НАЗАД
Ваш результат 0%

Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili huquqiy maqomi va vakolatlari ta’sirchanligi kuchaytirilmoqda

14.05.2026, 15:18
9

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan 13 ta qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Xususan,
Bola huquqlari bo‘yicha vakil huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bolaga qarshi sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan xabardor qilinishi majburiyligi;
Bola huquqlari bo‘yicha vakilni bolaga qarshi sodir etilgan jinoyatlar to’g’risidagi ish materiallari bilan tanishtirish shartligi;
ozodlikdan mahrum etilgan voyaga yetmagan mahkumlarning, ushlab turilgan va qamoqqa olingan shaxslarning murojaatlarini Bola huquqlari bo‘yicha vakilga yuborish tartib-taomili;
“Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning bola manfaatlari yuzasidan arizalar va da’volar bilan ma’muriy va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qilganida, davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishi;
parlament palatalari tomonidan Bola huquqlari bo‘yicha vakilning daxlsizlik huquqiga doir masalaning ko‘rib chiqilishi hamda Bola huquqlari bo‘yicha vakil ma’ruzasini eshitish tartibi;
Bola huquqlari bo‘yicha vakilning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida alohida normalar belgilanmoqda.
Aytish joizki, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyatining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga, uning institutsional mustaqilligini kuchaytirishga hamda bola huquqlariga oid qonunchilik ijrosi ustidan parlament nazoratini yanada samarali va ta’sirchan olib borishiga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni 2024-yilning 2-mart kuni kuchga kirgan edi.
Yig‘ilish yakunida bola huquqlarini himoyalashga oid islohotlar izchilligini ta’minlash maqsadida mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.