – barcha uchun teng imkoniyatlar ta’minlangan holda beriladigan ta’lim. Ya’ni, alohida ta’lim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarning xilma-xilligini hisobga olib, ta’lim oluvchilarga teng imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan o‘quv jarayonidir.

Qoidaga ko‘ra, inklyuziv ta’lim sinfida o‘quvchilarning umumiy soni 30 nafardan oshmasligi shart. Shu bilan birga, bitta inklyuziv sinf tarkibida tashxisi bir xil yoki bir-biriga yaqin nogironligi bo‘lgan bolalarning 3 nafari ta’lim olishi mumkin.

Inklyuziv maktabda ta’lim olish uchun qanday hujjatlar topshirilishi kerak?

Inklyuziv maktabda ta’lim olish uchun quyidagi hujjatlar topshirilishi kerak:

• tibbiy xulosa;

• nogironligi bor bolaning maktabgacha bo‘lgan davrda ta’lim olganligi hamda xulq-atvori haqidagi ma’lumotnoma;

• nogironligi bo‘lgan bolaga yakka tartibda yordam berish borasida amalga oshirilgan chora tadbirlar ro‘yxati;

• nogironligi bo‘lgan bolaning yashash hududidagi bosh shifokor tomonidan tasdiqlangan ambulator kartasidan ko‘chirma.

Ushbu hujjatlar yig‘ma shaklda maktab direktoriga taqdim etilgandan keyin nogironligi bo‘lgan bola maktab direktori buyrug‘iga asosan inklyuziv tartibda ta’lim olish uchun o‘quv jarayonlariga jalb etiladi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, har qanday inson to‘siqsiz muhitda ta’lim olish huquqiga egadir. Nogironligi bo‘lgan bolalar misolida bu jarayon yuqorida tahlil qilinganidek, inklyuziv ta’lim orqali amalga oshiriladi.

Inklyuziv sinfga qabul yoshi

Maktabning inklyuziv taʼlim sinflari va boshlangʻich tayanch korreksion sinflarning birinchi sinfiga oʻquvchilar ular yetti yoshga toʻladigan yilda qabul qilinadi.

Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarning taʼlim olish huquqini taʼminlash maqsadida umumtaʼlim maktablari uchun belgilangan yosh meʼyoridan ikki yilga oshgan bolalarni qabul qilishga ruxsat etiladi.

Hujjat topshirish va qabul tartibi

Inklyuziv taʼlim sinflari va boshlangʻich tayanch korreksion sinflarga boshqa maʼmuriy-hududiy birlikdan kelib oʻqish istagini bildirgan oʻquvchilar oʻquvchini qabul qilayotgan maktab joylashgan hududning psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyasi yoʻllanmasiga asosan qabul qilinadi.

Oʻquvchilarni inklyuziv taʼlim sinflariga va boshlangʻich tayanch korreksion sinflarga qabul qilish oʻquv yili boshlanguncha hamda oʻquv yili davomida amalga oshiriladi va maktab direktorining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.

Inklyuziv ta’lim doirasiga qabul qilinmaydigan bolalar toifalari

Quyidagi toifadagi bolalar qabul qilinmaydi:

- aqliy rivojlanishi oʻta zaif bolalar;

- xulq-atvorida ogʻir buzilishlar, hissiy-irodaviy sohasida (organik) nuqsonlari boʻlgan bolalar;

- tayanch-harakat apparatida nuqsoni boʻlgan, mustaqil ravishda harakatlana olmaydigan va oʻz-oʻziga xizmat koʻrsata olmaydigan bolalar;

- koʻr-kar-soqov bolalar;

- tez-tez takrorlanadigan epileptik tutqanoqdan aziyat chekadigan (epileptik demensiya, kunduzgi va tungi vaqtlarda tutqanogʻi tez-tez takrorlanadigan) bolalar;

- markaziy asab tizimiga shikast yetganligi tufayli siydik va najasini ushlab turolmaydigan bolalar.

Inklyuziv ta’limda pedagog xodimlar faoliyati va ota-onalar bilan hamkorlik

Maktablarda inklyuziv taʼlim sinflari va boshlangʻich tayanch korreksion sinflar oʻquvchilarining salohiyatini rivojlantirish maqsadida oʻquvchilar uchun individual oʻquv dasturlari ishlab chiqiladi.

Inklyuziv taʼlim sinflari va boshlangʻich tayanch korreksion sinflardagi taʼlim-tarbiya jarayonining nazorati ushbu sinf rahbari tomonidan amalga oshiriladi.

Maxsus pedagoglar inklyuziv taʼlim sinflari va boshlangʻich tayanch korreksion sinflarda hamda maxsus yordam koʻrsatish xonalarida oʻquvchilar bilan korreksion-pedagogik ishlarni olib boruvchi va muvofiqlatiruvchi asosiy mutaxassis hisoblanadi.

Maxsus pedagoglar boshqa pedagoglar bilan birgalikda inklyuziv taʼlim sinflari va boshlangʻich tayanch korreksion sinflar oʻquvchilari bilan ishlash rejasini tuzadi va ularni sinfga uygʻunlashtiradi.

Maxsus pedagoglar koreksion taʼlimni olib boradi, mashgʻulotlarning mazmuni va metodlarini tanlaydi, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga korreksion-pedagogik, tibbiy yordam koʻrsatilishini muvofiqlashtiradi, boshqa mutaxassislar bilan hamkorlikda umumiy mashgʻulotlarni, kichik guruhlarda va alohida-alohida mashgʻulotlarni olib boradi.

Zarurat boʻlganda oʻquvchilar bilan qoʻshimcha yakka tartibda mashgʻulotlar tashkil etiladi.