Bolaning axborot olish huquqi kafolatlariOʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq har bir bola fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi huquqiga ega boʻlib, har bir bola oʻzi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega.
Bolaning axborot olish huquqi davlat chegaralaridan qatʼi nazar yozma ravishda yoki ifodalashning boshqa usullarida turli axborot va gʻoyalarni qidirish, olish va tarqatish erkinligini qamrab oladi.
Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyaning 13-moddasida ham bola oʻz fikrini erkin ifoda etish huquqiga ega boʻlib, bu huquq ogʻzaki, yozma yoki bosma shaklda, bolaning xohishiga koʻra boshqa har qanday vosita orqali barcha turdagi axborotlarni izlash, olish va tarqatish erkinligini oʻz ichiga oladi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasida: “har bir inson fikr va ularni ifodalash erkinligi huquqiga ega.
Bu huquq hech bir toʻsiqsiz oʻz fikriga ega boʻlish erkinligini hamda axborot va gʻoyalarni har qanday ommaviy axborot vosita orqali va davlat chegaralaridan qatʼi nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini oʻz ichiga oladi”, deb belgilangan.
Shunga koʻra, har bir bola oʻzining sogʻligʻi, axloqiy va maʼnaviy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan axborotni olish huquqiga ega ekanligi qonun darajasida mustahkamlab quyilgan.
Shuningdek, mazkur huquqlarni amalga oshirish har bir shaxsga alohida majburiyat va masʼuliyat yuklaydi. Bolaning axborot olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirishda har bir bolaning istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega boʻlish bilan bilan qatorda, ayrim cheklovlar ham belgilangan.
Birinchidan, bola tomonidan amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborotni izlash, olish va tarqatish taqiqlanadi.
Ikkinchidan, bolaning ruhiy, axloqiy va maʼnaviy kamol topishiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan axborotni izlash, olish va tarqatish mumkin emas.
Jumladan, pornografiya, shafqatsizlik va zoʻravonlikni namoyish etuvchi, inson qadr-qimmatini tahqirlovchi, bolalarga zararli taʼsir koʻrsatuvchi va huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab boʻluvchi ommaviy axborot vositalaridan foydalanish, adabiyotlarni tarqatish hamda filmlarni namoyish etish taqiqlanadi. Asos:“Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun |