Yulduzchalar soni
02025
0Jami
Yulduzchalarni yig'ish uchun o‘yinlarni o‘ynang va yulduzachalar sonini oshiring!
Mening yulduzlarimBola tarbiyasi uchun muhim 5 ta tavsiya
#muhim tavsiya
Bola tarbiyasi dunyodagi eng murakkab vazifalardan biri hisoblanadi, ammo muvaffaqiyatli ota-ona bo‘lishni o‘rgatadigan rasmiy ta’lim yo‘q. Yaxshi yangilik shundaki, ota-onalar farzandlarining aqliy faoliyatini rag‘batlantirish va kundalik vaziyatlarni ta’lim imkoniyatlariga aylantirish uchun ko‘plab usullardan foydalanishlari mumkin.
Brain Matters (Miya rivojlanishi hal qiluvchi ahamiyatga ega) hujjatli filmi rejissyori Karlota Nelson farzandingizni muvaffaqiyatli hayotga tayyorlashga yordam beradigan beshta oddiy, samarali va ilmiy asoslangan usullarni tavsiya qiladi.
1. Bola endi tili chiqayotgan vaqtdan boshlab uni qo’llab-quvvatlang va bunga jiddiy muloqot deb qarang
Chaqaloqlar chiqaradigan tovushlar va imo-ishoralar muhim emasdek tuyulishi mumkin, ammo bu ularning yagona muloqot usuli hisoblanadi. Bolaning erta rivojlanishi bo‘yicha mutaxassislar biz bolalarni ularning tili endi chayaotgan baqtdanoq qo‘llab-quvvatlashimiz, rag‘batlantirishimiz va uni haqiqiy suhbat sifatida qabul qilishimiz kerakligini ta’kidlaydilar. Ota-onalar bolaning tovushlari, signallari va harakatlariga javob berishlari va kun davomida u bilan muloqotda bo‘lishlari lozim. Bola ikki yoshga to‘lguncha kattalardan eshitadigan so‘zlar, ayniqsa ularning soni, shu yoshdagi so‘z boyligini belgilaydi, keyinchalik esa uning o‘qish ko‘nikmalarining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Bolalarning go’daklarcha tiliga jiddiy yondashing va uni rag‘batlantiring.
2. Bolaning nutqini rivojlantirish uchun unga kitob o‘qib bering
Go’daklar gapira olmaydilar yoki o‘qiy olmaydilar, lekin ular tug‘ilgandan boshlab o‘rganishga tayyor bo‘ladilar. Uch oylik bo‘lganlaridayoq ular dunyo tillarida ishlatiladigan har bir tovushni ajrata oladilar. Har safar farzandingizga kitob o‘qib berganingizda, siz uning nutqi va til ko‘nikmalarini rivojlantirasiz. O‘qish paytida kitobdagi rasmlarni ko‘rsatib, hikoya va uning qahramonlari haqida savollar bering. "Ular qanday kiyimda?" va "ularning soni qancha?" kabi oddiy savollar bolaning nutqi va til ko‘nikmalarini o‘stirishga yordam beradi. Kichik yoshdagi bolalarga kitob o‘qish nafaqat yangi so‘zlarni o‘rganish va eslab qolishga yordam beradi, balki kitob o‘qishga muhabbat uyg‘otadi. Esda tutingki, ko‘p o‘qiganlar yetakchi bo‘lib yetishadi, shunday ekan, nima uchun bu jarayonni iloji boricha ertaroq boshlamaslik kerak?
3. Kundalik harakatlarda ta’lim lahzalarini toping
Kichik yoshdagi bolalar uchun kattalarning har qanday kundalik harakati - bu ta’lim. Cho‘miltirish, kiyimlarni saralash, ovqat tayyorlash yoki topshiriqlarni bajarish bo‘ladimi - bularning barchasi o‘rganish uchun ajoyib imkoniyatlardir. Turli harakatlarni bajarish paytida bolaning nutq faoliyatini faollashtirish uchun nima qilayotganingizni ovoz chiqarib ayting. Kiyimlarni sanang va saralang, shu orqali qo‘shish va ayirish ko‘nikmalarini o‘rgating, ovqat masalliqlari bilan o‘ynang va ilmiy tafakkurni rivojlantirish uchun turli buyumlarning tuzilishi va tarkibini ovoz chiqarib o‘rgating. Turli his-tuyg‘ularni ko‘rsatadigan yuz ifodalari bolalarda hissiyotlarni tushunish qobiliyatini rivojlantirishning ajoyib usulidir.
4. O‘yinni jiddiy qabul qiling
Kichkina bolalar doimo o‘rganadilar. O‘yin orqali ular hayotiy muhim ko‘nikmalarni egallaydilar. Rolli o‘yinlar ularga o‘zlarini boshqa odam o‘rniga qo‘yish va boshqalarning his-tuyg‘ularini tushunishni o‘rganish imkonini beradi. Ular boshqalar bilan o‘ynaganlarida murosaga kelish va navbat bilan harakat qilishni o‘rganadilar. Xayoliy erkin o‘yinlarda ishtirok etish, masalan, o‘yinchoq poyezd fazoda sayohat qilishi mumkinligini tasavvur qilish bolalarda ijodiy qobiliyatlarni rivojlantiradi va ularning nutqini faollashtiradi. Bunday o‘yinlar davomida kichik yoshdagi bolalar o‘z g‘oya va fikrlarini og‘zaki ifodalashni o‘rganadilar. Ular yangi xayoliy olamlarni tasavvur qilganlaridamuammolarni hal qilish va yangi imkoniyatlarni topishni o‘rganadilar. Oddiy ermak bo‘lib ko‘ringan narsa aslida muhim jarayondir. O‘yinga jiddiy yondashing, chunki o‘yin muhim ta’lim jarayonidir. Bolaning oldida gadjetlardan iloji boricha kamroq foydalanishga harakat qiling. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bunday holatlarda bolalar o‘zlarini kamroq ahamiyatli his qiladilar.
5. Shaxsiy namuna ko‘rsating
Yosh bolalar mohir taqlidchilardir. Ular sizga qarab barcha harakatlaringizni takrorlaydilar. Gapirishni boshlagunlariga qadar ular yuz ifodalaridan ma’lumot o‘qish va so‘zsiz munosabatlarni aniqlay oladilar va ularni takrorlaydilar. Sizning imo-ishoralaringizni, boshqalarga qanday munosabatda bo‘lishingizni yoki turli vaziyat va muammolarga qanday munosabat bildirishingizni kuzatib, kichik bolalar bularni eslab qoladilar va vaqt o‘tishi bilan sizga taqlid qila boshlaydilar: xuddi shunday munosabat bildirish, javob berish va harakat qilishni o‘rganadilar. Sizning xulq-atvoringiz va munosabatingiz farzandingizning shaxsiyatini shakllantiradi.
Kundalik hayotingizda ushbu beshta muhim usulni qo‘llash orqali farzandingizning kelajakda farovon rivojlanish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirasiz. Farzandingizning kelajakda to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi sharoitlarni yaratish moliyaviy imkoniyatlar yoki qimmatbaho ta’lim vositalari bilan bog‘liq emas. Bu sizning vaqtingiz, ishtirokingiz va o‘zaro munosabatingiz darajasiga bog‘liq.