НАЗАД
Ваш результат 0%

BAAda 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishi taqiqlandi

19.06.2026, 09:39
19

BAA 15 yoshdan kichik bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqladi va bunday cheklov joriy etgan birinchi arab davlatiga aylandi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Yangi qarorga ko‘ra, 15 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy akkaunt ochishi, undan foydalanishi yoki uni boshqarishi taqiqlanadi.
“Ushbu taqiq tufayli ular kontent joylay olmaydi, izoh qoldira olmaydi, postlarni ulasha olmaydi va ommaviy guruhlarga qo‘shila olmaydi”, deyiladi hukumat matbuot xizmati xabarida.
15 va 16 yoshdagi o‘smirlarga esa ijtimoiy tarmoqlardan qo‘shimcha xavfsizlik choralari asosida foydalanishga ruxsat beriladi. Bunga yoshga mos kontent nazorati, begona shaxslar bilan muloqotni cheklash, ekranga tikilish vaqtini boshqarish hamda ota-ona nazorati funksiyalari kiradi.
Yangi qoidalar BAAda faoliyat yurituvchi barcha ijtimoiy tarmoqlarga taalluqli bo‘lib, kompaniyalardan raqamli shaxsni tekshirish va sun’iy intellekt tizimlari orqali yoshni qat’iy aniqlash talab etiladi. Foydalanuvchi o‘z yoshini shunchaki kiritishi esa hisobga olinmaydi.
Platformalar 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar ochgan akkauntlarni o‘chirishi, tizimni chetlab o‘tishga boʻlgan urinishlarning oldini olishi, maqsadli reklama yoki foydalanuvchi profilini yaratish uchun bolalar ma’lumotlaridan foydalanmasligi shart.
Hukumatning ta’kidlashicha, ushbu choralar bolalarning nomaqbul kontentga duch kelishi, xavfli onlayn muloqotlar, ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik va shaxsiy ma’lumotlar o‘g‘irlanishi kabi xavotirlar sababli ishlab chiqilgan.
Rasmiylar tegishli standartlarni bosqichma-bosqich joriy etish uchun ijtimoiy tarmoqlarga 12 oygacha muddat berdi.