ORTGA Sizning natijangiz 0%

Bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlar yaratuvchi yuridik shaxslar foyda solig‘idan ozod qilinadi

14:46 - 19.05.2025
196

“Bolalar uchun mo‘ljallangan milliy kontentlar yaratish va ularni ommalashtirishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-183 qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, respublikada bolalar uchun mo‘ljallangan milliy kontentlar ishlab chiqarish hamda ularni ommalashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

- bolalarda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmasi, tabiatni asrab-avaylash, milliy qadriyatlarga hurmat va ona Vatanga sadoqat hissini tarbiyalashga xizmat qiluvchi kontentlar yaratish;

- bolalar uchun xavfsiz axborot muhitini yaratish;

- ota-onalar va bolalarni internet tarmog‘idagi axborotlarni to‘g‘ri baholashga hamda xavfli kontentlarni aniqlashga yo‘naltiruvchi mexanizmlarni ishlab chiqish.

Shuningdek, bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlar yaratishdan olgan daromadi jami yillik daromadining kamida 80 foizini tashkil etgan yuridik shaxslar 2025-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvarga qadar:

- foyda solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi;

- ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida to‘laydi;

- yuridik shaxslarga bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlar yaratish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarini foyda solig‘ini hisoblashda chegirib tashlash huquqi beriladi.

2026-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvarga qadar milliy film va seriallar ishlab chiqaruvchi subyektlarga ham tatbiq etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

2030-yil 1-yanvarga qadar shartnomada nazarda tutgan holda ushbu kontentlarni bevosita o‘zlari tomonidan realizatsiya, shu jumladan, prokat qilishdan tushgan mablag‘ning 50 foizini o‘z tasarrufiga olib qoladi va uni Markaz bilan kelishgan holda o‘z faoliyatini rivojlantirishga sarflaydi.

Bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlarni muntazam efirga uzatib borish uchun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Bolajon” telekanalini barcha moddiy-texnik bazasi, amaldagi moliyalashtirish tartibi, huquqlari va majburiyatlari bilan birgalikda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimiga o‘tkaziladi.

 

 “Bolajon” telekanali “O‘zbektelefilm” davlat muassasasiga tegishli pavilon va studiyalardan ijara to‘lovisiz foydalanadi.

Bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlar yaratish yo‘nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida har yili “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan jahondagi yetakchi oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash uchun 5 ta kvota ajratiladi.

Shu bilan birga, bolalar kontentini rivojlantirish markazining asosiy vazifalari belgilandi. Unga ko‘ra:

- xorijiy kontentlarning bolalar ongi va dunyoqarashiga ta’sirini tahlil qilish orqali ularning eng sara va foydali namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish hamda ommaviy namoyishga tavsiya etish;

- Respublika hududida bolalar uchun mo‘ljallangan zararli axborotlar tarqalishining oldini olishga hamda bolalar va ota-onalarning media savodxonligini oshirishga qaratilgan  materiallar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;

- bolalar uchun foydali hisoblangan kontentlarni tavsiya qiluvchi ijtimoiy tarmoq sahifalari va sun’iy intellekt tizimlarini joriy etish;

- bolalarning o‘zbek tilida ravon so‘zlash va imloviy xatolarsiz yozish ko‘nikmasini rivojlantirishga mo‘ljallangan interaktiv dasturlar yaratish.

Chat