НАЗАД
Ваш результат 0%

Mahkuma ayollarning farzandlari uchun maxsus bog‘chalar tashkil etiladi

17.11.2026, 15:13
7

“Jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan mahkuma ayollarning farzandlarini maktabgacha ta’lim xizmatlari bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–395-son, 12.11.2026 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-dekabrdan Ichki ishlar vazirligi tizimidagi 21-son jazoni ijro etish koloniyasi qoshidagi Bolalar uyi negizida hamda 42-son manzil-koloniyada 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun “Ona va bola markazi” maxsus davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etiladi.

Maxsus maktabgacha ta’lim tashkilotlarida:

5 nafargacha bolalarni qamrab oladigan kecha-yu kunduz faoliyat yurituvchi guruhlar tashkil etiladi;

tarbiyalanuvchilar yashashi, tibbiy xizmatdan foydalanishi, yoshiga mos ravishda rivojlanishi va kamol topishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi;

tarbiyalanuvchilar 21-son jazoni ijro etish koloniyasi va 42-son manzil-koloniya tomonidan qonunchilikda Bolalar uylari tarbiyalanuvchilari uchun belgilangan normalarga muvofiq oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal, yumshoq anjomlar bilan ta’minlanadi;

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tarbiyalanuvchilarni o‘z vaqtida emlash va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ta’minlanadi;

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan har chorakda bola va ona uchun yaratilgan sharoitni o‘rganish maqsadida monitoring amalga oshiriladi.