O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiya ID-kartasi — O‘zbekiston Respublikasi hududida egasining shaxsini va O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tasdiqlaydigan, ID-karta egasining shaxsiy biografik va biometrik ma’lumotlari kiritilgan elektron tashuvchi qurilma (chip)ga ega bo‘lgan hujjat hisoblanadi.
Yulduzchalar soni
02026
0Jami
Yulduzchalarni yig'ish uchun o‘yinlarni o‘ynang va yulduzachalar sonini oshiring!
Mening yulduzlarimShaxsni tasdiqlovchi hujjat olish
ID-kartani rasmiylashtirish va berish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
- ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra – bola tug‘ilgandan boshlab 16 yoshga to‘lguniga qadar;
- fuqaro 16 yoshga to‘lganda;
- O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinganda yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida tan olinganda;
- ID-kartaning amal qilish muddati tugaganda;
- fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug‘ilgan sanasi, jinsi o‘zgarganda;
- ID-kartaga yoki chipga kiritilgan ma’lumotlarda noaniqliklar, xatolar va texnik nuqsonlar mavjudligi aniqlanganda;
- ID-karta yoki chip yaroqsiz holga kelganda;
- ID-karta ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganida;
- ID-karta yo‘qotib qo‘yilganda.
ID-karta ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan fuqarolarga quyidagi muddatlarga beriladi:
- yangi tug‘ilgan bolaga bir yoshgacha – ikki yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra);
- bir yoshdan 16 yoshgacha – 5-yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra);
- 16 yoshdan – 10-yil muddatga.
ID-kartalarini olish va almashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, o‘z ixtiyoriga ko‘ra xohlagan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga hamda davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishi orqali rasmiylashtiriladi.
Shuningdek, ID-kartasini rasmiylashtirish uchun murojaat o‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslardan kelib tushganda mas’ul xodim tomonidan 15 kun muddatda ushbu shaxslarning yashash manziliga borgan holda identifikatsiya ID-kartasi rasmiylashtiriladi va ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Bunday vaziyat yuzaga kelgan taqdirda o‘ziga qulay bo‘lgan ma’lumotlarni yig‘ish punktiga murojaat etadi. Yangi ID-karta belgilangan tartibda ID-karta yo‘qolganligi haqida ariza kelib tushgan kundan boshlab bir ish kunida beriladi.
Shuningdek, fuqaro ID-kartasi amal qilish muddati tugaganda va tegishli yoshga to‘lgandan so‘ng yoki familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili va millati o‘zgargandan so‘ng bir oy muddatda ID-karta olish uchun murojaat qilishi lozim.
Fuqarolar (jumladan, bolalar) ID-karta olish uchun o‘ziga qulay bo‘lgan ma’lumotlarni yig‘ish punktiga quyidagilarni taqdim etadi:
- belgilangan shakldagi ariza-anketa;
- ilgari berilgan pasport yoki ID-karta;
- tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma (ID-karta birinchi marotaba rasmiylashtirilayotganda);
- vakolatli organning qarori (ID-karta ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganida);
- davlat boji to‘langanligi haqida kvitansiya.
ID-karta ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan hujjatlar to‘liq qabul qilib olingandan so‘ng bir ish kuni mobaynida beriladi.
Yangi tug‘ilgan bolaga, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiga, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarosiga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga identifikatsiyalovchi ID-kartasini berganlik uchun 330,012 so‘m (BHMning 80.1 foizi) to‘lanadi.
O‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar, sog‘ligining holatiga ko‘ra mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar (shu jumladan, nogironligi bor bolalar) ID-karta olish uchun ma’lumotlarni yig‘ish punktiga shaxsan o‘zlari yoki qonuniy vakillari orqali (og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda) murojaat etganda, ID-karta ma’lumotlarni yig‘ish punktining mas’ul xodimi tomonidan o‘n besh kun muddatda ushbu shaxslarni yashash manziliga borgan holda rasmiylashtiriladi va beriladi. Bunda ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
ID-karta rasmiylashtirish va berish jarayonida unda texnik nuqsonlar aniqlansa, basharti ular ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, ID-karta bepul almashtiriladi.
Fuqaro ID-kartani olish yoki almashtirish yuzasidan o‘z vaqtida murojaat qilmasligi, uni yaroqsiz holga keltirishi, yo‘qotib qo‘yishi, shuningdek, boshqa shaxsga tegishli bo‘lgan ID-kartani qonunga xilof ravishda olib qo‘yish, ID-kartadan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, uni yo‘q qilish, yaroqsiz holatga keltirish yoki yashirish uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asosan javobgarlik belgilanadi.