Adliya vazirligining abituriyentlarni yuridik texnikumlarga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi qarori, qoida tariqasida, 2-sentabrdan kechikmasdan qabul qilinadi.
Adliya vazirligining qaroriga muvofiq abituriyentlarni davlat granti asosida oʻqishga qabul qilish boʻyicha yuridik texnikum direktori 5 ish kuni ichida buyruqni rasmiylashtiradi.
Qabul Adliya vazirligi tomonidan:
a) qabul parametrlari doirasida davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida;
b) qabul parametrlaridan tashqari amalga oshiriladi.
Bunda qabul parametrlaridan tashqari:
davlat granti asosida – Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari, Mehribonlik uyi, Bolalar shaharchasi va Oilaviy bolalar uyining bitiruvchilari, I guruh nogironligi boʻlgan shaxslar hamda nogironligi boʻlgan bolalar toifasidagi abituriyentlar;
toʻlov-kontrakt asosida – TDYU huzuridagi akademik litseyni tamomlagan oʻzlashtirish koʻrsatkichlarining 56 va undan yuqori foizlik natijalariga ega bitiruvchilar va joriy yilda yuridik kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun “yurisprudensiya” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha test sinovlarida ishtirok etib, oʻqishga tavsiya etilmagan, biroq yuridik texnikumlardagi test sinovlarida oʻtish balini toʻplagan yoki chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi B2 va undan yuqori darajadagi davlat malaka sertifikatiga yoki xalqaro sertifikatlarga ega abituriyentlar hamda xorijiy fuqarolar qabul qilinadi;
Adliya vazirligining qarori Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari, Mehribonlik uyi, Bolalar shaharchasi va Oilaviy bolalar uyining bitiruvchilari, I guruh nogironligi boʻlgan shaxslar hamda nogironligi boʻlgan bolalar toifasidagi abituriyentlarni 5-sentabrgacha oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida yuridik texnikum direktorining buyrugʻini rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.
Adliya vazirligi tomonidan abituriyentlarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin yuridik texnikumlar bilan yuridik yoki jismoniy shaxslar oʻrtasida belgilangan tartibda kontraktlar tuziladi. Toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun toʻlov miqdori va muddati Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Adliya vazirligi tomonidan yuridik texnikumda oʻqishga tavsiya etilgan abituriyentlar uchun toʻlov har yili kontrakt shartlarida koʻrsatilgan muddatlarda amalga oshiriladi. Abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish yuridik hamda jismoniy shaxslar tomonidan kontrakt toʻlovi toʻlangandan soʻng yuridik texnikum direktorining buyrugʻi bilan 15-sentabrdan kechiktirmay rasmiylashtiriladi.
Ushbu abituriyentlarga 2-sentabrdan boshlab darslarga qatnashishiga ruxsat etish toʻgʻrisida buyruq rasmiylashtiriladi.
Yuridik texnikumlar qoʻshimcha qabul boʻyicha takliflarni Adliya vazirligiga tasdiqlash uchun 25-sentabrgacha taqdim etadi. Adliya vazirligi yuridik texnikumlarning imkoniyatlaridan kelib chiqib, 30-sentabrgacha qoʻshimcha qabul qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Bunda:
abituriyentlar 20-sentabrgacha qoʻshimcha oʻqishga kirish uchun maxsus platforma orqali elektron shaklda ariza bilan yuridik texnikumga murojaat qiladi;
qabul test sinovlari natijalariga koʻra, toʻplagan ballar ketma-ketligiga muvofiq amalga oshiriladi;
yuqori ball toʻplagan abituriyent qoʻshimcha qabul qilish uchun ariza bilan belgilangan muddat ichida murojaat etmasa yoki qoʻshimcha qabul qilishni rad etsa, reytingi boʻyicha navbatda turgan oʻquvchi qabul qilinadi;
tabaqalashtirilgan kontrakt miqdori oʻqishning birinchi oʻquv yilida qoʻllaniladi.
Respublika oliy taʼlim muassasalarida “yurisprudensiya” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha test sinovlarida ishtirok etib, oʻqishga tavsiya etilmagan, biroq yuridik texnikumlardagi tegishli oʻquv yilida test sinovlarida oʻtish balini toʻplagan yoki chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi B2 va undan yuqori darajadagi davlat malaka sertifikatiga yoki xalqaro sertifikatlarga ega abituriyentlar toʻlov-kontrakt asosida doimiy yashash joyidagi yuridik texnikumga qabul qilinishlari mumkin.