ORTGA Sizning natijangiz 0%

Ota-onalarning burch va majburiyatlari

Ota-ona oʻz bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shart.

Ota-ona oʻz bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgardir. Ular oʻz bolalarining sogʻligʻi, jismoniy, ruhiy, maʼnaviy va axloqiy kamoloti haqida gʻamxoʻrlik qilishlari shart.

Bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ularning ota-onasi zimmasiga yuklatiladi.

Ota-ona oʻz bolalarining qonuniy vakillari hisoblanadilar hamda har qanday jismoniy va yuridik shaxslar bilan boʻlgan munosabatlarda, shu jumladan sudda alohida vakolatsiz ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladilar.

Ota-ona oʻz bolalarini tarbiyalashda boshqa barcha shaxslarga nisbatan ustun huquqqa ega.

Ota-ona bolalarining qonun hujjatlarida belgilangan zarur darajada taʼlim olishini taʼminlashi shart.

Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berishi shart.

Ota va ona oʻz bolalariga nisbatan teng huquq va majburiyatlarga egadirlar.

Farzand toʻla muomalaga layoqatli boʻlsa, uning majburiyatlari boʻyicha, xususan, u yetkazgan zarar oqibatida kelib chiqqan majburiyatlar boʻyicha ona-onalar javobgar boʻlmaydilar.

Shaxs quyidagi hollarda toʻla muomalaga layoqatli deb topiladi:

► voyaga yetganda (18 yoshga toʻlganda);

► emansipatsiya (voyaga yetmagan shaxsni toʻla muomalaga layoqatli deb topish) qilinganda;

voyaga yetmagan shaxs qonuniy nikoh munosabatlariga kirishganda.

Ota-onalik huquqlari bolalar 18 yoshga toʻlganlarida (voyaga yetganda) tugaydi.

Voyaga yetmagan ota-ona oʻz bolasi bilan birga yashash va uning tarbiyasida ishtirok etish huquqiga ega.

Oʻzaro nikohda boʻlmagan voyaga yetmagan ota-onadan farzand tugʻilsa hamda ularning onaligi va (yoki) otaligi belgilansa, ular 16 yoshga toʻlishlari bilan ota-onalik huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirishga haqlidirlar.

Ota-ona voyaga yetmagan boʻlsa, ular16 yoshga yetgunlariga qadar, farzandlarini birgalikda tarbiyalash uchun bolaga vasiy tayinlanishi mumkin.

Bolaning vasiysi bilan voyaga yetmagan ota-ona oʻrtasida kelib chiqadigan kelishmovchiliklar vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.

Voyaga yetmagan ota-ona oʻz otaligi va onaligini umumiy asoslarda eʼtirof etish yoki bunga eʼtiroz bildirish huquqiga egadir.

Ota-ona oʻz bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shart.

Ota-ona oʻz bolalarining sogʻligʻi, jismoniy, ruhiy, maʼnaviy va axloqiy kamoloti haqida gʻamxoʻrlik qilishlari shart.

Ota-ona oʻz bolalarini tarbiyalashda boshqa barcha shaxslarga nisbatan ustun huquqqa ega.

Voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari bolaning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilishlari shart. Ularning tarbiyasi, maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi olishlari uchun javobgardirlar.

Bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ularning ota-onasi zimmasiga yuklatiladi.

Ota-ona oʻz bolalarining qonuniy vakillari hisoblanadilar hamda har qanday jismoniy va yuridik shaxslar bilan boʻlgan munosabatlarda, sudda alohida vakolatsiz ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladilar.

Vasiylik va homiylik organi tomonidan ota-ona va bolalar manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik borligi aniqlanganda, ota-ona oʻz bolalarining manfaatlarini himoya qilishga haqli emas.

Ota-ona va bolalar oʻrtasida kelishmovchiliklar mavjud boʻlganda vasiylik va homiylik organi bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun vakil tayinlashi shart.

Ota-onalik huquqi bolalar manfaatlariga zid tarzda amalga oshirilishi mumkin emas.

Ota-onalik huquqini amalga oshirishda ota-ona bolalarining jismoniy va ruhiy sogʻligʻiga, axloqiy kamolotiga zarar yetkazishga haqli emas. Bolalarni tarbiyalash usullari mensimaslik, shafqatsizlik, qoʻpollikdan, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan holi boʻlishi kerak.

Oʻz ota-onalik huquqini bolalarining huquq va manfaatlariga zid tarzda amalga oshirayotgan ota-ona qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladi

Bolalarning taʼlim-tarbiyasiga taalluqli masalalar bolalar manfaatidan kelib chiqqan va ularning fikrini hisobga olgan holda ota-ona tomonidan oʻzaro kelishuv asosida hal etiladi. Agar ota-ona oʻrtasida kelishmovchiliklar mavjud boʻlsa, ular (ulardan biri) bu kelishmovchiliklarni hal qilish uchun vasiylik va homiylik organiga yoki sudga murojaat qilishga haqlidir.

Ota-ona alohida yashaganda, bolalarning qayerda yashashi ota-onaning kelishuviga binoan belgilanadi. Ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, nizo sud tomonidan bolalar manfaatlaridan kelib chiqib, ularning fikrini hisobga olgan holda hal etiladi.

Bobo, buvi, aka-uka, opa-singil va boshqa yaqin qarindoshlar bola bilan koʻrishib turish huquqiga ega.

Ota-ona (ulardan biri) yaqin qarindoshlarning bola bilan koʻrishishiga imkoniyat bermasalar, vasiylik va homiylik organi ota-onani (ulardan birini) bunday imkoniyat berishga majbur qilishi mumkin.

Agar ota-ona (ulardan biri) vasiylik va homiylik organining qarorini bajarmasa, bolaning yaqin qarindoshlari yoki vasiylik va homiylik organi daʼvosi asosida sud bolaning manfaatlarini va bolaning fikrini hisobga olgan holda nizoni hal qiladi.

Ota-ona bolani qonunga asoslanmasdan ushlab turgan har qanday shaxsdan uning qaytarilishini talab qilishga haqli. Nizo chiqqan taqdirda, ota-ona oʻz huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishga haqli. Bu talablarni koʻrishda sud bolani ota-onasiga qaytarish uning manfaatlariga zid degan xulosaga kelsa, bolaning fikrini hisobga olgan holda ota-onaning daʼvosini rad qilishga haqli.

Agar sud ota-ona ham, bolani oʻz qaramogʻiga olgan shaxs ham bolaga lozim darajada tarbiya berishni hamda uni kamolotga yetkazishni taʼminlay olmaydilar, deb topsa, bolani vasiylik va homiylik organi qaramogʻiga olib beradi.

1. Farzandlaringizga internetdan foydalanish tajribasini o‘rgating. Ular bilan birga tarmoqqa tashrif buyurib, ularga o‘z bilimlaringizni o‘rtoqlashing.

2. Farzandlaringizni o‘z sezgilariga ishonishga o‘rgating. Agar internetda biror narsa ularni bezovta qilsa, bu haqda darhol sizga xabar berishi kerakligini eslatib turing.

3. Bolalaringizga hech qachon internetda o‘z manzilini, telefon raqamini yoki boshqa shaxsiy ma’lumotlarini bermasliklarini talab qiling. Farzandingizga shaxsiy ma’lumotlardan (bola ismi, elektron pochta manzili, telefon raqami, uy manzili) foydalanmasdan, faqatgina ism va shakllarni to‘ldirishni talab qiladigan dasturlarga yozilishga yordam bering. Buning uchun siz farzandingizga maxsus elektron pochta manzilini yaratib berib, o‘zingiz nazorat qilib turishingiz mumkin.

4. Bolalarga hech qachon onlayn do‘stlar bilan uchrashmasligi kerakligini, chunki bu odamlar ular o‘ylaganidek bo‘lmasligi mumkinligi tushuntiring.

5. Farzandlaringizga internetda o‘qiganlari yoki ko‘rganlari doim ham haqiqat emasligini ayting. Agar o‘qigani yoki ko‘rgani to‘g‘riligiga ishonchi komil bo‘lmasa, siz bilan maslahatlashishi kerakligiga o‘rgating.

6. 12 yoshgacha bolalar uchun zararli kontentni filtrlaydigan, farzandingiz qaysi saytlarga tashrif buyurishini aniqlashga yordam beradigan zamonaviy dasturlar yordamida bolalaringiz harakatlarini nazorat qilib boring. 12 yoshdan katta bolalar uchun esa internetdan xavfsiz foydalanish bo‘yicha tavsiyalar bering. 

7. Bolalar boshqa odamlarning mulkini hurmat qilishlarini talab qiling. Ularga musiqa, kompyuter o‘yinlari va boshqa dasturlardan noqonuniy nusxa ko‘chirish o‘g‘irlik bilan teng ekanligini tushuntiring.

8. Bolalarni boshqalarni hurmat qilishga o‘rgating. Ularga internetdan foydalanishda ham yaxshi xulq-atvorda bo‘lishi kerakligini eslatib turing.

 

Bolaning manfaatlari, ularning jismoniy, aqliy va maʼnaviy rivojlanishi uchun zarur boʻlgan barcha shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan bir hisoblanadi. Bunda, bolaning jamiyatda kamol topishi, albatta, ota-onasining hamda nasl-nasabining oʻrni katta.

 

Bolaning nasl-nasabini belgilash uning ota-onasi kim ekanligini aniqlash orqali hal etiladi. Oʻzbekiston Respublikasida bolaning nasl-nasabini belgilashning huquqiy asoslari Konstitutsiya, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik va Oila kodekslari, “Bola huquqlari kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.

 

Bolaning nasl-nasabini belgilash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 10-bobida belgilangan boʻlib, mazkur Kodeksning 60-moddasiga asosan bolaning shu onadan tugʻilganligi, yaʼni onalik fakti fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organi tomonidan tibbiy muassasaning hujjatlariga muvofiq, bola tibbiy muassasada tugʻilmagan holatlarda esa, boshqa dalillarga asosan belgilanadi.

 

Ayolning nikoh tuzilgandan keyin yoki erining oʻlimi, nikohdan ajratilganligi yoxud nikoh haqiqiy emas deb topilganligi tufayli nikoh tugaganidan soʻng uch yuz kun ichida tugʻilgan bolasi nikohda tugʻilgan bola hisoblanadi.

 

Agar er-xotin oʻrtasida nikoh tugaganidan keyin uch yuz kun ichida bola tugʻilsa va bu davrda ayol yangi nikohga kirgan boʻlsa, bola yangi nikohda tugʻilgan hisoblanadi. Bunday hollarda sobiq er yoki uning ota-onasi bolaning nasl-nasabi xususida nizolashish huquqiga ega.

 

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Bosh Qomusimizda farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qatʼi nazar, qonun oldida teng ekanliklari belgilab quyilgan.

 

Asos: Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi 

Koʻp bolali oila deganda oilada 4 nafar va undan ortiq 18 yoshga toʻlmagan bolasi boʻlgan oilalar tushuniladi.
 

Shuningdek, 4 nafar va undan ortiq bolalardan biri yoki undan koʻprogʻi taʼlimning kunduzgi shaklida (oʻrta maxsus va professional, oliy taʼlim) taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan boʻlsa hamda yigirma ikki yoshga toʻlmagan boʻlsa, bu oila ham koʻp bolali oila hisoblanadi.

 

Asos: Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi

Qonunchilikda koʻp bolali oila farzandlari uchun turli xil, shu jumladan soliq va ishga joylashishda imtiyozlar berilgan.

 

Soliq imtiyozlari:

 

Boquvchisini yoʻqotgan koʻp bolali oilalar soliq toʻlashdan ozod qilingan. Ota va onadan biri yoxud ularning har ikkalasi vafot etgan koʻp bolali oilalar soliq solish maqsadida boquvchisini yoʻqotgan koʻp bolali oilalardir. Boquvchisini yoʻqotgan koʻp bolali oilalar soliq imtihonini olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tuman (shahar) boʻlimidan maʼlumotnoma olishi lozim.

 

Ishga joylashishda berilgan imtiyozlar:

 

Koʻp bolali oilalarning ota-onalari aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga kiradi. Bunda, davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish boʻyicha qoʻshimcha kafolatlarni taʼminlaydi. Yaʼni ish beruvchilar koʻp bolali oilalarning ota-onalarini zaxiraga qoʻyilgan ish oʻrinlariga ishga qabul qilishi shart.

 

Asos:

Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi 

Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonuni 

Bolalar oʻzlarining ismi va familiyasini oʻzgartirish huquqiga ega. Bunda, bola 16 yoshga toʻlgunga qadar uning manfaatlarini eʼtiborga olib, ota va onaning birgalikdagi arizasiga binoan bolaning ismini yoki unga berilgan familiyani otasi yoki onasining familiyasiga qarab oʻzgartirishga haqlidir.

 

Ota-onaning bolaning ismi va familiyasini oʻzgartirish haqidagi arizasi Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga beriladi.

 

Shuningdek, bola 16 yoshga toʻlganidan keyin uning ismi yoki familiyasini oʻzgartirishga faqat uning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.

 

Asos: Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi 

Bolaning ota-onasi bir-biridan alohida yashasa va bola bilan birga yashovchi ota yoki ona bolaga oʻz familiyasini berishni xohlasa, vasiylik va homiylik organi bu masalani bolaning manfaatlarini va ona yoki otaning fikrini hisobga olgan holda hal qilishi lozim.

 

Bola oʻzaro nikohda boʻlmagan shaxslardan tugʻilgan va otalik qonuniy tartibda belgilanmagan boʻlsa, vasiylik va homiylik organi bolaning manfaatlarini eʼtiborga olib, uning familiyasini onaning murojaat qilgan davridagi familiyasiga almashtirish uchun ruxsat berishga haqli.

 

Quyidagi holatlarda bolaning ismi va familiyasini oʻzgartirishda ota yoki onaning fikri hisobga olinmaydi:

 

a) ota yoki onaning turgan joyini aniqlash mumkin boʻlmaganda;

 

b) ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda;

 

d) ota-ona muomalaga layoqatsiz deb topilganda;

 

e) ota yoki ona bolaga taʼminot berish va uni tarbiyalash majburiyatlarini bajarishdan uzrsiz sabablarga koʻra boʻyin tovlaganda.

 

Asos: Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi

Ota-onaning zimmasiga bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuklatilgan. Ota-onalar oʻz bolalarining qonuniy vakillari hisoblanadi. Bunda, ular har qanday jismoniy va yuridik shaxslar bilan boʻlgan munosabatlarda, shu jumladan sudda alohida vakolatsiz bolalarining huquq va manfaatlarini himoya qiladilar.

 

Vasiylik va homiylik organi tomonidan huquq va majburiyatlarni amalga oshirish jarayonida ota-ona va bolalar manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshiliklar borligi aniqlangan taqdirda, ota va ona oʻz bolalarining manfaatlarini himoya qilishga haqli emas.

 

Ota-ona va bolalar oʻrtasida kelishmovchiliklar mavjud boʻlganda vasiylik va homiylik organi bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun vakil tayinlashi shart.

 

Asos: Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi 

Ota-onalik huquqi cheklangan ota yoki onaning bolasi bilan koʻrishishi uchun ruxsat va rozilik olish talab etiladi.

 

Ota-onalik huquqi cheklangan ota yoki onaning bolasi bilan koʻrishishga sudning ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi. Bunda, ota-onalik huquqi cheklangan ota yoki onaning oʻz bolasi bilan koʻrishishi bolaga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi lozim.

 

Ota-onaning bola bilan koʻrishishiga vasiylik va homiylik organining roziligi bilan yoki vasiy (homiy)ning, bolaning tutingan ota-onasi yoki bola turgan muassasa maʼmuriyatining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.

 

Asos: Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi 

 

Sudda bolalar tarbiyasi bilan bogʻliq nizolar koʻrib chiqilayotganda, bolaning himoyasi uchun kim daʼvo taqdim qilganligidan qatʼi nazar, ishda ishtirok etish uchun vasiylik va homiylik organi jalb qilinishi kerak.

 

Vasiylik va homiylik organi bolaning hamda uni oʻz tarbiyasiga berishni talab qilayotgan shaxsning turmush sharoitlarini tekshiradi va tekshirish natijalarini hamda unga asoslangan nizo mohiyatiga oid xulosasini sudga taqdim qilishi shart.

 

Asos: Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi 

Bola xususiy mulk egasi boʻlish huquqiga ega. Bolaning xususiy mulkiga uning qonunda belgilangan tartibda hadya, meros tariqasida olgan mol-mulki, shuningdek shaxsiy mehnati va tadbirkorlik faoliyati natijasida orttirgan mol-mulklari kiradi.

 

Bolaning shaxsiy foydalanishidagi buyumlari (kiyim-kechak, poyabzal, ishlab chiqarish qurollari, oʻquv anjomlari va boshqalar) uning xususiy mulki hisoblanadi.

 

Bolaning tadbirkorlik faoliyatiga qoʻshgan mablagʻi va undan orttirgan daromadi, agar bola bilan ota-ona yoki oilaning boshqa aʼzolari oʻrtasida boshqacha kelishuv boʻlmasa, bolaning xususiy mulki hisoblanadi.

 

Asos: Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi 

Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, shu jumladan tarbiya va davolash muassasalarida, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalaridagi bolalar oilaga tarbiyaga berilishi mumkin.

 

Bolalarni oilaga tarbiyaga olishni istagan shaxs vasiylik va homiylik organlari bilan kelishilgan holda bolalarni oldindan tanlab oladi.

 

Bolalarni oilaga tarbiyaga berish ularning xohishini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. 10 yoshga toʻlgan bolalarni ularning roziligi bilan oilaga tarbiyaga berish mumkin.

 

Asos: Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi 

Oilaga tarbiyaga berilgan bolalarning bir nechta huquqlari boʻlib, ushbu huquqlarga quyidagilar kiradi:

 

1) oʻzlariga tegishli boʻlgan aliment, pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy toʻlovlarni olish;

 

2) uy-joyga boʻlgan mulk huquqi yoki uy-joylardan foydalanish;

 

3) qonunchilikka muvofiq uy-joy olish.

 

4) oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilish;

 

5) ota-onasi va qarindoshlari bilan koʻrishish.

 

6) oilada bolaga daxldor masala hal qilinayotganida oʻz fikrini bildirish.

 

Asos: Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi 

 

Bugungi kunda insonlar ko‘plab internet tahdidlariga duch kelmoqda. Bu haqda televideniye, radiolarda xabar qilinadi, gazeta va jurnallarda yoziladi, Bunday tahdidlarga esa birinchi navbatda bolalar duchor bo‘lmoqda.

 

Internetda bunday tahdidlarga qarshi maslahatlar, ota-onalar o‘z muammolarini muhokama qiladigan forumlar va ijtimoiy tarmoqlar kabi kurash vositalari mavjud. Shuningdek, bolaning turli xil ma’lumotlarga kirishini cheklash mumkin bo‘lgan kompyuter dasturlari ham mavjud.

 

Ushbu kompyuter dasturlari yordamida hal qilinadigan asosiy vazifalar:
 

  • “kirish mumkin emas” toifasidagi saytlarga kirishni taqiqlash;
     
  • xavfli saytlarni blokirovka qilish;
     
  • kontekstli reklama va bannerlarni bloklash;
     
  • bolani shubhali tanishlardan himoya qilish;
     
  • xabar almashish dasturlari, ijtimoiy tarmoqlar va fayllarni yuklab olish va hokazolar ishini nazorat qilish.

 

Ro‘yxat bu bilan cheklanmaydi va bunday dasturlar juda ko‘p turli xil foydali funksiyalar va vazifalarni bajarishi mumkin. Ushbu dasturlarning aksariyati internetda bepul tarqatiladi.

 

Internetda ota-ona nazoratini o‘rnatishning faqat bitta muammosi bor, ya’ni hozirgi kunda bolalar kompyuterni ota-onalariga qaraganda ancha yaxshi biladi. Shu bois, bunda ushbu nazoratni – eng yaxshi internet-provayderlarning jihozlariga filtrlar qo‘yish orqali o‘rnatish lozim.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi ayolga hayoti davomida o‘z umr yo‘ldoshi tomonidan jismoniy tazyiq o‘tkaziladi. Turmush qurgan ayollarning 30 foizi hamrohi tomonidan zo‘ravonlik holatlariga duch kelganlari haqida ma’lum qiladi. Ayollar o‘limining 38 foizi ularning turmush o‘rtog‘i tomonidan amalga oshiriladi va zo‘ravonlikka duch kelgan ayollarning 42 foizigina muammo haqida ochiq so‘zlaydi

 

Oiladagi zo‘ravonlik – bu bir inson o‘z oila a’zolaridan biri yoki bir nechtasini total nazorat ostiga olib, o‘zaro munosabatlarda to‘liq hukmronlik qilish va ularga bosim o‘tkazishga urinishi hisoblanadi. Bu jismoniy va axloqiy ustidan kulish holatlarida yoki moliyaviy holatini suiste'mol qilishda namoyon bo‘lishi mumkin. Jismoniy zo‘ravonlik jismoniy jarohatlarga olib keladi va ba'zi holatlarda hayot uchun xavf tug‘diradi.

 

Oiladagi zo‘ravonlik holatlari oilalarning daromad darajasi, ma’lumoti va jamiyatdagi mavqeyidan qat’i nazar, barcha ijtimoiy guruhlarda mavjud.

 

Bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi global muammolardan biri ota-onalar tomonidan ularga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish muammosidir.

 

Butun dunyo bo‘yicha bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining 40 foizi aynan oilalarda sodir bo‘ladi

 

Oiladagi zo‘ravonlik asosan quyidagi holatlarda vujudga keladi:

  • tez-tez takrorlanadigan holatlar: doimiy nazorat qilish va qo‘rquv hissini uyg‘otish maqsadida jismoniy, ma’naviy va iqtisodiy zo‘ravonlik qilish;
  • bolaning manfaatlari va ehtiyojlarini e'tiborsiz qoldirish, ya’ni bolaga nisbatan e’tiborning yetishmasligi va uning asosiy ehtiyojlarini (oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, ta’lim, tibbiy yordam) o‘z vaqtida ta’minlamaslik.

 

Hozirgi kunda bolalar tomonidan sodir etilgan ko‘plab jinoyatlarga oilalarda vujudga kelgan janjal va nizolar sabab bo‘lib hisoblanadi.

 

Butun dunyoda bu kabi jinoyatlar profilaktikasi bo‘yicha katta tajriba, maxsus qonunchilik me'yorlari va bunday kishilarni reabilitatsiya qilishga doir standartlar  mavjud. O‘zbekistonda ham bu normalar rivojlanmoqda.

 

Qonunchlikka asosan, oiladagi zo‘ravonlik qilish bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan  20 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 10 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi

 

ESLAB QOLING!

- bolalarga nisbatan hech qanday zo‘ravonlikni oqlab bo‘lmaydi;

- ko‘pincha oilaviy muammolar er va xotin o‘rtasidagi munosabatlarda namoyon bo‘ladi va bolalar esa ushbu nizolarning guvohi va qurboni bo‘lishadi;

- zo‘ravonlik qo‘llaniladigan oilalar farzandlarida doimiy qo‘rquv hissi paydo bo‘ladi.

 

Hurmatli ota-onalar!

Yomon odatlaringiz orqali o‘z farzandlaringiz kelajagini xavf ostiga qo‘ymang. Bolalarga mehr ko‘rsating!

Ko‘pchilik insonlar maktab hayotdagi eng muhim bosqich, bolalar albatta yaxshi o‘qishi kerak, deb hisoblashga o‘rganib qolgan. Shu bois ba’zi ota-onalar bola holdan toyguncha darslarini bajarishni talab qilib, ularga bosim o‘tkazishadi. Aslida bajarilmagan dasrlar - bu fojia ham, halokat ham emas: asosiysi sizning bola bilan munosabatlaringiz, uning psixologik qulayligi va o‘qishga bo‘lgan qiziqishi hisoblanadi.

 

Bolaga “uy vazifasi” qo‘rquvini yengib o‘tishga yordam bering!

 

Dastlab uy vazifalarini bajarib o‘tirgan bola o‘zini yo‘qotib qo‘yishi va unga qanday kirishishni bilmasligi mumkin. Bunday holatlarda ota-onalarning vazifasi - jarayonni tashkillashtirishga yordamlashish, nimadan boshlab nima bilan tugallash kerakligini, javoblarni daftarlarga qanday yozish kerakligini ko‘rsatib berish hisoblanadi.

 

O‘zingizga o‘zingiz nima uchun dars qilish kerakligini tushuntiring!

 

Ko‘p ota-onalar darslarni bajarishni odatga aylantirishga intilishadi, biroq aksariyat bolalar buni nima uchun shunchaki bajarish lozimligini tushunishmaydi. Matematikani har kuni ko‘zda yosh bilan yechadigan bolaga "shuni qilishing shart" deyish ochiq va qiziquvchan insonni barcha yangiliklarga shubha bilan qaraydigan yopiq kishiga aylantirib qo‘yadi.

 

Bolani mustaqil qaror qabul qilishga o‘rgating!

 

Bolaga imkon qadar ko‘proq mustaqillik berishga harakat qiling. Aks holda, u yoshligidan qaror qabul qilishni bilmasligi, katta bo‘lganda bu borada hech qanday tajribaga ega emasligiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, ota-ona o‘qituvchining o‘rnini bosishi kerak emas - aks holda, bolalar uyda siz yaxshilab tushuntirishingizga umid qilib, sinfda hech narsani tinglamay qo‘yishadi.

 

Bolaga ishoning va qaror qabul qilishni unga qoldiring - bolalar tanlovni amalga oshirish va ustuvor vazifalarni o‘zi belgilashni o‘rganishlari kerak.

 

G‘azablanmaslikka harakat qiling!

 

Ko‘pincha shunday bo‘ladiki, ota-onalar bolaga uyga vazifani tushuntirishga harakat qiladi, biroq bola tushunmaydi va ota-onaning jahli chiqadi.  Yuzaga kelgan ziddiyatlar natijasida bola xatolardan qo‘rqa boshlaydi. Aslida esa bolaning ota-onani o‘qituvchi sifatida qabul qila olmasligi tabiiy holat. Unutmang, bola bilan munosabatlaringiz dasrlardan muhimroq. Bolani ham, o‘zingizni ham qiynamay, boshqacha yondashuvlarni izlang - masalan, unga mavzuga doir videosaboqni ko‘rishni taklif qiling.

 

Bolaning faqat baholariga emas, hayotiga qiziqish bildiring!

 

Bolaning nafaqat baholariga, balki kundalik hayotiga ham qiziqish bildiring. Unga qiziq bo‘lgan predmetlar va mavzularni muhokama qiling, aks holda u o‘zini e’tibordan chetda qolgandek his qiladi. Bolani nazorat qilish emas, unga g‘amxo‘rlik qilish - maktabdagi yangiliklarga qiziqish bildirish, uni tinglash va qo‘llab-quvvatlash muhim hisoblanadi.

 

Bolani yomon o‘qigani uchun jazolamang!

 

Bajarilmagan uyga vazifa uchun jazo qo‘llash - to‘g‘ri yo‘l emas. Darslar nima uchun muhim ekanini xotirjam holda misollar bilan tushuntirishga harakat qiling. Bolada stress bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang. Bolaning qiziqishlari va qobiliyatidan kelib chiqib, ustuvor vazifalarni belgilashga harakat qiling. Bolani ko‘proq tinglang va unga nima kerakligini tushunishga harakat qiling.

Turar joyga ega bo‘lmagan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali kvartiralar ajratiladi.

 

Voyaga yetgan yetim bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda esa 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi.

 

Bunda, shunday toifaga kiruvchi nogironligi bo‘lgan bolalarga kvartiralar ko‘p qavatli uylarning uchinchi qavatigacha ajratiladi.

 

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat bog‘chalari va maktablarga navbatga qo‘yilmasdan joylashtiriladi.

 

Ular texnikum, kollej, akademik litsey yoki oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotganda har o‘quv yilida bir marotaba o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar xarid qilish uchun hozirgi kunda 1,5 mln so‘m miqdoridagi subsidiya beriladi.

 

 Yetim bolalar va ota qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘qishni davlat oliy ta’lim muassasalarida davom ettirganda ularga stipendiya 50 foizga oshirilgan holda to‘lanadi.

Hurmatli ota-onalar va bolalar!

 

Qonunchiligimizga asosan, voyaga yetmagan shaxs o‘n olti yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘z vaqtida pasport olmaganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi

 

O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs o‘n olti yoshga to‘lishi munosabati bilan yashash guvohnomasini o‘z vaqtida olmaganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.

 

O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzganligi, ya’ni haqiqiy bo‘lmagan hujjatlar bilan yashashi, vaqtincha propiskaning, ko‘chishning yoki yashash joyini tanlashning belgilangan tartibiga rioya etmaganligi, bo‘lish muddati tugagach chiqib ketishdan bo‘yin tovlaganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.

 

Hurmatli ota-onalar va bolalar!

 

Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmagan bolalar, shu jumladan tarbiya va davolash muassasalarida, shuningdek aholini ijtimoiy himoyalash muassasalaridagi bolalar oilalar tarbiyasiga beriladi

 

Bolalarni oilaga tarbiyaga olish ixtiyoriy bo‘lib, u vasiylik va homiylik organlari bilan bolani olish istagini bildirgan shaxslar o‘rtasida tuzilgan maxsus shartnoma asosida amalga oshiriladi.

 

Bolalarni oila tarbiyasiga olishni istagan shaxslar vasiylik va homiylik organlari bilan kelishilgan holda bolalarni oldindan tanlab oladi.

 

Ota-onalar qarovisiz qolgan bolani tarbiyaga olishni istagan fuqarolar tutingan ota-onalar deb ataladi. Bolani farzandlikka olishni xohlovchi shaxslar o‘z yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga tutingan ota-ona sifatida hisobga qo‘yish haqida ariza beradi.

 

Bolalarni oilalar tarbiyasiga berishda vasiylik va homiylik organlari:

 

  • bolalarga bir yo‘la kiyim-bosh va poyabzal beradi;
  • bolani tarbiyasiga olgan shaxsga esa bolaning ta’minoti uchun har oyda nafaqa to‘lab turadi.
  •  

Oilaga tarbiyaga berilgan bolalar o‘zlariga tegishli bo‘lgan pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni olish, uy-joygalardan foydalanish hamda uy-joy olish huquqlarini saqlab qoladilar

 

Bolalarni oilalar tarbiyasiga berish ularning xohishini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. O‘n yoshga to‘lgan bolalar faqat ularning roziligi bilan oilalar tarbiyasiga berilishi mumkin

Hurmatli ota-onalar!

 

Quyidagi kasalliklari mavjud bo‘lgan bolalar uchun bog‘cha puli to‘lamaydi:

 

  •  nutqidagi og‘ir nuqsonlar (rinolaliya, duduqlaish, bolalar afaziyasi, ruhiy-utqiy rivojlanishda orqada qolish);
  •  eshitishdagi og‘ir nuqsonlar (II – IV darajadagi karlik);
  •  ko‘rishdagi og‘ir nuqsonlar (ko‘zi ojizlar va g‘ilay bo‘lgan zaif ko‘radiganlar);
  •  tayanch-harakatlanishidagi nuqsonlar;
  •  psixik rivojlanishda orqada qolish (aqliy faoliyatining orqada qolishi va aqliy zaiflikning yengil darajasi);
  •   murakkab nuqsonlar (rivojlanishida ikki va undan ortiq nuqsonlari mavjudligi);
  •  sil kasalligining ilk ko‘rinishi (sil kasalligi bilan kasallangan bemor bilan bir oiladan bo‘lganlar), shuningdek sil kasalligidan keyingi tiklanish davri.

 

Hurmatli ota-onalar va bolalar!

 

Maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi (maktab-internatlaridagi) bolalar umumiy sonining 15 foizi doirasida “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalar farzandlari to‘lovdan ozod qilinadi

 

Bunda, birinchi navbatda ota-onalaridan biri yoki ikkalasi I yoxud II guruh nogironligi bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga, shuningdek, o‘rtacha oylik jami daromadi eng past darajada bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga imtiyoz beriladi.

 

Boquvchisini yo‘qotgan ayollarning farzandlari belgilangan kvotadan qat’i nazar ota-onalar to‘lovidan ozod qilinadi.

Har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, o‘z ota-onasini bilish, ular bilan birga yashash va ularning g‘amxo‘rligidan foydalanish huquqiga ega. 

 

Bolaning ota-onasi bo‘lmaganda, ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda hamda bola ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan boshqa hollarda uning oilada yashash hamda tarbiyalanish huquqi vasiylik va homiylik organi tomonidan ta’minlanadi.

 

Bola otasi, onasi, bobosi, buvisi, aka-ukalari, opa-singillari va boshqa qarindoshlari bilan ko‘rishish huquqiga ega. Ota-onasining nikohdan ajralishi, nikohning haqiqiy emas deb topilishi yoki ota va onaning boshqa-boshqa yashashi bolaning huquqlariga ta’sir qilmaydi.

 

Ota va ona turli davlatlarda yashagan taqdirda ham bola ular bilan ko‘rishish huquqiga ega.

 

Ushlab turish, hibsga olish, qamoqqa olish, davolash muassasasida bo‘lish kabi holatlarga tushib qolgan bola o‘z ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rishish huquqiga ega.

Oilada har qanday masala hal qilinayotganda bola o‘z fikrini ifoda etishga, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama jarayonida so‘zlashga haqlidir.

 

Bunda qaror qabul qilishga vakolatli bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar, ko‘rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak.

Go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarining reklamasi quyidagi talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi:

 

  • go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar uchun ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi;
     
  • ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar to‘g‘risidagi har qanday axborot ona sutining, shuningdek go‘dakni olti oygacha oziqlantirishda boshqa taomdan yoki ichimlikdan, shu jumladan suvdan foydalanmasdan faqat ona suti bilan oziqlantirishning foydasi va afzalligi to‘g‘risidagi ko‘rsatmani o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak;
     
  • bola hayotining birinchi yili mobaynida uning ratsioniga kiritilgan qo‘shimcha ovqat mahsulotlari reklamasida bunday mahsulotlar qo‘llanilishining yoshga doir cheklovlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda mutaxassislarning maslahati zarurligi haqidagi ogohlantirish bo‘lishi kerak.
Chat