ORTGA
Sizning natijangiz 0%

Pedagog maqomi va imtiyozlar

Mavzular
1
Pedagog kim?
2
Kimlar pedagog bo‘lishi mumkin emas?
3
Pedagoglarga qisqartirilgan ish haftasi qo‘llaniladi
4
Maktab pedagoglariga har oylik qo‘shimcha ustama beriladi
5
Pedagoglarga davlat mukofotlari beriladi
6
Pedagoglar faoliyatiga aralashish javobgarlikka sabab bo‘ladi
7
Pedagoglarni tibbiy ko’rikdan o‘tkazish
8
O‘qituvchilarga beriladigan ustama
9
Ustozlarga rag‘bat
10
Moddiy yordam miqdori va shartlari
11
“Eng yaxshi maktab” tanlovi g‘oliblariga pul mukofoti
12
Inklyuziv ta’lim xodimlari ustamalari miqdori
13
Attestatsiyadan ozod qilinadigan pedagoglar toifasi
14
Malaka toifasi attestatsiyasiz beriladigan pedagoglar toifasi
15
Davolash ishlari uchun shifokor-pedagoglarga qancha to‘lanadi?
16
Ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish
17
Pedagoglarga ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatishda 50 foiz chegirma beriladi
Pedagog kim?

Ta’lim tashkilotida mehnat shartomasi asosida ta’lim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatini amalga oshiruvchi hamda tegishli ma’lumotga, kasbiy tayyorgarlikka va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxs pedagogdir.
O‘zbekistonda pedagogning maqomi tan olinadi. Pedagoglarning o‘z kasbiy faoliyatini yuritishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratiladi, ularning ijtimoiy himoyasi ta’minlanadi va huquqlari amalga oshirilishi uchun kafolatlar beriladi.
Pedagogning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘ladi.

Kimlar pedagog bo‘lishi mumkin emas?

Quyidagi shaxslarning pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi:
- sud hukmiga muvofiq pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etilganlar;
- sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
- pedagogik faoliyatni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklari bo‘lganlar;
- psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turganlar.
Bundan tashqari, qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ilgari sudlangan shaxslarni pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlarga qabul qilish man etiladi.

Pedagoglarga qisqartirilgan ish haftasi qo‘llaniladi

1-oktyabr “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” etib belgilangan hamda ushbu kun bayram (dam olish) kuni hisoblanadi.
Bolalarga ta’lim-tarbiya beradigan barcha pedagoglar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan majburiy ravishda tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tkaziladi.
Pedagoglar uchun 56 kunlik yillik haq to‘lanadigan uzaytirilgan ta’tillar beriladi hamda ish vaqtining davomiyligi haftasiga ko‘pi bilan 36 soat qilib belgilanadi.

Maktab pedagoglariga har oylik qo‘shimcha ustama beriladi

Maktab o‘qituvchilari uchun direktor jamg‘armasi hisobidan 40 foizgacha qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

Maktab xodimlari 1-oktyabr bayram munosabati bilan MHEKMning 50 foizigacha mukofotlanishi mumkin.

Pedagoglarga davlat mukofotlari beriladi

Kasbiy faoliyatda yuqori natijalarga erishganligi uchun pedagoglar davlat mukofotlariga, xususan, “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi” va “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” faxriy unvonlari hamda boshqa davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi mumkin.

Pedagoglar faoliyatiga aralashish javobgarlikka sabab bo‘ladi

Ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga, ta’lim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki ta’lim tashkiloti pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish fuqarolarga BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Pedagoglarni tibbiy ko’rikdan o‘tkazish

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 360-moddasida binoan, bolalarga ta’lim-tarbiya beradigan barcha pedagog xodimlar doimiy ravishda bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Xodimlar, jumladan pedagog xodimlar ham majburiy tibbiy ko‘riklardan o‘tishi munosabati bilan chiqimdor bo‘lmaydi.

O‘qituvchilarga beriladigan ustama

Maktab o‘qituvchilariga faoliyatni baholash mezonlari asosida 10 foizdan 40 foizgacha, kutubxonachi va psixologlarga 10 foizdan 20 foizgacha ustama belgilanadi.

Olimpiada g‘olibi bo‘lgan o‘qituvchilarga 150 foizgacha ustama beriladi

Shuningdek, olis hududlarda dars berayotgan o‘qituvchilarga 50 foizgacha ustama beriladi.

Ustozlarga rag‘bat

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazish tizimini takomillashtirish hamda xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktabni aniqlash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Qarori asosida fan olimpiadasi g‘olibini tayyorlagan o‘qituvchilar rag‘batlantiriladi.

Moddiy yordam miqdori va shartlari

Umumtaʼlim muassasalari xodimlariga moddiy yordam xodimning oʻzi yoki yaqin qarindoshi (otasi, onasi, turmush oʻrtogʻi, farzandi) vafot etganda, ogʻir kasallikka chalinganda, xodim tabiiy ofatdan zarar koʻrganda koʻrsatiladi.

Bunda kalendar yili davomida bir xodimga toʻlanadigan moddiy yordamlarning jami miqdori uning lavozim maoshi (oʻqituvchining tarif stavkasi) miqdorining ikki barobaridan oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

“Eng yaxshi maktab” tanlovi g‘oliblariga pul mukofoti

“Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Bunda:

a) tuman (shahar) bosqichida:

1-oʻrin uchun — 100 million soʻm, 2-oʻrin uchun — 75 million soʻm, 3-oʻrin uchun — 50 million soʻm miqdorida mukofotlash — tuman (shahar) mahalliy budjetlari hisobidan;

b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichida:

1-oʻrin uchun — 250 million soʻm, 2-oʻrin uchun — 200 million soʻm, 3-oʻrin uchun — 150 million soʻm miqdorida mukofotlash — Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari hisobidan;

v) respublika bosqichida:

1-oʻrin uchun — 500 million soʻm, 2-oʻrin uchun — 400 million soʻm, 3-oʻrin oʻrin uchun — 300 million soʻm miqdorida mukofotlash respublika budjetidan Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligining markazlashgan xarajatlariga ajratiladigan mablagʻlar hisobidan.

Inklyuziv ta’lim xodimlari ustamalari miqdori

Inklyuziv taʼlim sinflari oʻqituvchilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda toʻlanadigan ustama haqi sinfda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bir nafar bola uchun tarif stavkasining 10 foizi, ikki nafar bola uchun tarif stavkasining 20 foizi, uch nafar bola uchun tarif stavkasining 30 foizi miqdorida, ikki va undan ortiq inklyuziv taʼlim sinflarida toʻrt nafar va undan ortiq bola uchun taʼlim-tarbiya ishlarini amalga oshirgan fan oʻqituvchilariga tarif stavkasining 40 foizi miqdorida belgilanadi.

Boshlangʻich tayanch korreksion sinflar oʻqituvchilari bolalar sonidan qatʼi nazar, inklyuziv sinflar yoki boshlangʻich tayanch korreksion sinflarda faoliyat yuritayotgan maxsus pedagoglarga va yordamchi xodim (assistent-oʻqituvchi)larga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda toʻlanadigan ustama haqi lavozim maoshining 50 foizi miqdorida toʻlanadi.

Attestatsiyadan ozod qilinadigan pedagoglar toifasi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq, 2023-yil 1-apreldan boshlab shunday tartib oʻrnatildiki, unga ko‘ra quyidagilar majburiy attestatsiyaga jalb etilmasligi belgilandi:

- pedagogik faoliyat boʻyicha 25 yil va undan koʻp ish stajiga ega boʻlgan pedagog xodimlar;

- yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5 yildan koʻp boʻlmagan muddat qolgan pedagog xodimlar.

Malaka toifasi attestatsiyasiz beriladigan pedagoglar toifasi

Quyidagi pedagog kadrlarga malaka toifasi (lavozim) toʻgʻridan-toʻgʻri (attestatsiyadan oʻtkazilmasdan) beriladi:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan roʻyxati tasdiqlanadigan sport musobaqalarining:

xalqaro hamda respublika bosqichida 3-oʻrinni egallagan tarbiyalanuvchisini tayyorlagan maktabgacha taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya yoʻriqchilariga — ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi);

xalqaro hamda respublika bosqichida 2-oʻrinni egallagan tarbiyalanuvchisini tayyorlagan maktabgacha taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya yoʻriqchilariga — birinchi malaka toifasi (yetakchi oʻqituvchi lavozimi);

xalqaro hamda respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan tarbiyalanuvchisini tayyorlagan maktabgacha taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya yoʻriqchilariga — oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi);

b) belgilangan tartibda tasdiqlanadigan xalqaro va respublika miqyosidagi sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika, hududiy va jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari kalendar-rejalariga kiritiladigan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtkaziladigan xalqaro va respublika miqyosidagi rasmiy sport yoki ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari roʻyxatiga kiritilgan sport musobaqalarining:

xalqaro hamda respublika bosqichida 3-oʻrinni egallagan oʻquvchisini tayyorlagan taʼlim tashkilotlari jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga — ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi);

xalqaro hamda respublika bosqichida 2-oʻrinni egallagan oʻquvchisini tayyorlagan taʼlim tashkilotlari jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga — birinchi malaka toifasi (yetakchi oʻqituvchi lavozimi);

xalqaro hamda respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan oʻquvchisini tayyorlagan taʼlim tashkilotlari jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga — oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi);

v) jismoniy tarbiya fani olimpiadasining, shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi”, olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari boʻyicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarining:

respublika (final) bosqichida 3-oʻrinni egallagan oʻquvchisini tayyorlagan taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga — ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi);

respublika (final) bosqichida 2-oʻrinni egallagan oʻquvchisini tayyorlagan taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga — birinchi malaka toifasi (yetakchi oʻqituvchi lavozimi);

respublika (final) bosqichida 1-oʻrinni egallagan oʻquvchisini tayyorlagan taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga — oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi);

g) xalqaro matematika (IMO), fizika (IPhO), kimyo (IChO), biologiya (IBO) informatika (IOI) olimpiadalarida oltin, kumush yoki bronza medalni (birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrinni) qoʻlga kiritgan sovrindor oʻquvchini tayyorlagan taʼlim tashkilotlarining pedagog kadrlariga — oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi).

Davolash ishlari uchun shifokor-pedagoglarga qancha to‘lanadi?

Tibbiyot oliy oʻquv yurtlari, shifokorlar malakasini oshirish institutlari va tibbiyot fakultetlarining professor-oʻqituvchilariga sogʻliqni saqlash idoralarining klinikalari va klinik baza boʻlgan boshqa muassasalarida davolash-tashxis ishlarini bajarganliklari uchun quyidagi miqdorlarda qoʻshimcha haq toʻlanadi:

kafedra mudirlari, professorlar va dotsentlarga — lavozim maoshining 20 foizi miqdorida;

assistentlarga — lavozim maoshining 25 foizi miqdorida.

Shu toifadagi xodimlarga — bemorlarni operatsiya qiluvchi jarrohlarga, operativ faoliyatni, reanimatsiya tadbirlarini va jadal terapiya usullarini qoʻllovchi anesteziolog va reanimatologlarga, davolash tadbirlarini amalga oshiruvchi endoskopchilarga qoʻshimcha toʻlovlar ularning lavozim maoshining 25 va 30 foizi miqdorida belgilanadi.

Ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish

Taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga taʼlim oluvchilarning bilimini toʻgʻri va xolis baholashiga taʼsir koʻrsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki taʼlim tashkiloti pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi;

Xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

Pedagoglarga ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatishda 50 foiz chegirma beriladi

Vazirlar Mahkamasi qarori (175-son, 16.04.2026 y.) bilan pedagog xodimlarga ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatishda 50 foiz chegirma beriladi. Jumladan:

- ko‘chmas mulk obyektlarining davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari;

- muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha davlat xizmatlari;

- umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish bo‘yicha davlat xizmatlari;

- traktorchi-mashinist guvohnomasini olish uchun imtihon topshirishga ruxsat berish byo‘icha davlat xizmatlari;

- rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatlari va boshqalar.