ORTGA
Sizning natijangiz 0%

Bolalar huquqlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlari kuchaytirilmoqda

09.07.2026, 15:16
19

Senatning 17-yalpi majlisida “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Mazkur Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda taʼlim tashkilotlarida tarbiya va taʼlim berish jarayonida voyaga yetmagan bolalarga nisbatan jismoniy zoʻravonlik sodir etganlik, shuningdek ularni tahqirlaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.
Bundan tashqari, pedagogik faoliyatni amalga oshirish jarayonida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zoʻravonlikka oid huquqbuzarlik sodir etganligi uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan bir yil muddat davomida maktabgacha taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, davlat yoki nodavlat muassasasining toʻliq taʼminotida boʻlgan bola uchun ota yoki onani aliment toʻlashdan ozod qilishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar oilaga tarbiyaga faqat ularning qarindoshlariga berilishi qoidasi joriy etilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, taʼlim muassasalarida ularning
qadr-qimmati va daxlsizligini taʼminlash boʻyicha huquqiy kafolatlarni mustahkamlashga zamin yaratadi.
Muhokama soʻnggida senatorlar Qonunni maʼqulladi.