Farzandlikka olishga faqat voyaga yetmagan bolalarga nisbatan va faqat ularning manfaatlarini koʻzlab yoʻl qoʻyiladi.
Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning (shaxsning) arizasiga koʻra, vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga toʻgʻri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.
Aka-ukalar va opa-singillarni turli shaxslar tomonidan farzandlikka olishga yoʻl qoʻyilmaydi, farzandlikka olish bolalarning manfaatlariga muvofiq kelgan hollar bundan mustasno.
Voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar boʻlishi mumkin.
Quyidagi shaxslar farzandlikka oluvchilar boʻlolmaydi:
► ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;
► muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
► farzandlikka olganligi bekor qilingan sobiq farzandlikka oluvchilar;
► qasddan sodir qilgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilinganlar.
Farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq oʻn besh yoshdan kam boʻlmasligi shart, oʻgay ota va oʻgay ona tomonidan farzandlikka olish hollari bundan mustasnodir.
Farzandlikka olishda quyidagilar ustunlik huquqiga ega boʻladilar:
► turar joyidan qatʼi nazar farzandlikka olinuvchining qarindoshlari;
► farzandlikka olinuvchi bola oilasida yashayotgan shaxs;
► aka-uka, opa-singillarni ular oʻrtasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar;
► oʻgay ota va oʻgay ona;
► Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;
► kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar.
Oʻn yoshga toʻlgan bolani farzandlikka olish uchun uning roziligi talab qilinadi.
Farzandlikka olishda bolaning roziligi vasiylik va homiylik organlari yoki sud tomonidan farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganda aniqlanadi.
Sudning farzandlikka olish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab oʻn kun ichida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari farzandlikka olinayotganning tugʻilishi qayd etilgan daftarga zarur oʻzgartirishlar kiritishi lozim.
Farzandlikka olingan bolalar barcha shaxsiy va mulkiy huquqlarda farzandlikka oluvchining oʻz bolalariga tenglashtiriladi.
Turar joyga ega bo‘lmagan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali kvartiralar ajratiladi. (https://lex.uz/docs/5569689)
Voyaga yetgan yetim bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda esa 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi.
Bunda, shunday toifaga kiruvchi nogironligi bo‘lgan bolalarga kvartiralar ko‘p qavatli uylarning uchinchi qavatigacha ajratiladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat bog‘chalari va maktablarga navbatga qo‘yilmasdan joylashtiriladi.
Ular texnikum, kollej, akademik litsey yoki oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotganda har o‘quv yilida bir marotaba o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar xarid qilish uchun hozirgi kunda 1,5 mln so‘m miqdoridagi subsidiya beriladi.
Yetim bolalar va ota qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘qishni davlat oliy ta’lim muassasalarida davom ettirganda ularga stipendiya 50 foizga oshirilgan holda to‘lanadi.