Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning oila muhitiga bo‘lgan huquqi kafolatlari
Davlat bolaning oilada bo‘lishiga to‘sqinlik qiluvchi sharoitlarni bartaraf qilish, bola oilasidan ajratilgan hollarda esa uni oilasiga tezroq qaytarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi.
Davlat nogironligi bo‘lgan bolalarni hamda jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan oilalarga moddiy yordam, maslahat yordami va boshqa yordam ko‘rsatadi hamda ularni qo‘llab-quvvatlaydi.
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishda imtiyozli huquq bu vazifani bajarishga qodir bo‘lgan qarindoshlariga beriladi.
Bolani oilaga joylashtirishning imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, uni ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirish oxirgi choradir.
Oilada tarbiyalanishi mumkin bo‘lmagan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar ularga zarur g‘amxo‘rlikni hamda qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydigan muqobil shaklda joylashtirilish huquqiga ega.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirishning shakllari:
- vasiylik va homiylikni belgilash;
- bolani farzandlikka olish;
- oilaga tarbiyaga olish (patronat);
- ixtisoslashtirilgan tarbiya, davolash muassasalariga, ijtimoiy himoya muassasalariga joylashtirish.
Qonunchilikka muvofiq ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirishning boshqa shakllari ham nazarda tutilishi mumkin.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.