ORTGA Sizning natijangiz 0%

Braziliyada bolalarning onlayn maxfiyligini himoya qiluvchi yangi qonun qabul qilindi

15:20 - 23.09.2025
197

Braziliyada qabul qilingan yangi qonun ECA Digital (Bolalar va o‘smirlar statuti) deb ataladi va raqamli davrda bolalarni himoya qilishni zamonaviylashtirish hamda “Umumiy shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun taqdim etadigan kafolatlarni kengaytirishni maqsad qilgan. Qonun texnologik kompaniyalar, jumladan internet ilovalari, ilova do‘konlari va elektron o‘yinlar provayderlariga bir qator majburiyatlar yuklaydi. Unga ko‘ra, bolalarga xizmat ko‘rsatadigan kompaniyalar mahsulot va xizmatlarini yosh foydalanuvchilarning manfaatini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda ishlab chiqishi va ularni onlayn xavflardan himoya qilish uchun eng yuqori maxfiylik standartlarini ta’minlashi kerak.

Masalan, onlayn xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar bolalarning noto‘g‘ri foydalanishi yoki ularga nomaqbul kirishni oldini olish uchun texnik choralar ko‘rishi shart. Shuningdek, ular bolalarning shaxsiy ma’lumotlarini ularning maxfiyligi yoki boshqa huquqlarini buzadigan tarzda ishlatmasligi kerak. ECA Digital qonuni texnologik kompaniyalarni yoshni aniqlash tizimlarini joriy qilishga majbur qiladi va 12–18 yoshdagi bolalar onlayn ilovalarni yuklab olish uchun ota-onasi yoki qonuniy vakilining roziligini olishi lozim.

Shuningdek, qonunda video o‘yinlardagi “loot box” tizimidan foydalanish taqiqlanadi. Loot box – bu oldindan tarkibi noma’lum bo‘lgan va haqiqiy yoki virtual valyuta bilan sotib olinadigan o‘yin ichidagi virtual paketdir.

Qonun talablariga rioya qilmagan kompaniyalar 50 million Braziliya realigacha (taxminan 9,44 million dollar) jarima to‘lashi yoki Braziliyada daromadining 10 foizigacha jarimaga tortilishi mumkin. Shuningdek, qonun buzilishining og‘irligiga qarab, kompaniyalarni faoliyatini vaqtincha to‘xtatish yoki taqiqlash ham mumkin.

Ushbu qonun 2025-yil 17-sentyabr kuni qabul qilingan bo‘lib, 2026-yil mart oyida kuchga kirishi belgilangan.

Chat