ORTGA Sizning natijangiz 0%

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qaysi tashkilotlar aniqlaydi?

09:15 - 16.01.2025
588

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar 24 soat ichida bola aniqlangan hududdagi vakolatli organga yo‘naltiriladi. Ularning asosiy vazifasi quyidagi ma’lumotlarni aniqlash:

Ijtimoiy xodim, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisining vazifasi — oilalarda o‘rganish va profilaktika tadbirlarini amalga oshirish jarayonida yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolani aniqlash, bolaning sog‘lig‘i va hayoti xavf ostida bo‘lgan, shu jumladan, ota-onasi uch oydan ortiq muddatga chet elga ketgan hamda ularning tarbiyasi va ta’minotida qatnashmayotgani, ota-onaning e’tibori va g‘amxo‘rligi namoyon bo‘lmayotgani, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvoldagi oilalarda yashayotgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniqlash;

- ichki ishlar organlari — profilaktika inspektori nazoratida bo‘lgan, tashlab ketilgan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, odam savdosi qurboni bo‘lgan hamda xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan oilalardagi bolalar to‘g‘risidagi;

- notariuslar — bolani farzandlikka berish (olish), bolani vasiylikka yoki homiylikka berish haqida arizadagi imzoning haqiqiyligini shahodatlash bo‘yicha murojaat qilganligi to‘g‘risidagi;

- sog‘liqni saqlash organlari — qoldirib ketilgan, ota-onalari tibbiyot muassasalaridan olishni rad etgan bolalar, shuningdek, voyaga yetmagan shaxslar orasida homiladorlik va tug‘ruq to‘g‘risidagi;

- sudlar — shaxslarning ota-onalik huquqidan mahrum qilingani, ota-onalik huquqi cheklangani, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan yoxud bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingani, shuningdek, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm va qarorlar qabul qilinganda hamda ko‘rib chiqiladigan boshqa holatlarda ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi;

- ta’lim muassasalari — ta’lim muassasasi psixologi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari nazoratidagi ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan, zo‘ravonlikdan jabrlanganlar, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslar to‘g‘risidagi;

- fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari — o‘limni ro‘yxatdan o‘tkazishda yoki vafot etgan deb e’lon qilishda ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, shuningdek, otalik (onalik) belgilanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Vakolatli organga taqdim etiladigan ma’lumotlarning asoslanganligi, ishonchliligi va belgilangan muddatda taqdim etilishi uchun ma’lumotni kiritayotgan idoralarning rahbarlariga shaxsiy javobgarlik yuklanadi.

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar haqidagi ma’lumotlar boshqa tashkilotlar va muassasalarga, shuningdek, fuqarolarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollardan tashqari berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar to‘g‘risida ularning qarindoshlari yoki boshqa shaxslar yashash joyidagi vakolatli organga xabar qilishlari mumkin.

Ushbu ma’lumotlar asosida “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali har bir holat bo‘yicha ijtimoiy ish shakllantiradi. Bunda vakolatli organ ijtimoiy ish bo‘yicha uch ish kuni ichida quyidagilarni amalga oshiradi:

- bolaning holatini birlamchi baholab, uning asosiy ehtiyojlarini qondirish choralarini ko‘radi. Bunda bolaning asosiy ehtiyojlarini qondirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan qoplanadi;

- bolaning qarindoshlari va u yashayotgan oila a’zolari yoki qo‘shnilar orasidan bolani vasiylikka yoki homiylikka olishni istagan shaxslarni aniqlaydi;

- talabgorlar mavjud bo‘lmaganda, bola (bolalar)ning manfaati uchun mos keladigan joylashtirish shakli belgilangunga qadar vaqtincha uning qarindoshlari yoki qo‘shnilariga, ulardan tilxat olgan holda yoxud joylashtirishning muqobil shakliga berish choralarini ko‘radi;

- bola tahsil olayotgan ta’lim muassasasi psixologi va inspektor-psixologlar bilan birgalikda uning ijtimoiy holatini va ehtiyojlarini o‘rganadi;

- bolaning ota-onasi bilan suhbat o‘tkazadi hamda oilaning ehtiyojlarini o‘rganadi. Bunda zarur hollarda mahalla raisi, profilaktika inspektori, xotin-qizlar faoli va hokim yordamchisi jalb etiladi;

- bolaning tarbiyasi, rivojlanishi, hayoti va sog‘lig‘i uchun mavjud bo‘lgan xavf omillarini tahlil qiladi hamda bolani oiladan ajratilishini oldini olish maqsadida bolaga va ota-onaga ijtimoiy, psixologik, huquqiy hamda zarur hollarda tibbiy va iqtisodiy holatini yaxshilash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilishini tashkillashtiradi;

- bolani oilada qoldirish uning manfaatiga zid keladigan hollarda, bolani vaqtincha joylashtirishning muqobil shakliga berish choralarini ko‘radi;

- bolalarni vaqtincha joylashtirishning muqobil shakliga berish choralarini ko‘radi;

- bolada davolanish zaruriyati aniqlangan hollarda, uni davolash uchun tegishli sog‘liqni saqlash muassasasiga joylashtiradi.

Chat