Hurmatli ota-onalar farzandlaringizga yo‘llardagi harakat xavfsizligi qoidalarini doimo eslatib turingQadrli bolalar!
Yo‘llarda harakatlanishda xavfsizlik qoidalariga amal qiling! Eng zarur yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini eslatib o‘tamiz.
Bolalarga faqat piyodalar yo‘lakchasi bo‘ylab harakatlanish tavsiya etiladi. Agar piyodalar yo‘lakchasi bo‘lmasa, bolalar yo‘lga chiqmagan holda yo‘l chetidan, qatnov qismiga qarama-qarshi yo‘nalishda va albatta kattalar hamrohligida yurishlariga ruxsat beriladi. Bolalar yo‘lni faqat qatnov qismining “zebra” chiziqlari bilan belgilangan joylaridan yoki “Piyodalar o‘tish joyi” yo‘l belgisi o‘rnatilgan joylardan kesib o‘tishlari lozim.
Svetofor bilan tartibga solinadigan chorrahalarda bolalar yo‘lni faqat yashil chiroqda kesib o‘tishlari shart. Ammo, yashil chiroq yonganda ham darhol harakat qilmang va mashinalar harakati to‘xtaganiga ishonch hosil qiling. Agar piyodalar o‘tish joyida svetofor bo‘lmasa, har ikkala tomonga qarang va yaqin atrofda mashina yo‘qligiga ishonch hosil qilgandagina harakat qiling.
Ko‘chani yolg‘iz kesib o‘tishdan qo‘rqasizmi? Kattalardan yo‘lni kesib o‘tishga yordam berishlarini so‘rang va ularning hamrohligida yo‘lni kesib o‘ting. Yo‘lni kesib o‘tayotganda juda ehtiyot bo‘ling, do‘stlar bilan gaplashishni to‘xtating va shoshqaloqlik qilmang.
Agar sizda velosiped, rolik yoki skeytbordlar mavjud bo‘lsa, ulardan faqat maxsus asfaltli yoki beton maydonchalarda va parklarda foydalaning. |