Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishGloballashuv jarayonida axborot juda tez tarqaladi. Axborotni olish imkoniyatining keng ekanligi esa, uni topish va tarqatishga zamin yaratadi.
Axborotning tez tarqalishi natijasida kerakli maʼlumotlar bilan bir qatorda, milliy-maʼnaviy qarashlarimizga salbiy taʼsir koʻrsatadigan axborotlar ham tarqalmoqda. Ayniqsa, ushbu zararli axborotlar bolalarning rivojlanishi va kamol topishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu sababli ham, bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish qonun bilan tartibga solingan.
Maʼlumot uchun: bolalar sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborot – bolalar oʻrtasida tarqatilishi taqiqlangan yoki cheklangan axborot mahsulotlari tushuniladi.
Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish xususiyatlariga quyidagilar kiradi. Birinchidan,ushbu faoliyat qonun bilan tartibga solingan. “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-oktyabrdagi 848-son qarori bilan tasdiqlangan Axborot mahsulotining yoshga oid tasniflarini aniqlash mezonlari hamda uni ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom qabul qilingan. Ikkinchidan,bolalarning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasida davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilangan.
Bunda, bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi hamda ushbu faoliyatda ishtirok etuvchi organlar va tashkilotlar ham belgilangan. Uchinchidan,axborot mahsulotining yoshga oid tasniflarini aniqlash mezonlari hamda uni ekspertizadan oʻtkazish tartibi belgilangan.
Bunda, ommaviy axborot vositalari, jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻidagi veb-saytlar, reklama vositalari hamda boshqa turdagi axborot kanallari orqali tarqatilayotgan axborotlarda bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan axborotdan himoya qilish maqsadida 0+, 7+, 12+, 16+, 18+ yozuvlarini aks ettirishlari shart. Yoshga oid tasnifni belgilash ekspertlarni jalb etgan holda axborotni ishlab chiqaruvchilar va tarqatuvchilar tomonidan axborot mamlakat hududida tarqatish boshlangunga qadar amalga oshiriladi. Asos:“Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-oktyabrdagi 848-son qarori bilan tasdiqlangan Axborot mahsulotining yoshga oid tasniflarini aniqlash mezonlari hamda uni ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom |