ORTGA Sizning natijangiz 0%

Bolalarga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlik belgilandi

14:25 - 29.10.2024
242

Dunyoda zo‘rlik ishlatib sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish, shaxs huquq va manfaatlarini himoya qilish bugungi kunda barcha davlatlar uchun muhim ahamiyat kasb etadigan vazifalardan hisoblanadi.

Hammamizga maʼlumki, so‘nggi vaqtlarda ayollar, bolalarni xo‘rlash, ularga zo‘ravonlik qilish, tazyiq o‘tkazish va ularni kamsitish holatlariga tez-tez guvoh bo‘lyapmiz.

Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka nafaqat voyaga yetgan shaxslar, balki bolalar ham duchor bo‘lmoqda. Ammo amaldagi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslarining tegishli moddalari dispozitsiyasida oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikning qurboni er-xotin, sobiq er-xotin, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxs yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxslar bo‘lishi mumkinligi nazarda tutilgan bo‘lib, bunga bolalar kiritilmagan edi.  

Natijada oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka uchragan bolalarga nisbatan jinoyat ishlarini malakalashda tergov idoralarida turli muammolar yuzaga kelayotgan edi.  

Qonunga ko‘ra, Jinoyat kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga bolalarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 583-moddasida “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi ariza sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishidan oldin berilishi mumkin” mazmunidagi ikkinchi qism bilan to‘ldirildi.

O‘zbek tilining izohli lug‘atida “zo‘ravonlik” so‘ziga zo‘ravonlarga xos xatti-harakat; zo‘rlik, kuch ishlatish degan taʼrif berilgan. “Zo‘rlik” tushunchasi odamlar va jamiyat uchun o‘ta xavfli bo‘lgan jinoyatni ham o‘z ichiga oladi. Masalan, odam o‘ldirish, birovning molini o‘g‘irlash, birovga zo‘rlik ishlatish, insonning shaʼni, qadr-qimmatini tahqirlash va hokazolar og‘ir gunoh sanaladi. Muqaddas dinimizda ham “odam o‘ldirma”, “zo‘ravonlik qilma” kabi aqidalarga qattiq amal qilinadi.

Odatda bolalar ko‘proq qanday zo‘ravonliklarga duch keladi? Jismoniy zo‘ravonlik: bu urish, tepish yoki silkitish kabi zarar yoki shikast yetkazadigan jismoniy kuch ishlatishni o‘z ichiga oladi.

Jinsiy zo‘ravonlik: bolaga nisbatan jinsiy ekspluatatsiya yoki huquqbuzarlikning har qanday shaklini – zo‘rlash, pornografiya yoki jinsiy tahqirlash kabi harakatlarni o‘z ichiga oladi.

Hissiy zo‘ravonlik: hissiy zo‘ravonlik bolaning o‘zini o‘zi qadrlashi, shaxsiy rivojlanishiga putur yetkazadigan xatti-harakatlarni o‘z ichiga oladi. Bu doimiy tanqid, tahqirlash yoki kamsitish tarzida bo‘ladi.

Eʼtiborsizlik: bolaning asosiy ehtiyojlarini, jumladan, oziq-ovqati, boshpanasi, sog‘ligi, taʼlimi va ruhiy qo‘llab-quvvatlanishini taʼminlamaslikni anglatadi.

Onlayn zo‘ravonlik: bugungi kunda dunyo bo‘ylab bolalar onlayn tarzda zo‘ravonliklarga ham uchramoqda. Ular bilan virtual tarzda munosabatlarga kirishish, shaxsiy suratlarini, maʼlumotlarini olib, shu orqali qo‘rqitish tobora ko‘payib boryapti.

O‘zbekistonda 2023 yilning 9 oy davomida bolalarga nisbatan 1240 ta zo‘ravonlik holati qayd etilgan. Zo‘ravonlik oqibatida 22 bola halok bo‘lgan. Shuningdek, 1240 ta voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan bo‘lsa, shundan 417 tasi jinsiy zo‘ravonlikdir. Ushbu raqamlardan ko‘rinib turibdiki, bog‘cha, maktab va boshqa muassasalarda bolalarning ruhiy holatini o‘rganadigan mutaxassislar soni va malakasini oshirish kerak.

Bolalar zo‘ravonlikka uchraganda yoki oila aʼzolari tomonidan tahqirlanganda yoki boshqa holatlarda imo-ishora bilan xabar berish bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish kerak.

Xulosa qilib aytganda, bolalar biz kattalarga ishonishadi, ular bizdan himoya qilishni va barkamol inson sifatida ulg‘ayish uchun shart-sharoitlar yaratilishini kutadi, ular bizga muhtoj va bizning ishtirokimizsiz yashay olmaydilar. Keling, ularning bolalik orzu-umidlarini puchga chiqarmay, baxtli va sevimli farzand bo‘lishlariga yordam beraylik.

Chat