Yevropa bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarda keskin cheklovlar joriy qilmoqda
Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen bolalarni ijtimoiy tarmoqlarning zararli ta’siridan himoya qilish bo‘yicha yangi cheklovlarni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, 13 yoshga to‘lmaganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanadi. 15 yoshgacha bo‘lganlarga esa shaxsiy akkaunt ochishga ruxsat berilmaydi. 13–15 yoshdagilar faqat ota-ona yoki vasiy nazoratidagi, imkoniyatlari cheklangan va kuniga 1 soatlik limit o‘rnatilgan maxsus akkauntlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun esa platformalar xavfsiz dizayn va rejimni ta’minlashi shart bo‘ladi.
“Ko‘pchilik yirik texnologik kompaniyalarning (Big Tech) kuch-qudratini haddan tashqari ustun va jilovlab bo‘lmaydigan deb hisoblashidan xabardorman. Lekin men bunga qo‘shilmayman. Biz qaramlik keltirib chiqaruvchi funksiyalarga ko‘nikishimiz shart emas. Bolalarning borgan sari ekstremalroq kontentlarga tortilishiga toqat qilishimiz shart emas”, — dedi Yevropa Komissiyasi prezidenti. Fon der Lyayen, shuningdek, sun’iy intellekt orqali qizlarning suratlarini ochiq-sochiq tasvirlarga aylantirishga ham yo‘l qo‘yilmasligi kerakligini qat’iy ta’kidladi.