Voyaga yetmaganlar qanday bitimlarni mustaqil ravishda tuzishi mumkin?
Qonunchilikka ko‘ra, olti yoshdan oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga yetmaganlar (kichik yoshdagi bolalar) uchun bitimlarni quyidagi holatlardan tashqari, ularning nomidan faqat ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari tuzishi mumkin:
- mayda maishiy bitimlar;
- tekin manfaat koʻrishga qaratilgan, notarial tasdiqlashni yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazishni talab qilmaydigan bitimlar;
- qonuniy vakil yoki uning roziligi bilan uchinchi shaxs tomonidan muayyan maqsad yoki erkin tasarruf etish uchun berilgan mablagʻlarni tasarruf etish borasidagi bitimlar.
Kichik yoshdagi bolaning bitimlari boʻyicha, shu jumladan oʻzi mustaqil tuzgan bitimlar boʻyicha uning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki vasiyi, agar ular majburiyatning buzilishida oʻzlarining ayblari yoʻqligini isbotlay olmasalar, mulkiy javobgar boʻladilar. Ushbu shaxslar qonunga muvofiq kichik yoshdagi bolalar yetkazgan zarar uchun ham javobgar boʻladilar.
Shuningdek, oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar ota-onalari, farzandlikka oluvchilar va homiylarining roziligisiz quyidagilarni mustaqil ravishda amalga oshirishga haqli:
1) oʻz ish haqi, stipendiyasi va boshqa daromadlarini tasarruf etish;
2) fan, adabiyot yoki sanʼat asarining, ixtironing yoxud oʻz intellektual faoliyatining qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa natijasi muallifi huquqini amalga oshirish;
3) qonunga muvofiq kredit muassasalariga omonatlar qoʻyish va ularni tasarruf etish;
4) mayda maishiy bitimlarni tuzish.
Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar yuqoridagi holatlarga muvofiq oʻzlari tuzgan bitimlar boʻyicha mustaqil ravishda mulkiy javobgar boʻladilar. Bunday voyaga yetmaganlar oʻzlari yetkazgan zarar uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Yetarli asoslar mavjud boʻlganida sud ota-onalar, farzandlikka oluvchilar yoki homiyning yoxud vasiylik va homiylik organining iltimosnomasiga muvofiq oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganning oʻz ish haqi, stipendiyasi yoki boshqa daromadlarini mustaqil tasarruf etish huquqini cheklab qoʻyishi yoki bu huquqdan mahrum qilishi mumkin.