НАЗАД Ваш результат 0%

Finlandiyada 15 yoshgacha bolalar elektr skuter boshqargani uchun ota-onalar jarimaga tortiladi

15:11 - 03.09.2025
129

2025-yil 17-iyun kunidan boshlab Finlandiyada elektr skuterlaridan foydalanish bo‘yicha yangi qonun kuchga kirdi. Unga ko‘ra, elektr skuterlarni boshqarish uchun 15 yosh minimal yosh cheklovi sifatida belgilandi.

Bu choralar o‘tgan yili Bolalar xavfsizligi kengashi tomonidan ilgari surilgan taklif asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, bir necha bolaning elektr skuterda halok bo‘lishi yoki jarohatlanishi ortidan qabul qilindi.

Bu borada Transport va kommunikatsiyalar vaziri Lulu Ranne Reuters’ga bergan intervyusida “Vaziyat butunlay nazoratdan chiqib ketgan edi, endi uni tartibga keltirish zarur. Shunday yo‘l bilan biz skuter haydashdan xavfsiz va qoidalar asosida bahramand bo‘lamiz, shu bilan birga inson hayotini saqlab qolamiz”, deb aytib o‘tgan.

Endilikda agar politsiya tomonidan 15 yoshga to‘lmagan bolaning skuter haydagani aniqlansa, ota-ona yoki vasiy 40–60 yevro jarimaga tortiladi. Bu qoida ijaraga olingan va shaxsiy skuterlarga ham tatbiq etiladi. Jarima ijara kompaniyalariga ham qo‘llanishi mumkin.

Shuningdek, qonun skuter haydashda kaska taqishni tavsiya etadi. Bu talab allaqachon velosipedchilar uchun mavjud bo‘lib, endi e-skuter va boshqa yengil elektr transport vositalariga ham tatbiq qilinadi.

Yangi qonun asosida ijara kompaniyalari faoliyat yuritish uchun litsenziya olishi kerak bo‘ladi. Bu esa shahar va tuman hokimiyatlariga tezlik cheklovlari, to‘xtash joylari, foydalanish vaqtlari ustidan ko‘proq nazorat qilish imkonini beradi.

Ushbu o‘zgarishlarni 30 ga yaqin shahar va munitsipalitet ikki yil avval talab qilgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili taxminan 1 600 kishi elektr skuter bilan bog‘liq og‘ir jarohat oladi, so‘nggi besh yilda kamida 6 ta halokatli hodisa qayd etilgan. Shu davrda 600 nafar bola kasalxonaga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

 

Chat