Bolaning himoyaga bo‘lgan huquqlarining qonuniy kafolatlariHar bir bolaga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi, ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslar, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror, sud tomonidan amalga oshiriladi. Voyaga yetguncha qonunga muvofiq to‘la muomalaga layoqatli deb e’tirof etilgan (emansipatsiya) bola o‘z huquqlarini, shu jumladan himoyaga bo‘lgan huquqini mustaqil amalga oshirishga hamda majburiyatlarini mustaqil bajarishga haqlidir. Bola ota-ona va ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan qilinadigan suiiste’molliklardan himoyalanish huquqiga ega. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 241-moddasiga asosan, bolalar o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalari yuzasidan davlat organlariga, tashkilotlarga yoki ularning mansabdor shaxslariga, 14 yoshdan boshlab esa mustaqil ravishda sudga murojaat qilishga haqli. Bunday murojaatlarni bola to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmaganligi sababli ko‘rib chiqmasdan qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganidan, undan xabardor bo‘lgan shaxslar bu haqda bola turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga ma’lum qilishlari shart. Shunday ma’lumotlar olingan taqdirda, vasiylik va homiylik organi bolaning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi shart. Bundan tashqari, bolalarning huquqlarini himoya qilishga vasiylik va homiylik organlari bilan bir qatorda ichki ishlar organlari, prokuratura organlari hamda Bolalar ombudsmani to‘g‘ridan to‘g‘ri mas’ul hisoblanadi. |