Bolaning turar-joy daxlsizligi huquqi kafolatlariTurar joy daxlsizligi huquqi konstitutsiyaviy prinsip hisoblanadi hamda har kim turar joyi daxlsizligi huquqiga egadir. Turar joyi daxlsizligi huquqi erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqining bir qismi hisoblanadi. Bolaning turar joy daxlsizligi huquqi kafolatlarini amalga oshirishning quyidagi xususiyatlari mavjud: Birinchidan,har bir bola turar-joyga ega boʻlish huquqiga ega. Bolaning turar joy va boshqa koʻchmas mol-mulkining daxlsizligi qonun bilan kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari hech kim bolaning turar joyiga yoki boshqa koʻchmas mulkiga uning ixtiyoriga qarshi kirishi mumkin emas. Ikkinchidan,bolalar turar joy mulkdori yoki turar joyni ijaraga oluvchi qayerda boʻlishlaridan qatʼi nazar, turar joy mulkdori yoki turar joyni ijaraga oluvchisi egallab turgan turar joyga nisbatan huquqqa ega boʻladi. Uchinchidan,tarbiya, davolash muassasalari va boshqa muassasalarda, qarindoshlari, vasiylari yoki homiylari qaramogʻida boʻlgan yetim bolalar, ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar turar joyga boʻlgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini saqlab qoladi. Toʻrtinchidan,vasiylik yoki homiylik belgilangan bolaning mulkida yoki foydalanishida boʻlgan turar joyni oʻzga shaxsga oʻtkazish uchun vasiylik yoki homiylik organining roziligi talab qilinadi. Beshinchidan,ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning turar joyga boʻlgan huquqlari kafolatlangan. Xususan, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, toʻliq davlat taʼminotida turgan ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarini bitirgan yoki jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan bolalar, shuningdek ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan boshqa toifadagi bolalar oʻzlari ilgari yashagan turar joy maydoniga ega boʻlish yoki turar joy olish huquqiga ega.
Bolaning turar joyi yoki boshqa koʻchmas mulkini koʻzdan kechirish, unda tintuv, olib qoʻyish, xatlash va turar joyda hamda boshqa koʻchmas mulkka kirish ularni oʻtkazish uchun aniq asoslar yuzaga kelgan taqdirda amalga oshiriladi. Asos:“Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun |