Bolalarni transport vositalarida tashishga oid talablarBolalar avtomobillarni oʻzlari boshqara olmaganliklari sababli, ularni avtomobil boshqarish huquqiga ega boʻlgan katta yoshdagilar olib yurishadi. Bolalarning yoshidan kelib chiqib, ularni transport vositalarida tashishda katta yoshdagi shaxslarga nisbatan alohida talablar belgilangan. Birinchidan,har qanday yoʻllarda bolalar guruhini olib yurgan transport vositalariga harakatlanish tezligini soatiga 60 kilometrdan oshirish taqiqlangan. Ikkinchidan,bolalar guruhini transport vositasida tashishda avtobus yoki mikroavtobusda katta yoshdagi kuzatib boruvchi boʻlishi shart. Uchinchidan,bolalar guruhini tashishda avtobus yoki mikroavtobusning old va orqa tomoniga “Bolalar guruhini tashish” belgisi oʻrnatilishi kerak. Toʻrtinchidan,“Bolalar guruhini tashish” belgisi oʻrnatilgan va avariya ishorasi yoqilgan transport vositasi toʻxtaganda, unga yaqinlashayotgan boshqa transport vositasining haydovchisi harakat tezligini kamaytirishi, zarur boʻlsa, toʻxtashi va bolalarni oʻtkazib yuborishi shart. Beshinchidan,ayrim transport vositalarida bolalarni tashish taqiqlangan. Bunda, bolalarni yuk avtomobilining yukxonasida, 12 yoshga toʻlmagan bolalarni mototsiklning orqa oʻrindigʻida va bolalarni ushlab turuvchi maxsus qurilma oʻrnatilmagan transport vositasining old oʻrindigʻida tashish taqiqlanadi. Oltinchidan,bolalar guruhini tashkiliy tashishda sutkaning yorugʻ vaqtida ham transport vositasining yaqinni yorituvchi fara chiroqlari yoqilgan holatda boʻlishi kerak. Asos:Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son “Yoʻl harakati qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” qarori |