НАЗАД Ваш результат 0%

Bolani bog‘chaga joylashtirishda muhim 6 qoida

14:49 - 25.08.2025
222

          Qonunchilikka ko‘ra, davlat bog‘chalariga 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qabul qilinadilar. Xususiy bog‘chalarga qabul qilish yoshi va tartibi ushbu bog‘chalar tomonidan mustaqil belgilanadi. Shuningdek, to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 2 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni pullik xizmat ko‘rsatish shaklida qabul qilishga ruxsat beriladi.

          Bolani davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga (bog‘cha, DMTT) joylashtirishda ko‘plab uchraydigan savollar mavjud.

          1. “Navbatga qo‘yish” uchun ariza yuborish tartibi

          Ota-onalar, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (farzandlikka oluvchilar, vasiylar va homiylar), bolalarning yaqin qarindoshlari (bobosi, buvisi, voyaga yetgan akasi yoki opasi) yoki uchinchi shaxslar yo‘llanmalar olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zlari kelib murojaat qiladilar yoki elektron shaklda davlat xizmatlaridan foydalanish uchun otasi yoki onasi (farzandlikka oluvchisi) mustaqil ravishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali(my.gov.uz)da ro‘yxatdan o‘tadilar. Shuningdek, davlat xizmatidan kompleks tarzda foydalanish uchun Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga tug‘ilishni qayd etish bilan bir vaqtda murojaat qilish mumkin.

          Ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat qilingan taqdirda, davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat qilingan taqdirda esa, ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun so‘rovnomani elektron shaklda mustaqil ravishda yoki vakolatli organ xodimlari yordamida, Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligining rasmiy veb-saytida hamda YaIDXPda joylashtirilgan ma’lumotdan foydalangan holda to‘ldiradi. Ariza beruvchilar bir vaqtda uchtagacha tashkilotga bolani navbatga qo‘yish huquqiga ega hisoblanadilar.

          2. Navbatni kuzatib borish

          Ariza beruvchi onlayn tarzda navbatni kuzatishi va YaIDXPda xabarnomalarni olishi, shuningdek, tashkilotda bolani qabul qilish uchun ariza berish shartlaridan (YaIDXP yoki davlat xizmatlari markazlari orqali) qat’iy nazar, davlat xizmatlari markazlarida murojaat holati to‘g‘risida ma’lumotni bepul olishi mumkin.

          3. Yo‘llanma shakllantirilishi tartibi qanday?

          To‘ldirilgan so‘rovnoma avtomatik ravishda «Bolalar bog‘chasi» maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimiga yuboriladi. Bunda MTBATda avtomatik ravishda quyidagi harakatlar amalga oshiriladi:

  • tegishli tashkilot va guruhda bo‘sh o‘rin bo‘lganda — yo‘llanma shakllantiriladi;
  • tegishli tashkilot va guruhda bo‘sh o‘rin bo‘lmaganda — so‘rovnoma tegishlicha umumiy yoki imtiyozli ro‘yxatga kiritiladi hamda xabarnoma shakllantiriladi.

          Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligining rasmiy veb-saytida tashkilotlar va guruhlardagi bo‘sh o‘rinlar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar doimiy ravishda yangilab boriladi.

          Yo‘llanmalar MTBATda avtomatik ravishda tashkilotda o‘rinlar bo‘shagan kuni navbatga muvofiq rasmiylashtiriladi.

          4. Kimlar “navbatga qo‘yish”da imtiyozli hisoblanadilar?

          Bolalarning quyidagi kontingenti so‘rovnomalari imtiyozli ro‘yxatga kiritiladi:

  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalari;
  • ko‘p bolali oilalarning bolalari;
  • yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;
  • tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarning bolalari;
  • «Ijtimoiy himoya yagona reestri», «Kambag‘al oilalar reestri» axborot tizimiga kiritilgan kam ta’minlangan hamda «Kambag‘al oilalar reestri» axborot moduliga kiritilgan kambag‘al oilalarning bolalari;
  • «Ayollar daftari»ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning bolalari;
  • kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlarining bolalari;
  • talabalar va pedagoglarning bolalari;
  • akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan bo‘lgan bolalar;
  • ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotlardan umumiy turdagi maktabgacha tashkilotlarga o‘tkazilayotgan sog‘aygan bolalar.
  • Bolalarni imtiyozli ro‘yxat bo‘yicha qabul qilish davlat-xususiy sheriklikka asoslangan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.

          Imtiyozli ro‘yxatga kiritiladigan, shuningdek, maxsus kontingentga kiruvchi bolalarning hamda ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar bolalarining so‘rovnomalari davlat xizmatlari markazlariga borib, ustunlik huquqini yoki tegishli kontingentga kirishini tasdiqlovchi hujjatning aslini nusxasini ko‘rsatgan holda rasmiylashtiriladi.

          5. Imtiyozli va umumiy ro‘yxatda turgan so‘rovnomalar bo‘yicha yo‘llanma berish tartibi

          Imtiyozli va umumiy ro‘yxatda turgan so‘rovnomalar bolaning yoshiga mos guruhlardagi bo‘sh o‘rinlar soniga qarab quyidagi tartibda navbatma-navbat shakllantiriladi va yo‘llanmalar beriladi:

  • imtiyozli ro‘yxatdan bitta so‘rovnoma;
  • umumiy ro‘yxatdan bitta so‘rovnoma;
  • agar bolalar egizak bo‘lsa, bir vaqtda egizaklarning so‘rovnomalari (guruhda ikkinchi bolaga bo‘sh o‘rin bo‘lmagan taqdirda, guruhning quvvatini oshirish hisobiga).

          Birinchi marta tarbiyalanuvchilar qabul qilayotgan yangi qurilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan tegishli mikrouchastkalardagi hududlarda yashovchi bolalar maktabgacha ta’lim vazirining buyrug‘i asosida ustunlik huquqi bilan qabul qilinadi. Bunda mikrouchastkalarga kirmaydigan hududlardan bolalarni tashkilotga qabul qilish mikrouchastkalarga tegishli hududlardan bolalar qabul qilingandan so‘ng qolgan bo‘sh o‘rinlarga mazkur Reglamentda belgilangan tartibda umumiy va imtiyozli ro‘yxat asosida amalga oshiriladi.

          6. Maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirishni rasmiylashtirish

          MTBAT tomonidan bolalarni tashkilotga joylashtirish bo‘yicha yo‘llanma shakllanganligi haqidagi xabarnomalar tanlangan tashkilotga va ariza beruvchining telefon raqamiga yuboriladi.

          Bolalarni tashkilotga qabul qilish tashkilotning yoki buyruq rasmiylashtirishda ishtirok etuvchi boshqa idoralarning aybi bilan kechikkanda, yo‘llanma o‘z kuchida qoladi.

          Bolalarni tashkilotlarga xabarnomasiz qabul qilish taqiqlanadi. Ariza beruvchi bolalarni tashkilotga qabul qilishni yo‘llanma shakllangandan so‘ng 15 ish kuni mobaynida rasmiylashtirmagan taqdirda, yo‘llanma haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Chat