ORTGA Sizning natijangiz 0%

Farzand asrab olish

Farzandlikka olishga faqat voyaga yetmagan bolalarga nisbatan va faqat ularning manfaatlarini koʻzlab yoʻl qoʻyiladi.

Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning (shaxsning) arizasiga koʻra, vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga toʻgʻri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.

Aka-ukalar va opa-singillarni turli shaxslar tomonidan farzandlikka olishga yoʻl qoʻyilmaydi, farzandlikka olish bolalarning manfaatlariga muvofiq kelgan hollar bundan mustasno.

Voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar boʻlishi mumkin.

Quyidagi shaxslar farzandlikka oluvchilar boʻlolmaydi:

► ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;

► muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;

► farzandlikka olganligi bekor qilingan sobiq farzandlikka oluvchilar;

► qasddan sodir qilgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilinganlar.

Farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq oʻn besh yoshdan kam boʻlmasligi shart, oʻgay ota va oʻgay ona tomonidan farzandlikka olish hollari bundan mustasnodir.

Farzandlikka olishda quyidagilar ustunlik huquqiga ega boʻladilar:

► turar joyidan qatʼi nazar farzandlikka olinuvchining qarindoshlari;

► farzandlikka olinuvchi bola oilasida yashayotgan shaxs;

► aka-uka, opa-singillarni ular oʻrtasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar;

► oʻgay ota va oʻgay ona;

► Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;

► kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar.

Oʻn yoshga toʻlgan bolani farzandlikka olish uchun uning roziligi talab qilinadi.

Farzandlikka olishda bolaning roziligi vasiylik va homiylik organlari yoki sud tomonidan farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganda aniqlanadi.

Sudning farzandlikka olish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab oʻn kun ichida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari farzandlikka olinayotganning tugʻilishi qayd etilgan daftarga zarur oʻzgartirishlar kiritishi lozim.

Farzandlikka olingan bolalar barcha shaxsiy va mulkiy huquqlarda farzandlikka oluvchining oʻz bolalariga tenglashtiriladi.