ARTQA Siziń nátiyjeńiz 0%

Bola puli va moddiy yordam tayinlash tartibi qanday?

11:25 - 23.10.2024
256

"Yagona reyestr" AT orqali kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oilalar (shaxslar) qo‘shimcha hujjatlar va maʼlumotnomalarni taqdim etmasdan, qonunchilik hujjatlarida ushbu toifadagi oilalar (shaxslar)ga belgilangan tartibda bepul yoki imtiyozli shartlarda ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlardan foydalanishga haqlidir.            

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash uchun ariza zarur hujjatlar bilan birga bevosita ariza beruvchining doimiy yoki vaqtincha yashash manzilidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga taqdim etiladi va ro‘yxatga olinadi.

Ariza fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan maxsus ro‘yxatga olish daftarida qayd etiladi, bunda arizaning berilgan sanasi, ariza beruvchining ismi, familiyasi, otasining ismi va yashash manzili ko‘rsatiladi.

Bola nafaqasi olish uchun oilasida 18 yoshga to‘lmagan farzandi bor ijtimoiy nafaqa olish istagida bo‘lgan talabgorlar foydalanishi mumkin.

My.gov.uz orqali ko‘rsatiladigan ushbu xizmatdan kam taʼminlangan, jumladan, oilasida 18 yoshgacha farzandi bor ijtimoiy nafaqa olish istagida bo‘lgan talabgorlar foydalanishi mumkin.

Bolalar nafaqasi 12 oy (bola 18 yoshga to‘lganga qadar), moddiy yordam 6 oy muddatga to‘lanadi.

Bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdorlari qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan.

Talabgorlar ushbu xizmatdan foydalanish uchun:

  • my.gov.uz da ro‘yxatdan o‘tishi;

  • tegishli xizmatni tanlashi;

  • undagi so‘rovnomani to‘ldirishi va yuborishi kerak.

Xizmatdan foydalanish bepul.

Ariza "Ijtimoiy himoya yagona reyestri" axborot tizimi tomonidan o‘rganiladi.

Bunda ariza beruvchi oilasining har bir aʼzosiga to‘g‘ri keladigan daromad miqdori aniqlanadi va belgilangan mezonlarga mosligi solishtiriladi.

Shundan so‘ng ijtimoiy nafaqani tayinlash yoki tayinlashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Va ariza javobi my.gov.uz orqali yuboriladi.

Mazkur xizmat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ko‘rsatiladi.

Bolalar nafaqasi tayinlangan oilada bolalar soni o‘zgargan taqdirda (navbatdagi bola tug‘ilganda, 18 yoshgacha bolalardan biri vafot etganda, bola (bolalar) 3 yoshga va 18 yoshga to‘lganda va shu kabilar), bolalar nafaqasi miqdori bolalarning tegishli sonidan kelib chiqib, keyingi oydan boshlab qayta hisoblanadi.

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam to‘lovi qanday hollarda to‘xtatiladi?

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni to‘lash quyidagi hollarda to‘xtatiladi:

  • qonun hujjatlari bilan belgilangan tayinlash muddati tugaganda;

  • ariza beruvchi yoki boshqa muomalaga layoqatli oila aʼzosining yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga to‘lov to‘xtatilishini so‘rab ariza taqdim qilinganda;

  • doimiy yashash uchun O‘zbekiston hududidan tashqariga ko‘chib ketganda;

  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi yoki manfaatdor vazirliklar va idoralarning axborot tizimlari bilan idoralararo elektron o‘zaro hamkorlik tizimidagi texnik nosozlik natijasida, maʼlumotlar elektron ravishda to‘liq yoki qisman taqdim etilmagani sababli, shuningdek, arizani kiritishda va boshqa texnik xatolar oqibatida noto‘g‘ri tayinlangani aniqlangan taqdirda. Ushbu holatda o‘tgan davrda to‘langan mablag‘lar qaytarilmaydi;

  • tegishli to‘lovlarni tayinlash to‘g‘risidagi qarorga taʼsir ko‘rsatgan ariza beruvchi tomonidan noto‘g‘ri va ishonchsiz maʼlumotlar taqdim etilgani yoki to‘liq taqdim etilmagani aniqlanganda.

Bola puli naqd shaklda to‘lanadimi yoki plastik kartalar orqalimi?

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam AT “Xalq banki”ning tuman (shahar) bo‘limlari (filiallari) orqali naqd pul shaklida yoki pul mablag‘larini naqd pulsiz o‘tkazish yo‘li bilan fuqarolarning bank hisobvaraqlari (plastik kartalari) orqali to‘lanadi.

2021-yil 1-sentabrdan boshlab bolalar nafaqasi to‘lovlarining har oylik miqdori quyidagicha belgilangan:

  • 250 000 so‘m — 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzand uchun;

  • 325 000 so‘m — yoshi 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzand uchun;

  • 150 000 so‘m — oilaning ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha;

  • 100 000 so‘mdan — oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun.

Bolalar nafaqasini kimlar olishi mumkin?

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-oktabr kuni qabul qilingan qarori bilan Kam taʼminlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam taʼminlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.

Nizomga ko‘ra, ishlovchi onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (byudjet tashkilotlarida ishlaydigan onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bundan mustasno) bola 2 yoshga yetguncha uni parvarishlash uchun beriladigan har oylik nafaqani olish muddati tugaganidan so‘ng bolalar nafaqasini olishi mumkin.

Chat