Bolaning shaxsiy daxlsizlik huquqi kafolatlariErkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi har bir inson tugʻilishi bilan qoʻlga kiritadigan, har kimga erkin, oʻz ixtiyori boʻyicha harakat qilish, oʻzganing shaxsiy erkinligi va daxlsizligiga ziyon yetmaydigan tarzda yurish-turishni tanlash imkonini beruvchi huquqdir. Daxlsizlik huquqi konstitutsiyaviy prinsip hisoblanib, Bosh Qomusimizning 25-moddasida belgilab qoʻyilgan. Daxlsizlik huquqi shaxs daxlsizligi, shaxsiy hayot daxlsizligi, turar-joy daxlsizligi, xat-xabarlarning oshkor qilinmasligi hamda sir saqlanishi va boshqa huquqlarni oʻz ichiga oladi. Bolaning shaxsiy daxlsizlik huquqi kafolatlarini taʼminlashda bir nechta muhim jihatlar mavjud: Birinchidan,har bir bola erkinlik, shaxsiy daxlsizlik, turar joy daxlsizligi hamda xat-xabarlarini sir tutilish huquqiga ega.
Bunda, har bir bolaga davlat tomonidan shaxsiy va oilaviy hayotga aralashmaslik kafolatlanadi hamda shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga oid maʼlumotlarni oshkor qilish va ularni tarqatish taqiqlanadi. Ikkinchidan,har bir bola shaʼni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga gʻayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega. Bunda, boshqalar tomonidan bolaning shaʼni va qadr qimmatini kamsitish taqiqlanadi. Uchinchidan,davlat bolaning shaxsi, uy-joy daxlsizligini, xat-xabarlarining sir tutilishini taʼminlaydi hamda bolani ekspluatatsiya va zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish choralarini koʻradi.
Bunda, bolalar jismoniy, ruhiy, jinsiy zoʻravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qoʻpol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, huquqbuzarliklar va gʻayriijtimoiy harakatlar sodir etishga jalb etilishidan himoya qilinadi. Davlat bolaning shaxsiy daxlsizlik huquqi kafolatlarini taʼminlashda quyidagi choralarni koʻradi: ekspluatatsiya va zoʻravonlikka duchor boʻlgan bolalarga zarur pedagogik, psixologik, tibbiy, yuridik yordam koʻrsatadi; bolaga nisbatan ekspluatatsiya va zoʻravonlikning barcha shakllarining oldini olish, ularning sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlaydi hamda bartaraf etadi. Asos:“Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun |